Tanzila Narbayeva va XMT Bosh direktori Jilber Ungbo uchrashuvida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

17:48 12 Iyun 2025 Siyosat
199 0

Jeneva shahrida oʻtayotgan Xalqaro mehnat tashkilotining 113-sessiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) Bosh direktori Jilber Ungbo bilan uchrashuv oʻtkazdi. Suhbat davomida tomonlar Oʻzbekiston va XMT oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari holati hamda kelajakdagi istiqbollarni atroflicha muhokama qildilar.

Uchrashuvda XMT bilan har yili mehnat huquqlari va boshqa yoʻnalishlarda imzolanayotgan kelishuvlarning izchil amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Bu boradagi amaliy faoliyat mamlakatda munosib mehnat tamoyillarining mustahkam qaror topishiga xizmat qilayotgani qayd etildi. Xususan, Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilayotgan islohotlar XMTning ustuvor yoʻnalishlari va asosiy tamoyillari bilan toʻliq uygʻun ekani alohida eʼtirof etildi.

Shuningdek, tomonlar “Strategiya – 2030” doirasida Oʻzbekistonda olib borilayotgan chuqur islohotlar, ularning xalqaro mehnat standartlariga mosligi va ijtimoiy barqarorlikni taʼminlashdagi oʻrni haqida fikr almashdilar. XMT rahbariyati bu boradagi yutuqlarni yuksak baholab, Oʻzbekiston tajribasini boshqa mamlakatlar uchun namuna sifatida koʻrib chiqayotganini bildirdi.

Uchrashuv davomida 2021–2025-yillarga moʻljallangan munosib mehnat boʻyicha milliy dastur ijrosining borishi ham muhokama qilindi. Tomonlar dastur doirasidagi chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, institutsional imkoniyatlarni kengaytirish va aholining mehnat huquqlarini taʼminlashga qaratilgan strategiyalarni amalga oshirishda oʻzaro hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

Mazkur uchrashuv Oʻzbekistonning xalqaro mehnat tashkilotlari bilan ochiq va samarali muloqotni davom ettirayotgani, shuningdek, inson huquqlari va mehnat erkinliklari sohasidagi islohotlarga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер