Toshkentda 180 dan ortiq mamlakat parlamentlari rahbarlari yigʻiladi

13:35 23 Mart 2025 Jamiyat
1616 0

Toshkent shahrida Markaziy Osiyo tarixida ilk marotaba Parlamentlararo ittifoqning 150-yubileyi boʻlib oʻtadi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, mazkur anjuman 2025-yilning 5-9-aprel kunlari oʻtkaziladi. Forumda 181 ta mamlakat, 15 ta kuzatuvchi davlat hamda 25 dan ortiq xalqaro va parlamentlararo tashkilotdan 2 mingga yaqin delegatlar ishtirok etishi kutilmoqda. Tadbirni prezident Shavkat Mirziyoyev ochib beradi.

Bildirilishicha, yigʻilishning asosiy mavzusi “Ijtimoiy rivojlanish va adolat uchun parlament harakati” boʻlib, unda kambagʻallikni bartaraf etish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy inklyuziyani qoʻllab-quvvatlash va qaror qabul qilish jarayonida kamsitilgan guruhlar ishtirokini oshirish kabi masalalar muhokama qilinadi.

Parlamentlararo ittifoq saytida maʼlum qilinishicha, assambleya doirasida ittifoqning boshqa barcha organlari, jumladan, uning toʻrtta tematik doimiy qoʻmitasi, Yosh parlament aʼzolari forumi, Parlament aʼzolarining inson huquqlari boʻyicha qoʻmitasi, Yaqin Sharq boʻyicha qoʻmita va Ukrainadagi urushni tinch yoʻl bilan hal qilish boʻyicha ishchi guruh chaqiriladi.

Maʼlumot uchun, Parlamentlararo ittifoq — milliy parlamentlarning butunjahon tashkiloti boʻlib, 1889-yilda barcha davlatlar oʻrtasida hamkorlik va muloqotni rivojlantirish maqsadida dunyodagi birinchi koʻp tomonlama siyosiy tashkilot sifatida tashkil etilgan.

Parlamentlararo ittifoqning ilk yigʻilishi 1889-yili Parijda oʻtkazilib, unda toʻqqizta davlat deputatlari ishtirok etgan. Bugungi kunda ittifoq 181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy parlament organlarini birlashtiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер