Teatrga nega bormay qoʻydik?

17:21 10 Noyabr 2025 Jamiyat
349 0

Fargʻona shahridagi maktablardan birida tarix fani oʻqituvchisi Shoiraxon Nazirova yaqinda bir guruh oʻquvchilarini olib, viloyat musiqali drama teatri spektakliga tushdi. Taassurotlar hayajonli.

— Teatr – moʻjiza. Bir necha yildan beri shu zavqli olamdan uzilib qolganimdan pushaymonman, — deydi muallim. — Oʻquvchilarim behad mamnun. Ular har oyda bir marta boʻlsayam teatrga tushishni niyat qilganini aytishdi. Bu taklifdan xursandman. Endi bu sehrli olamdan uzilib qolmaymiz. Bitta spektal besh kunlik dunyoda hayotning maʼno-mohiyati, inson umrining asl qadr-qimmatini anglatib qoʻygandek.

Darhaqiqat, teatr aktyor va tomoshabin oʻrtasidagi jonli muloqot. Tomosha zalida oʻtirgan odam ijodkorning koʻz qarashi, yurak urishi, har bir xatti-harakatini teran his qiladi. Sahnadagi aktyor kulsa kuladi, yigʻlasa koʻz yoshi sel boʻladi...

– Har bir sahna asari tomoshabin uchun unutilmas hayotiy saboq, – deydi taniqli dramaturg Saydali Odilov. – Ezgu tuygʻularni tarbiyalaydi. Bugungi dolgʻali zamonamizda muntazam ravishda teatrga oshno boʻlish nafaqat maʼnaviy yuksalishimiz, balki sogʻligimiz uchun ham foydali.

Ammo bugun oramizda teatrdan bebahra oilalar koʻp. Afsuski, toʻy-maʼraka, gap-gashtaklarda soatlab oʻtirishga vaqt topiladi, lekin teatrga kelganda esa... Eng zavqli madaniy hordiq uchun vaqt ajratish masalasida tanballik qilamiz.

– Hozirgi kunda teatrga tomoshabin jalb etish masalasi eng ogʻriqli muammoga aylangan, – deydi Fargʻona viloyati musiqali drama teatri rahbari Eminjon Oʻrinov. – Shu sababli koʻproq byudjet tashkilotlari, taʼlim muassasalari, korxona-tashkilotlarga borib, rahbardan iltimos qilish orqali jamoaviy tashriflarni tashkil etishga harakat qilyapmiz. Boisi hamyurtlarimizning oʻz ixtiyori bilan teatrga kelish koʻrsatkichi juda kam.

Birgina joriy yilning uchinchi choragida teatr ijodiy jamoasi tomonidan 69 ta spektakl namoyish etilib, unga 25 ming tomoshabin jalb etilishiga erishildi. Bu orqali gʻaznaga 103 million soʻm tushum boʻldi. Bir yil uchun 4 ta yangi spektakl sahnalashtirish rejasi belgilangan. Shu kunlarda “Oʻgʻrini qaroqchi urdi”, “Laylaklar nolasi” nomli yangi spektakllar tomoshabinlar eʼtiboriga havola etilmoqda. Teatr jamoasi uchun bir yilda 390 ta spektakl namoyish etish, 140 ming tomoshabin jalb etish rejasi belgilangan. Vaholanki, bir yil 365 kundan iborat boʻlsa, gastrol safarlari, ijodiy taʼtillar davri bor.

— Teatr tomoshabin bilan tirik, — deydi Oʻzbekiston xalq artisti Yorqinoy Hatamova. — Teatrimizning oʻziga xos “tashrif qogʻozi”ga aylangan “Temir xotin”, “Toshkentga sayohat” kabi spektakllarini qayta tiklash lozim. Hozirda oʻzbek va jahon adabiyoti, dramaturgiyasining noyob asarlarini sahnalashtirish boʻyicha amaliy saʼy-harakatlarga kirishilgani eʼtiborga loyiq. Yaqinda Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” asarini sahnalashtirish rejalashtirilmoqda.

Fargʻona viloyati madaniyat boshqarmasi mutaxassisi Murodjon Kamoliddinovning aytishicha, joriy yilning oʻtgan davrida viloyatdagi musiqali drama, rus drama, qoʻgʻirchoq, Margʻilon shahar musiqali maqom va Qoʻqon shahar musiqali drama teatr tomonidan oʻz binosida 820 ta, gastrol va koʻchma namoyishlarda 558 ta spektakl tomoshasi tashkil etildi. Natijada mazkur spektakllarni koʻrishga 402 ming tomoshabin qamrab olindi. Bu viloyat aholisining oʻrtacha 10 foizi deganidir.

Fargʻona viloyati teatrlari ijodiy jamoalari tomonidan milliy bayramlar, “Ochiq eshiklar” kuni munosabati bilan tomoshabinlar uchun sahna asarlari bepul namoyish etilmoqda. Bu yil ham viloyat teatrlarida 10 ta yangi asar sahnalashtirilib, navbati bilan tomoshabinlar eʼtiboriga havola qilinmoqda. Viloyat teatrlariga spektakllarni sahnalashtirish uchun Toshkent shahridan mahoratli rejissyorlar ham taklif etilyapti. Zamonaviy mezonlar asosida faoliyat yuritishda ijodiy hamkorlik ham muhim ahamiyatga ega. Shu yil viloyat teatrlarining qoʻshni va qardosh mamlakatlarga 8 ta xalqaro gastrol safarlari uyushtirilgani eʼtiborga loyiq. Viloyat teatr jamoasi xalqaro miqyosda oʻtkazilgan nufuzli tanlovlarda gʻoliblikka erishdi.

Ayni oʻrinda maʼrifatparvar Mahmudxoʻja Behbudiyning “Teatr – ibratxonadir” degan purmaʼno fikrini eslash joiz. Bu hech qachon oʻz ahamiyatini yoʻqotmaydigan haqiqatdir.

Botir MADIYOROV

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?