Til yorar Besarang handalaklari

18:03 28 May 2025 Jamiyat
218 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Toshloq tumani markazidan 15 km olisda va qoʻshni Yozyovon tumani bilan chegaradosh hududda joylashgan “Besarang” MFY ahli azaldan dehqonchilikdagi mirishkorligi bilan mashhur. Katta Fargʻona kanali boʻyida joylashgan besarangliklar uzoq yillar mobaynida oʻz tomorqalarida mazasi til yorar handalak yetishtirib, Fargʻona vodiysida tilga tushgan. Bugungi kunda intensiv usulda eksportbop qovun yetishtirish mahalla drayveri hisoblanadi.

Hozirgi kunda mahalladagi 1026 ta oilada 4226 nafar aholi istiqomat qiladi. Besarangliklar usta dehqonlari, shu bilan birga uzoq umr koʻruvchi pir-u badavlat insonlari ham tanilgan. Bu mahallada bir asrlik umr dovonidan oʻtgan nuroniylar koʻpchilikni tashkil etadi.

Ibodat aya Qodirova bugun mahallaning ana shunday kayvoni, duogoʻy onalari sirasiga kiradi. Salkam 90 yoshli onaxon 9 nafar farzandni tarbiyalab, elga qoʻshdi. Oʻz vaqtida mohir handalak yetishtiruvchi boʻlgan oilaning barcha farzandlari oʻqimishli, dehqonchilikda yangilikka intiluvchi va intensiv gʻoyalar tashabbuskori.

Farzandlarining biri muhandis, biri texnolog. Oʻzi bilan birga yashovchi Ixtiyorjon oʻgʻli Besarangda Niderlandiya qovuni ekilishi va ommalashishi tashabbuskori boʻlgan. Xalq seleksioneri bugungi kunda ushbu mamlakatning jahon bozorida xaridorgir yana bir navi urugʻini olib kelib, oʻz tomorqasida ilmiy-amaliy tajribalar oʻtkazmoqda. Agar ushbu qovun navi ham mahalliy iqlim sharoitiga tez moslashib olsa, keng miqyosda ekish uchun mahalladoshlariga tavsiya etadi.

— Rahmatli onam 105, otam 96 yoshga kirib oʻtgan, — deydi Ibodat aya. — Ota uyida ham 9 nafar farzand ulgʻayganmiz. Hozir 92 yoshga kirgan akam bor. Tez-tez bir-birimizni yoʻqlab, jigarchilik mehridan bahramand boʻlib turamiz.

Onaxonning aytishicha, Besarangda uzoq umr koʻruvchilar koʻpligi ularning mehnatkashligi va samimiyligi bilan bogʻliq. Bu yerda hamma bir-birini taniydi va oʻzaro mehr-oqibatli. Qoʻni-qoʻshnichilik munosabatlari juda yaxshi.

— Katta hovlida nabira kelinim bilan birga yashayman, — deya suhbatimizni davom ettiradi fayzli xonadon sohibi. — Kasal boʻlib, bir joyda oʻtirib qolmaslik uchun har kuni mahalla boʻylab sayrga chiqaman. Koʻpincha chevaramni aravachaga solib berishadi. Shu ermak bahona koʻchada qadrdon odamlarni koʻrib kayfiyatim koʻtariladi. Bolalardan bobosi yoki buvisining ismini soʻrayman, shu orqali kimning avlodi ekanligini bir zumda tanib olaman.

Tomorqada roʻzgʻorga bakor keladigan hamma narsa bor. Bu oila bozordan deyarli hech narsa sotib olmaydi. Mevalar, qovun, bodring, koʻkatlarning ilk hosilini onaxon qoʻshnilariga tarqatdi. Sigiri bolalaganda esa kelini orqali yangi sogʻilgan sutni bir hafta navbati bilan mahalladagi nuroniylarga olib kirishni tayinlaydi. Onaxonning taʼbiricha, bu kabi ehson, muruvvat yurtda baraka va fayz boʻlishini taʼminlaydi.

Ibodat aya bir umr qishloq xoʻjaligida ishladi. Hayoti ogʻir va mashaqqatli mehnat bilan oʻtgan boʻlsada, hamon juda bardam, hayotsevarligi bois tinib-tinchimaydi.

— Bir hovuch yerda rayhon parvarishlab, uning xushboʻy iforidan toʻyib-toʻyib nafas olganda barcha charchoqlar unutiladi, — deydi Ibodat aya. — Halol mehnat qilgan odam kam boʻlmaydi. Shu bois bolalarim qanday ishda faoliyat koʻrsatmasin, hamisha astoydil dehqonchilik qilishga undayman. Odam birovdan umidvorlik kayfiyati bilan yashamasligi kerak.

Mahalla bolalari momoni juda yaxshi koʻradi. Bu bejiz emas, albatta. Chunki mehribon buvijonning choʻntagida doimo quritilgan meva qoqilari, mayiz, qand-qurs boʻladi. Kelini yangi non yopganida, kichkintoylar uchun alohida kulcha nonlar tayyorlatadi. Xonadonida qoʻshni bolalarni yigʻib, issiq non va novvot choy bilan mehmon qiladi. Momoning eski sandigʻida yilning toʻrt faslida ham toza asal, qandak oʻrik, holva qand topiladi. Ombordagi tabiiy muzlatgichda uzum, anor, olma, behi, xurmo kabi mevalarni saqlaydi.

— Ibodat aya chin maʼnoda Besarangning fayzi, — deydi mahalla raisi Dilmurod Qosimov. — Turli bayram tadbirlari, toʻy-maʼrakada onaxonimiz doimo davra toʻrida oʻtiradi. Maroqli suhbatini eshitib toʻymaysiz. Shu sababli hazilomuz ohangda, Ibodat onani mahallaning tirik tarixi, deymiz.

Bir piyola choy ustida maza qilib suhbatlasharkanmiz, momo oʻz qoʻllari bilan yangi uzilgan qovun bilan mehmon qildi. Mehrini dasturxonga poyandoz qilib siyladi. Xayrlashish chogʻida juda eski, lekin hech qachon eskirmas, ibratli bir gapni aytdi:

— Aslida yarim kosa obiyovgʻon bilan odamning qorni toʻyadi. Ammo gʻanimat dunyoda xonadoningizga yoʻqlab keluvchi aziz inson xuddi dunyoni olib bergandek boʻladi. Ota-bobolardan meros mehr-oqibat tuygʻulari aslo zavol topmasin. Biz hamisha mehmonga muntazirmiz, bizni yoʻqlab kelsalaring boshimiz koʻkka yetadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?