Toshkentda nurli diagnostika sohasidagi soʻnggi yutuqlar muhokama qilindi

00:32 01 Aprel 2023 Jamiyat
467 0

Toshkent shahridagi M. Fedorovich nomidagi klinik sanatoriyda “Oʻzbekiston Respublikasida nurli diagnostika rivojlanishining dolzarb masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston, Rossiya, Niderlandiyadan kompyuter tomografiyasi (KT) va magnit-rezonans tomografiyasi (MRT) sohasidagi mutaxassislar ishtirok etdi. Ikki kunlik tadbir davomida ishtirokchilar zamonaviy nurli diagnostikaning nazariy jihatlarini muhokama qilibgina qolmay, yuksak texnologik jihoz qanday ishlashini amalda koʻrishga ham muvaffaq boʻldilar.

Ilmiy-amaliy konferensiyaning birinchi kunida ishtirokchilar spektral KTning yurak va tayanch-harakat apparatini tekshirishda, onkologik amaliyotda u qanday qoʻllanilishi mumkinligi haqida soʻz yuritdilar, shuningdek MRT yordamida murakkab diagnostik vazifalarni hal qilish usullarini tahlil qildilar. Ikkinchi kun mutaxassislar qiziqarli klinik holatlarni tahlil qildilar va innovatsion tibbiy jihoz va dasturiy taʼminot amaliyotda qanday qoʻllanilishining shohidi boʻldilar.

Konferensiyaga tibbiyot fanlari doktori, oliy toifali vrach-rentgenolog Muzaffar Maqsudov moderatorlik qildi. Tadbirning asosiy qismida esa Rossiya SSV “FYUK MTTM” FDBM, “M,F.Vladimirskiy nomidagi Moskva viloyati ilmiy-tadqiqot klinik instituti” MV FDBM, Bakulev nomidagi YUQJ ITTMning yetakchi vrach-rentgenologlari, shuningdek, “Philips” kompaniyasining KT va MRTni qoʻllash boʻyicha mutaxassislari chiqish qildilar.

— Mana 97 yildirki, M. Fedorovich nomidagi klinik sanatoriyda yuksak darajadagi tibbiy yordam koʻrsatiladi. Bu yerda turli mamlakatlardan tajribali professionallarni jamlay olganimiz va ular uchun tajriba almashish makonini yarata olganimizdan mamnunmiz, — deydi M. Fedorovich nomidagi klinik sanatoriy vrach-rentgenologi, tibbiyot fanlari doktori Muzaffar  Maqsudov. Aminmanki, konferensiya ilgʻor texnologiyalar va uslublar haqidagi bilimlarni kengaytirishga yordam berib, mutaxassislarga oʻz tajribalarini boyitish imkonini berdi, bu esa, pirovardida, mamlakatda tibbiy yordam yanada yuqori darajaga koʻtarilishiga sabab boʻladi

— M. Fedorovich nomidagi klinik sanatoriy – Oʻzbekiston Respublikasidagi xususiy tibbiyot sohasining yetakchilaridan biri, — deydi “Philips Sogʻliqni saqlash”ning Markaziy Osiyoda biznesni rivojlantirish yoʻnalishining rahbari Aleksandr Madrahimov. — Bu yerda mijozlar har doim sifatli va aniq diagnostikaga umid bogʻlashlari mumkin va biz uchun tibbiy muassasa vrachlari oʻz faoliyatlarida “Philips” innovatsiyalaridan foydalanishlari muhimdir. Bu yerda mavjud jihozlarning imkoniyatlari standart vazifalar bilan cheklanib qolmaydigan tadqiqotlarni oʻtkazish, shuningdek ilmiy-klinik faoliyat bilan shugʻullanish imkonini beradi. Mutaxassislar ham nazariy, ham amaliy masalalarni muhokama qilish imkoniyatiga ega boʻlgan konferensiyaning hamkori sifatida qatnashish katta sharaf. Umid qilamizki, tez orada Oʻzbekistondagi yana koʻplab klinikalar yuksak texnologik diagnostikaning afzalliklarini toʻgʻri baholaydilar.

Maʼlumot oʻrnida: M. Fedorovich nomidagi klinik sanatoriy nafaqat Oʻzbekiston aholisiga, balki undan tashqarida ham yaxshi maʼlum. Mazkur tibbiy muassasa 1926-yildan buyon fizioterapevtik shifoxona sifatida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Bu yerda mahalliy tibbiyotning eng yaxshi anʼanalarini rivojlantirishda davom etib, Niderlandiya, Germaniya, Italiya, Shveysariya, AQSH, Fransiya kabi mamlakatlardagi yetakchi ishlab chiqaruvchi firmalarning eng yangi jihozlari bazasida diagnostika va davolash xizmatlarining keng koʻlamini taqdim etib kelmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер