Tabiat qoʻynidagi ezgu amallar
Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Xorazmda uch kundan buyon yogʻayotgan qor hududning hayvonot dunyosi uchun qator noqulayliklar keltirdi. Ayozli kunlarda Amudaryo boʻylarida joylashgan toʻqayzorlarda jonivorlarning qalin qor ostida qolgan ozuqalarni topishi qiyinlashdi. Shu sababli, yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish, ularning oziqlanishi uchun yetarlicha shart-sharoit yaratilishini taʼminlash maqsadida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining hududiy boʻlinmalari va Xorazm milliy tabiat bogʻi xodimlari tomonidan biotexnik tadbirlar oʻtkazilmoqda.

— Yangibozor tumani hududida salkam 800 gektar maydon muhofaza qilinadigan tabiiy hududga kiritilgan, — deydi Xorazm milliy tabiat bogʻi davlat inspektori Umarbek Otajonov. — Bu yerda koʻproq Amudaryo qirgʻovuli, toʻrgʻay, qizilishton kabi qushlar, Buxoro bugʻusi, yovvoyi quyon va boshqa yovvoyi hayvonlar mavjud. Hududni qalin qor qoplagani sababli ular uchun zarur ozuqalarni belgilangan joylarga qoʻyib chiqdik va muzlarni yorib suv ichishlari uchun sharoit yaratib berdik.

Maʼlumot oʻrnida, Xorazm milliy tabiat bogʻida “Qizil kitob”ga kiritilgan 53 turdagi hayvonot olami vakillari uchraydi. Ayni kunda oʻtkazilayotgan biotexnik tadbirlar bu noyob jonivorlarning qishdan betalafot chiqib olishiga yordam beradi. Albatta, bunday ezgu amallarni nafaqat yovvoyi tabiat qoʻynida, balki shahar va qishloqlarda ham amalga oshirsak ayni muddao boʻlardi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring