Termiz jamoat transporti yangi bosqichga qadam qoʻydi

16:38 04 Noyabr 2025 Jamiyat
338 0

Surxondaryo viloyatiga Xitoyning “Zhongtong Bus” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 35 ta zamonaviy, ekologik toza va barcha qulayliklarga ega avtobuslar yetkazib kelindi. Ushbu transport vositalari Termiz shahrida yoʻlovchi tashish tizimini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Yaqinda faoliyatini boshlagan “Manguzar” avtoshohbekatida yangi avtobuslarni foydalanishga topshirishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov, “Zhongtong Bus” kompaniyasi vakillari, transport sohasi mutasaddilari, jamoat faollari hamda nuroniylar ishtirok etdi.

Tantanali marosimda zamonaviy avtobuslar rasman foydalanishga topshirilib, ularning aholiga qulay, tezkor va xavfsiz xizmat koʻrsatishi haqida maʼlumot berildi.

— Jamoat transportini rivojlantirish nafaqat shahar infratuzilmasini yaxshilash, balki aholi hayot sifatini oshirishga ham qaratilgan muhim yoʻnalishdir, — deydi Surxondaryo viloyati transport boshqarmasi boshligʻi Ilhom Ibragimov. — Yangi avtobuslar “Brutto” shartnomasi asosida ishlaydi, bu esa qatnovlarning samaradorligini oshirish, xizmat sifati ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish imkonini beradi. Biz kelgusida ham parkni yangilash va yoʻnalishlarni optimallashtirish boʻyicha ishlarni davom ettiramiz. Yaqin istiqbolda raqamli bilet tizimini joriy etish va yangi yoʻnalishlar ochish rejalashtirilgan.

Tadbirda taʼkidlanishicha, yangi avtobuslar shahar aholisi uchun qulay va arzon transport xizmatlarini tashkil etish, tirbandliklarni kamaytirish hamda atrof-muhitga salbiy taʼsirni qisqartirishga xizmat qiladi.

Termizdagi transport tizimidagi yangilanishlar shahar aholisi uchun nafaqat qulaylik, balki zamonaviy hayot tarziga xos yangi madaniyat — barqaror, xavfsiz va ekologik toza harakatlanish imkoniyatini ham yaratishi shubhasiz.

Farhod ESONOV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?