Tarixga tutilgan tilsim
Qachon bormang, muzeylar bizga oʻtmishdan xabar beruvchi oynadir. Ular nafaqat qadimgi asarlarni saqlaydi va tarixiy voqealarni yorqin namoyish etadi, balki har birimizga oʻtmishni his qilish, uning sirli va muhim lahzalarini anglash imkonini beradi.
Nukus shahridagi koʻrkam va mahobatli muzeylardan biri — Berdaq nomidagi Qoraqalpoq adabiyoti tarixi davlat muzeyidir. Ushbu muzeyga kirgan har bir kishi qadimiy qoʻlyozmalar va asarlar orqali tarixiy voqealarni oʻz koʻzi bilan koʻradi. Bino Sharq meʼmorchiligi namunasida barpo etilgan, old qismida sakkiz qator ustunlar joylashtirilgan va devorlari Sharqning yetti buyuk donishmand va shoirlari — Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Maxtumquli, Abay, Berdaq, Jiyen Jirov va Kunxoʻjalar siymolari bilan bezatilgan. Muzey bir katta va oltita kichik gumbazdan iborat. Muzeyning ichki devorlarida qoraqalpoq xalqining butun tarixi, milliy oʻzligi va madaniy merosi aks ettirilgan. Shuningdek, muzeyda saqlanayotgan qoʻlyozmalar, kitoblar va bebaho eksponatlar mahalliy hamda xorijiy sayyohlarning diqqatini tortadi.
– Yaqinda Islom sivilizatsiyasi markaziga bordim, — deydi muzey direktori Sharigul Payzullayeva. — U yerda Qoraqalpogʻiston hududidan topilgan qadimgi meʼmoriy yodgorliklar — “Qoʻyqirilgan qalʼa”, “Qirq qiz qalʼa”, “Tuproq qalʼa”, “Ayaz qalʼa”, “Oybuyir” meʼmoriy yodgorliklariga oid eksponatlar bilan tanishdim. Qadimgi Qiyot shahrida tugʻilgan buyuk olim Abu Rayhon Beruniyning ilmiy merosi, Ajiniyozning gʻoyalarini mujassam etgan sheʼrlari, qoraqalpoq qizlarining milliy kiyimlari, yuzlariga mos taqinchoqlar va nafis naqshlar bilan bezatilgan koʻk koʻylaklari namoyish etildi. Bularni koʻrib, oʻz adabiyot muzeyimda ham tashrif buyuruvchilar uchun “multimediali LED-ekranli ekspozitsiya” tashkil etib, har bir qoʻlyozma, har bir sheʼr va har bir eksponat orqali oʻtmish va hozirni his qilishlariga imkon yaratishni niyat qildim.
Muzeylar — bu faqat sirli koʻrgazmalar va bebaho eksponatlar joyi emas. Ular insonni oʻtmishga olib boruvchi, tarix va madaniyat bilan bogʻlaydigan koʻpqirrali makon hisoblanadi. Ular orqali biz uzoq davrlardan kelgan voqealar, xalqning gʻoyalari va milliy ruhi bilan tanishamiz.
– Tarixiy, arxeologik va meʼmoriy yodgorliklarni muzeylashtirish masalasi ham dolzarb, – deya davom etadi Sh. Payzullayeva. – Buning uchun ekspozitsiyada yodgorliklar haqida toʻliq maʼlumotlar jamlanishi, ularning suratlari va maketlari joylashtirilishi lozim. Shuningdek, ushbu yodgorliklar haqida xalq orasida saqlanib qolgan rivoyat va afsonalar, taniqli shoir va yozuvchilarning asarlari haqida ham maʼlumot berib borish zarur. Masalan, Qoraqalpogʻistonda “Qirq qiz” nomli tarixiy-meʼmoriy yodgorlik mavjud. Qirq qizlarning mardligi va jasoratini tarannum etuvchi “Qirq qiz” qoraqalpoq xalq dostoni mashhur. Shuningdek, “Ayaz qalʼa” haqida Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq shoiri Ibrayim Yusupov tomonidan asar yaratilgan. Nazlimxon suluv qoraqalpoq adabiyotida sadoqat timsoli sifatida tasvirlanib kelinadi. Bu mavzuda Qoraqalpogʻiston xalq shoirlari T.Seytjanov va Q.Davletnazarovlar ham asarlar yaratgan. Shuningdek, “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasi tomonidan ushbu mavzularga bagʻishlangan qisqa lavhali filmlar ham suratga olingan.
Hozirgi kunda Prezidentimizning 2017-yil 31-maydagi “Madaniyat va sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizda muzeylar infratuzilmasini rivojlantirish va tarixiy-meʼmoriy yodgorliklarni asrab-avaylash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qoraqalpogʻistondagi muzeylar ham ushbu dasturga kiritilgan boʻlib, ularning ekspozitsiyalari modernizatsiya qilinib, zamonaviy texnologiyalar — interaktiv ekranlar va virtual ekskursiyalar orqali sayyohlar va yoshlar uchun yanada qiziqarli qilib taqdim etilmoqda. Agar muzeyda respublikamiz hududidagi arxeologik yodgorliklar maketlari, suratlari va ular haqidagi maʼlumotlar bilan bir qatorda, qoraqalpoq adabiyoti tarixida xalqimizning eng yirik maʼnaviy boyliklari hisoblangan yodgorliklarning badiiy adabiyotdagi aks etishi ham yoritilsa, tarix yanada jonliroq va qiziqarliroq boʻladi. Muzeyga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar va yurtdoshlarimiz tarixiy-meʼmoriy yodgorliklarning ahamiyatini ularning adabiy tasviri orqali ham tushunish imkoniga ega boʻladilar.
Gʻayrat OTAJON
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Shimol yogʻdusi — moʻjiza emas dahshat. Quyoshda X toifali kuchli chaqnash sodir boʻldi
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
- Toshkentda Osiyo Olimpiya kengashiga yangi rahbar saylandi (+fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring