Toʻrtkoʻl – yuraklarda sezilayotgan oʻzgarishlar

14:56 26 Dekabr 2025 Jamiyat
251 0

Qoraqalpoq xalqining klassik shoiri Ajiniyoz bobomiz: “Bu dunyoning koʻrki odam bolasi”, deya tarannum qilgandek yurtimizdagi har bir inson eʼtibor va qadr-qimmat bilan yashashga haqli. Prezidentimizning avvalo inson va uning manfaatlarini koʻzlab olib borayotgan islohotlari tufayli Qoraqalpogʻistonning har bir hududida ulkan oʻzgarishlar sezilmoqda. Yangilanish va taraqqiyot sari dadil qadam qoʻyayotgan hududlardan biri sifatida Toʻrtkoʻl tumani oʻzgarishlari bilan alohida ajralib turibdi. Bu yerda yoʻl infratuzilmasi, qishloq xoʻjaligi, ijtimoiy sohalar va sanoatda olib borilayotgan islohotlar yaqqol koʻzga tashlanadi. Yangi yoʻllar aholini bir makondan ikkinchisiga qulay olib oʻtsa, zamonaviy korxonalar va ijtimoiy obyektlar turmush tarzini yaxshilamoqda.

– 2023-yil 8-avgustda qabul qilingan “Qoraqalpogʻiston Respublikasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmon tumanimiz hayotida yangi sahifa ochdi, – deydi Toʻrtkoʻl tumani hokimligi boʻlim boshligʻi Sanʼatbek Xudayshukurov. – Farmon ijrosi doirasida 11 nafar tadbirkorga biznes loyihalarini amalga oshirish uchun yer maydonlari ajratilib, yangi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlariga poydevor qoʻyildi. Natijada investitsiyalar kirib keldi, ish joylari ochildi, aholi bandligi taʼminlandi. Tadbirkorlarimiz tashabbus bilan chiqyapti, yangi gʻoyalarini amalga oshiryapti.

Bu yangilanishlar nafaqat iqtisodiy koʻrsatkichlarda, balki har bir oila hayotida ham oʻz ifodasini topmoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning 2024-yil 9-fevraldagi “Qoraqalpogʻiston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ham tuman sanoatiga yangi nafas olib kirdi. Imtiyozlar tufayli 30 ga yaqin zamonaviy ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilib, 534 ta ish oʻrni yaratildi. Yangi ish oʻrinlari oilalarning turmush tarzini yaxshilashga xizmat qilmoqda, bolalar maktabga qulay shart-sharoitda boryapti, aholi tibbiy xizmatdan foydalanishda osonlikka ega boʻldi. Tadbirkorlar esa oʻz gʻoyalarini amalga oshirib, mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishda faol ishtirok etmoqda.

— Oldin tadbirkorlikni boshlashni oʻylasak, avval yer maydonini auksionda sotib olishimiz kerak edi, — deydi tadbirkor Quvatbek Mirzayev. — Hozir tumanimizda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar tufayli savdo doʻkoni quriladigan maydonni investitsiya kiritish sharti bilan auksionsiz ajratib berishdi. Qurilish ishlari jadal olib borilmoqda, tez orada savdo markazimiz ishga tushirib, koʻplab hudud aholisi bandligini taʼminlashga hissamizni qoʻshamiz.

Yaratilayotgan imkoniyatlar Toʻrtkoʻlda oldin kuzatilmagan yangi ishlab chiqarish korxonalari barpo etilishiga asos solmoqda. Shu yoʻnalishda eng koʻzga tashlanarlisi — “Ulli bogʻ” ovul fuqarolar yigʻini hududida ochilgan korxona boʻlib, u 12 turdagi qurilish mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Korxona qurilish sohasi uchun zarur boʻlgan sifatli mahsulotlarni taqdim etadi. Hozirda 20 dan ortiq mahallalar fuqarosi ish bilan taʼminlangan boʻlsa, loyiha toʻliq ishga tushgach yana 150 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

– Bizning korxonalarimiz uchun yaratilgan imkoniyatlar ishlab chiqarishni kengaytirish va aholi bandligini taʼminlashga xizmat qilmoqda, — deydi ish yurituvchi Erkin Abdullayev. — Mahsulotlarimiz hozirda nafaqat Qoraqalpogʻiston boʻylab, balki qoʻshni viloyatlarga ham yetib bormoqda. Kelgusi yilda esa eksportga chiqarishni maqsad qilib, mahsulotlarimiz sifati va turlarini yanada oshirishni rejalashtirmoqdamiz.

Davlatimiz rahbarining tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va aholining farovonligini taʼminlashga qaratilgan har bir farmon va qarori toʻrtkoʻllik tadbirkorlarni yangi tashabbuslarga ruhlantirmoqda. Ijtimoiy sohada ham sezilarli oʻzgarishlar kuzatiladi. Maktab va taʼlim muassasalari rekonstruksiya qilinib, zamonaviy tibbiy xizmat yoʻlga qoʻyildi, sport maydonlari barpo etildi.

— Bugungi yangilanishlar xalqning oʻz turmushidan rozi boʻlib yashashiga sabab boʻlyapti, — deydi nuroniy Abdulla Sultonov. — Tadbirkorlik sohalari bilan birga ijtimoiy obyektlarning yangilanishi, yoʻl va infratuzilmalarning rivojlanishi aholi hayotining sifati oshishiga xizmat qilmoqda. Oldinlari asosan agrar hudud sanalgan tumanimizda bugungi kunda koʻplab sanoat obyektlari ham faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda tumanda qiymati 455,7 milliard soʻm boʻlgan 50 dan ortiq loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan, natijada 1148 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Joriy yilda Toʻrtkoʻldagi oʻzgarishlar nafaqat koʻzga koʻrinmoqda, balki har bir uy va koʻchada ham hayotni yuritmoqda. Yoʻllar eng oddiy kundalik harakatni ham osonlashtirsa, yangi parklar, sport maydonlari va dam olish maskanlari xalq hayotiga quvonch va serquvvat energiya olib kirmoqda. Maktablar va korxonalar zamonaviylik va samaradorlikni oʻz ichiga olgan holda har bir oila hayotini munosiblashtirmoqda. Tibbiy xizmatning qulayligi va tezkorligi esa xalqni ishonch va tinchlik muhitida yashashga imkon beradi.

Har bir tadbirkor uchun Toʻrtkoʻl yangi imkoniyatlar maydoni, har bir oila uchun esa umid va ishonch manbaiga aylandi. Bugungi yangilanishlar nafaqat sanoat va infratuzilmani rivojlantirmoqda, balki odamlar qalbidagi umid va ishonchni ham kuchaytirmoqda.

Gʻayrat Otajonov

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?