Termiz shahriga ham yangi hokim tayinlandi

12:48 23 May 2025 Siyosat
206 0

Foto: Surxondaryo viloyati hokimligi

Sharofiddin Usanovich Lolayev Termiz shahri hokim etib tayinlandi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 23-may kuni Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi oʻtkazilgan. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulugʻbek Qosimov ishtirok etib, shaharni har tomonlama rivojlantirish yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlar, qoʻlga kiritilgan yutuqlar, kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan ishlar haqida soʻz yuritgan.

Shuningdek, sessiyada tashkiliy masala ham koʻrib chiqilgan: Termiz shahri hokimi Oʻktam Ismoilovich Toʻrayev boshqa ishga oʻtgani munosabati bilan lavozimidan ozod qilingan. Shundan soʻng viloyat rahbari taklif etgan nomzod – Sharofiddin Usanovich Lolayev deputatlar tomonidan Termiz shahri hokimi etib tasdiqlangan.

Sessiyada viloyat rahbari yangi hokimga Termiz shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash, aholi turmush darajasini oshirish yuzasidan vazifalarni yukladi hamda yangi lavozimdagi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.

Maʼlumot uchun, Sharofiddin Lolayev 1987-yilda Surxondaryo viloyatining Qumqoʻrgʻon tumanida tugʻilgan. 2015-yilda Termiz davlat universitetini bakalavr, 2021-yilda magistr darajasini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida Surxondaryo viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi boʻlim boshligʻi, bosh inspektori, birinchi oʻrinbosari, shuningdek, Denov tumani va Termiz shahar hokimining oʻrinbosari kabi masʼuliyatli lavozimlarda ishlagan. Tayinlovga qadar Surxondaryo viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi vazifasida faoliyat yuritgan.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Abdulla Abdumoʻminovich Mamatqulov Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumaniga hokim etib tayinlangandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер