Toshkentda “Hotel Business Forum-2023” oʻz ishini boshladi

Foto: «Xalq soʻzi»
Joriy yilning 2-mart kuni “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida “Hotel Business Forum-2023” tadbiri boʻlib oʻtmoqda. Tadbirni Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov ochib berdi.
«Mehmonxona biznesi forumi barcha turizm sanoati ishtirokchilarini birlashtirish maqsadida mamlakatimizda xizmat koʻrsatishni rivojlantirish va takomillashtirish, oʻzaro manfaatli hamkorlikning xalqaro standartlari va normalarini joriy etish maqsadida oʻtkazib kelinadi, – dedi vazir. – Shu sababdan mehmonxona industriyasini rivojlantirishning asosiy «lokomotivi» sifatida IT sohasi, ekologiya, xizmatlarni raqamlashtirish, taʼlim va kadrlar masalalarida hamkorlikni mustahkamlash bugungi tadbirning asosiy maqsadidir».
2023-yilgi forum «Mehmondoʻstlik tendensiyalari: xizmat koʻrsatish sohasida hamkorlikdan IT yechimlarigacha. Oʻzbekistondagi mehmonxonalar. Loyihalar va binolar» mavzusiga bagʻishlangan. Unda Shveysariya Konfederatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchisi missiyasi boshligʻi oʻrinbosari Rahel Boesch, Germaniya Federativ Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchisi oʻrinbosari Elis Volken, xalqaro ekspertlar, mehmonxona biznesi vakillari, turoperatorlar, marketologlar, mehmonxona xizmatlarini koʻrsatuvchi provayderlar, global brendlar vakillari ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston Otelerlar Assotsiatsiyasi tomonidan Madaniyat va turizm vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda “Radisson”, “Hilton”, “Accor”, “Marriott”, “Wyndham” kabi dunyoga mashhur xalqaro mehmonxonalar tarmoqlarining mintaqaviy yetakchilari ham qatnashmoqda.
Qayd etish joizki, forumning birinchi kunida qator sessiyalar oʻtkazildi. Mutaxassislar «Mehmondoʻstlikda yashil koʻnikmalar», «Mehmondoʻstlik sohasi sektorini rivojlantirishda yashil iqtisodiyot: Oʻzbekistonda mehmonxonalarni loyihalash va qurishdagi tajriba va muammolar», «Yashil texnologiyalarga sarmoya kiritish: nima uchun barqaror turizm tor tendensiyadan global hodisaga oʻtadi?», «Oʻzbekistonning turizm sohasidagi investitsion jozibadorligi, investitsiya loyihalarini amalga oshirishda davlat tomonidan koʻmaklashish», «Toʻgʻridan-toʻgʻri sotish – Oʻzbekiston mehmonxona biznesidagi yangi tendensiya», «Mehmonxona biznesida xizmatlarni avtomatlashtirish: amaliy tajriba» va boshqa shu kabi dolzarb mavzularda oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashishdi.
Bundan tashqari, tadbirda mehmonxona xizmatlarining yetakchi provayderlari boʻlgan “HoReCa” segmenti uchun toʻliq mahsulot va xizmatlarni taqdim etuvchi Interaktiv B2B koʻrgazmasi tashkil etildi. Koʻrgazma mebel, interyer buyumlari, professional toʻqimachilik, kiyim-kechak, xavfsizlik tizimlarini avtomatlashtirish va boshqa sohalarni qamrab oldi.
“Hotel Business Forum-2023” 3-mart kuni davom etadi. Tadbirning ikkinchi kunidan muhim mavzularni qamrab oladigan sessiyalar, muhokamalar va II Milliy mehmondoʻstlik mukofotini topshirish marosimi oʻrin olgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Hududlarda 34 ta yuqori texnologiyali sanoat loyihalari amalga oshiriladi
- Endilikda muddati oʻtgan tovarlarning sotilishi avtomatik ravishda cheklanadi
- Xorijiy tillarni oʻrganmoqchi boʻlgan yoshlarga “2+6” dasturiga muvofiq subsidiya ajratiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring