Tarbiya orqali mamlakatimizda uchinchi Uygʻonish koʻz ochadi
Taʼlim-tarbiya haqida soʻz ketganda, Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir”, degan chuqur maʼnoli fikri yodimizga tushaveradi. Buyuk maʼrifatparvar bobomizning bu soʻzlari asrimiz boshida millatimiz uchun qanchalar muhim boʻlgan boʻlsa, hozirgi vaqtda ham shunchalik, balki undan ham koʻproq dolzarb ahamiyatga ega.
Prezidentimiz tomonidan shu yil 23-avgustda xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “Tarbiya” fanini yaratish va oʻqitish tashabbusi ilgari surilishi ham ana shu hayotiy zarurat bilan chambarchas bogʻliq. Shu maqsadda maktablardagi maʼnaviy-tarbiyaviy ishlarni yangicha asosda tashkil etib, “Milliy gʻoya”, “Odobnoma”, “Dinlar tarixi”, “Vatan tuygʻusi” kabi fanlarni birlashtirgan holda, “Tarbiya” fanini joriy etish zarurligi qayd etildi. Mazkur tashabbus roʻyobi sifatida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 6-iyulda “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida “Tarbiya” fanini bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi va hozir shu asosda keng koʻlamli ishlar olib borilyapti.
Maʼlumki, tarbiya oʻz mohiyat-eʼtibori bilan milliy, umuminsoniy va gumanistik mazmunga egadir. Har bir jamiyat oʻz oldiga yetuk, har tomonlama kamol topgan, oʻzida butun ijobiy, oliyjanob fazilatlarni birlashtirgan avlodni tarbiyalashni orzu qiladi. Tarbiyasi ogʻir, maʼnaviyati qashshoq yoki maʼnaviyatdan mahrum boʻlgan odamdan biror ezgulik kutish mumkin emas. Chunki u yaxshilik va ezgulik haqida umuman oʻylamaydi. Atrofga va hatto ota-onasi, qarindosh-urugʻlari taqdiriga ham befarq, loqayd holda yashaydi. Tarbiyali, maʼnaviyatli inson bugungi kun va kelajak haqida fikr yuritadi, shuningdek, kelgusi hayot va turmushning ravnaqi uchun oʻz hissasini qoʻshishga intiladi. Zotan, bugun xalqimizning “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” buyuk maqsadiga erishuvida maʼnaviyati yuksak, barkamol insonlar zarur.
Mazkur masala oʻta dolzarb boʻlganligidan barcha zamonlar donishlari yoshlar tarbiyasi haqida bosh qotirib kelishgan. Masalan, buyuk yunon olimi Aristotelning “Vatan taqdirini yoshlar tarbiyasi hal qiladi”, degan soʻzlari bor. Zardushtiylik uch asosiy axloqiy qoidaga tayanadi: “Ezgu fikr, ezgu soʻz, ezgu amal”. Shu uchalasiga rioya qilgan odam kamolotga yetgan hisoblangan. Imom Buxoriy bu xususda yana-da yorqinroq soʻz aytgan: “Bolaning tabiati rivojlanishga moyil boʻladi, uni qanday gʻoyalar bilan toʻldirish ota-ona va ustozga bogʻliq”.
Forobiyning taʼlim-tarbiya yoʻllari, usullari, vositalari haqidagi qarashlari ham qimmatlidir. U “Insonda goʻzal fazilatlar ikki yoʻl — taʼlim va tarbiya yoʻli bilan hosil qilinadi. Taʼlim faqat soʻz va oʻrgatish bilangina boʻladi. Tarbiya esa, amaliy ish, tajriba bilan, yaʼni shu xalq, shu millatning amaliy malakalaridan iborat boʻlgan ish-harakat, kasb-hunarga berilgan boʻlishi, oʻrganishidir”, deya taʼkidlaydi. Olim, oʻz navbatida, taʼlimda barcha fanlarning nazariy asoslari oʻrganilsa, tarbiyada maʼnaviy-axloqiy qoidalar, odob meʼyorlari oʻrganiladi, kasb-hunarga oid malakalar hosil qilinadi, deb uqtiradi. Shuning uchun ushbu gʻoyalardan jamiyatning tarbiyaviy-taʼlim salohiyatini mustahkamlashda, maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilashda foydalansa, maqsadga muvofiq boʻladi.
Navoiy inson qadr-qimmati uning mol-mulki, zeb-ziynati, mansabi yoki ijtimoiy kelib chiqishi bilan emas, balki uning maʼnaviy qiyofasi, axloqiy sifatlari, undan elga qanchalik naf tegishi bilan belgilanishini koʻp marta takrorlagan. Shoir sheʼrlaridan birida:
Tut bargichalik qimmating yoʻqmi?
Ipak qurtichalik himmating yoʻqmi?
— deya insonni oʻylashga, oʻylaganda ham oʻz hayotidan kelib chiqib xulosa qilishga chorlaydi. Shu ikki satrda insonning dunyoga kelishidan tortib, bu yorugʻ olamda yashashning tub mohiyat ochib berilgan.
Shoirning quyidagi soʻzlari ham tahsinga sazovor: “Kishilarning soʻz bilan naf yetkazish qoʻlidan kelmasa, loaqal koʻnglidagi andishasi yaxshi boʻlishi kerak. Koʻngli odamlarning xursandligidan xursand boʻlishi lozim. Kimning xalq gʻamidan gʻami boʻlmasa, haqiqiy odam boʻlsang, uni odam dema”.
Bu fikrlarning tub negizida tarbiya yotganligini anglab olish qiyin emas.
Zero, Prezidentimiz taʼkidlab oʻtganlaridek, “Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning asriy qadriyatlarimiz asosida yaratgan “Turkiy “Guliston” yoxud axloq” asari sharqona tarbiyaning noyob qoʻllanmasi sifatida bugungi kunda ham oʻzining qadri va ahamiyatini yoʻqotgan emas. Biz “Tarbiya” fanining nazariy asoslarini ishlab chiqishda mana shunday bebaho asarlardan samarali foydalanishimiz zarur”.
Demak, anglashiladiki, biz “Tarbiya” fanini yaratishda uzoq-yaqin oʻtmishimizda yashab oʻtgan ulugʻ zotlar merosidan, qolaversa, umuminsoniy qadriyatlardan unumli foydalanishimiz kerak boʻladi. Ana shular asosida yaratilgan yangi fan farzandlarimiz tarbiyasida muhim ahamiyat kasb etishi, shubhasiz. Barkamol avlodni tarbiyalash orqali esa oldimizga qoʻygan ulkan maqsadga erishamiz — mamlakatimizda uchinchi Uygʻonish koʻz ochadi.
Abira HUSEYNOVA,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring