Toshkentda Oʻzbekiston JSTga qoʻshilishi jarayoni doirasida donorlar uchrashuvi boʻlib oʻtdi
Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayoni doirasida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan birgalikda donor davlatlar va tegishli xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikni muvofiqlashtirishga qaratilgan uchrashuv oʻtkazdi.
Tadbirdan maqsad respublikaning JSTga aʼzo boʻlish jarayonida texnik yordam loyihalarini amalga oshirishning hozirgi holatini muhokama qilish hamda bajarilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirishdan iborat.
Uchrashuvda JST kotibiyati, BMTTD, UNCTAD/WTO Xalqaro savdo markazi, USAID, Koreya xalqaro iqtisodiy siyosat instituti (KXISI), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining 50 dan ortiq vakillari, shuningdek xorijiy davlatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi.
Oʻzbek tomoni ishtirokchilarga Oʻzbekistonning Tashkilotga aʼzo boʻlishining hozirgi holati va istiqbollarini, shu jumladan JST ishchi guruhining 2022-yil iyun oyida muvaffaqiyatli oʻtkazilgan 5-yigʻilishining asosiy natijalarini taqdim etdi. Shuningdek, JST kotibiyati bilan tegishli hujjatlarni tayyorlash va muzokaralar jarayonini ilgari surish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.
BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy vakili Matilda Dimovska oʻz nutqida Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish doirasida amalga oshirgan ishlariga yuqori baho berdi. BMTTD doimiy vakiliga koʻra, mamlakatning ushbu intilishlari barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishni ragʻbatlantiradi hamda iqtisodiy oʻsish va aholi farovonligini taʼminlashga qaratilgan savdoni erkinlashtirish islohotlarini chuqurlashtiradi.
Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi Delegatsiyasi hamkorlik boʻlimi rahbari Fransua Bejo uchrashuv oʻzaro fikr almashish, Oʻzbekistonga JSTga qoʻshilishda koʻrsatilayotgan yordam samaradorligini yanada oshirish boʻyicha takliflarni muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyat boʻlganini taʼkidladi. Ekspert Yevropa Ittifoqining bu jarayonda toʻliq qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
JST kotibiyatining Tashkilotga aʼzo boʻlish departamenti direktori Maika Oshikava Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilishi boʻyicha Ishchi guruhining 5-yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonida Oʻzbekiston tomoni olib borgan faol va tizimli saʼy-harakatlari, shuningdek, yaqin kelajakda respublikaning Tashkilotga qoʻshilish jarayonini yanada jadallashtirish vazifalari haqida soʻzlab berdi.
Tadbirning asosiy qismida xalqaro tashkilotlar va donor mamlakatlar, jumladan BMTTD, XSM, KXISI, GIZ vakillari soʻzga chiqib, texnik yordam loyihalarini amalga oshirish doirasida shu kungacha bajarilgan ishlar va navbatdagi tadbirlar haqida maʼlumot berdilar. Ekspertlar Oʻzbekiston Respublikasining Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishi boʻyicha ishchi guruhining 5-yigʻilishi samaradorligini yuqori baholadilar.
Tadbir yakunida Oʻzbekiston rivojlanishining ustuvor yoʻnalishlari va vazifalarini hisobga olgan holda, respublikamizning JSTga aʼzo boʻlishini qoʻllab-quvvatlash borasida donorlar urgʻu beradigan texnik yordam tadbirlarini samarali muvofiqlashtirishga kelishildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- “Loʻlilar faqat tilanchimi?...” Ular yashayotgan mahalladan fotoreportaj
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring