Toshkent shahrida “prava” olib berishni vaʼda qilgan PPX inspektori ushlandi

10:03 17 Iyul 2025 Jamiyat
164 0

Toshkent shahrida haydovchilik guvohnomasini olib berish evaziga 1 ming 500 dollar talab qilgan inspektor ushlandi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, Toshkent shahar IIBB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasining Patrul-post xizmati inspektori xizmat mavqeyini suiisteʼmol qilgan holda oʻzganing ishonchiga kirib, uning Navoiy viloyatida yashovchi, 1995-y.t. tanishini davlat imtihonidan muvaffaqiyatli oʻtkazib, unga haydovchilik guvohnomasini olib berishini aytgan.

DXX Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida Yunusobod tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda inspektor 1 ming 500 AQSH dollari va kirish imtihoni uchun toʻlanishi lozim boʻlgan 1 million 900 ming soʻm pul mablagʻlarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

“Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?