Taniqli ijodkor qutlugʻ yoshda
Foto: Yoshlikjurnali.uz
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, tarjimon va olim Muhammad Ali tabarruk 80 yoshga kirdi.
Ijodkor keng qirrali ijodiy faoliyati davomida 40 dan ortiq kitoblar chop etdi. Sheʼriy kitoblari, dostonlari, pyesalari, tarixiy romanlari va qissalari, hikoyalarini, publitsistik ruhdagi asarlarini xalqimiz sevib mutolaa qilib kelmoqda.
Adib badiiy tarjimada ham salmoqli ijod qilmoqda. Hind eposi “Ramayana”, qoraqalpoq eposlari “Shahriyor”, “Masposhsho”, shuningdek, Hoqoniy, Gyote, Byorns, Shiller, Bayron, Pushkin, Lermontov, Maxtumquli, Berdaq, Abay, Tagor, Hamzatov asarlaridan namunalar ham Muhammad Ali tomonidan oʻzbek tiliga oʻgirilgan. U “Shahriyor” eposi tarjimasi uchun Berdaq nomidagi mukofotga loyiq koʻrilgan.
Ijodkorning asarlari jahonning yigirma beshdan ortiq tillariga tarjima qilingan.
Oʻzining qutlugʻ yoshini nishonlagan ijodkorga mustahkam sogʻliq-salomatlik, omonlik, xotirjamlik tilaymiz. Yangidan-yangi asarlari bilan adabiyot ixlosmandlari qalbini xushnud etaversin!
HAYOT ABADIY
Tom boshida yoyilgan xirmon,
Don shopirar bugʻdoyrang ayol.
Goh koʻzlari boʻlib nigoron
Yiroqlardan chorlaydi shamol.
Gʻuv-gʻuv esib qolar shabada,
Don quyilar gʻalvirdan shov-shuv.
Pastda esa moʻjaz kulbada
Oʻgʻilchasi yotar beuyqu.
Huv narida, togʻlar boshida
Kuylab yotar shalola shov-shuv
Va ayolning shundoq qoshida
Sirgʻanadi shabada gʻuv-gʻuv…
Don shovullar, shovullar xayol,
Mavjudot ham qaytarar sado.
Esishini hech qoʻymas shamol,
Gʻalvirda ham don boʻlmas ado...
KELMADI
(Navoiy gʻazaliga muxammas)
Xasta dil erdim, devona, oh, u diljoʻ kelmadi,
Ul chamandin gʻoyibona yoki xush boʻ kelmadi,
Yodi birlan yona-yona tilga bir “hoʻ” kelmadi,
Kecha kelgumdir debon ul sarvi gulroʻ kelmadi,
Koʻzlarimgʻa kecha tong otguncha uyqu kelmadi.
Ahli ishqning toleimu ne jafo yetkursa yor,
Naki tanda bor madoru naki dilda bir qaror,
Goh turarmen oʻltirib, dunyo boʻlib koʻzimgʻa tor,
Lahza-lahza chiqtimu chektim yoʻlida intizor,
Keldi jon ogʻzimgʻa-yu ul shoʻxi badxoʻ kelmadi.
Goh nurafshon, tiyra gohi, bir muammodir hayot,
Necha bor sharh aylabon, qolsam ne tong ming bora mot,
Emdikim ne naf oʻzing, gar yerga ur, osmonga ot,
Orazidek oydin erkonda gar etti ehtiyot,
Roʻzgʻorimdek ham, oʻlgʻonda qorongʻu, kelmadi.
Ul sitamkor sabridinkim soʻzladim xor, xokisor,
Ul jafokor jabridinkim boʻzladim men zor–zor,
Ne ajab dil qonmasa, ortiq oʻzimdan etmay or,
Ul parivash hajridinkim yigʻladim devonavor,
Kimsa bormukim anga koʻrganda kulgu kelmadi?
Zaʼfaron ersam vale soʻlmam, ki soʻldurmang meni,
Boʻldimu qonimgʻa tashna, qayta boʻldurmang meni,
Men-ku undan olmagʻum koʻz, zinhor oldurmang meni!
Koʻzlaringdin necha suv kelgay deb oʻlturmang meni,
Kim bori qon erdi kelgan, bu kecha suv kelmadi.
Sevgiga Tur togʻi bir yon, bir taraf chohi adam,
Olmashib turgay navo, har bir navoda zeru bam,
Vah, unga hasrat – ono, gʻurbat – oto, singil – sitam,
Tolibi sodiq topilmas, yoʻqsakim qoʻydi qadam
Yoʻlgʻakim, avval qadam maʼshuqi oʻtroʻ kelmadi.
Ul guli humro kelur, farmonigʻa sungʻil boʻyin,
Ey Ali, dard sozin ol, chalgil giriftorlik kuyin,
Gar kelurman, debdi yor, bas, sen shukur qilgʻil, suyin,
Ey Navoiy, boda birla xurram et koʻngling uyin,
Ne uchunkim, boda kelgan uyga qaygʻu kelmadi...
Muhammad ALI
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring