Surxondaryoda jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi

13:58 17 Noyabr 2020 Jamiyat
829 0

Joriy yilning 12-14-noyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi IIV, Milliy gvardiya va Bosh prokuratura masʼul xodimlaridan iborat idoralararo ishchi guruhi tomonidan Surxondaryo viloyatining barcha tuman-shaharlarida jamoat xavfsizligini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlarning ahvoli oʻrganib chiqildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Oʻrganishlar yakuni boʻyicha Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonov va viloyat hokimi Toʻra Bobolov tomonidan Surxondaryo viloyati hokimligida oʻtkazilgan yigʻilishda “Obod mahalla – xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash, ichki ishlar organlari hamda Milliy gvardiya bilan hamkorlikdagi amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqid ostiga olindi. Shuningdek, hududlar boʻyicha masʼullarning hisoboti tinglandi.

Mahallalarda “jinoyatchilikni jilovlash” borasida kamchilikka yoʻl qoʻyilayotgan hududlarda ichki ishlar organlari, mahalla, Milliy gvardiya va boshqa tegishli idora va tashkilotlarning jinoyatchilikni barvaqt oldini olish boʻyicha vazifalariga doir prezentatsiya namoyish etildi.

Shuningdek, mahalla va bozor hududlarida qayd etilgan jinoyatlarning asl sabablari va shart-sharoitlari muhokama qilinib, bu borada jinoyatchilik koʻrsatkichlari nisbatan yuqori boʻlgan Denov, Jarqoʻrgʻon va Sherobod tumanlarida vaziyatni ijobiy tomonga oʻzgartirish boʻyicha alohida chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Kelgusida ayollar, uyushmagan yoshlar tomonidan, mast holatda jinoyat sodir etilishini oldini olish, notinch oilalarda sogʻlom ijtimoiy muhitni shakllantirish va ishsizlikni kamaytirish boʻyicha masʼul idora va tashkilotlar hamda joylardagi 4 ta sektor rahbarlariga joriy yil yakuniga qadar hamda 2021-yilning 1 choragi mobaynida bajarilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Shu jumladan, yoshlar orasida pichoq va boshqa turdagi sovuq qurollardan foydalanib sodir etiladigan jinoyatlarning barvaqt oldini olish, jinoyat muhokamasini taʼsirchan oʻtkazish, eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan shaxslar bilan manzilli ishlash, aholining barcha qatlamlari ayniqsa, ayollar, yoshlar va keksalar orasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish yuzasidan masʼul idora va tashkilotlarga aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda aholi bilan ishlashda eng quyi tizim hisoblangan mahalladagi vaziyat tahlil qilindi. Fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash maqsadida qoʻshimcha patrul yoʻnalishlarini tashkil etish, ularning mol-mulkiga qaratilgan jinoiy tajovuzlarni oldini olish, xonadonlarni qoʻriqlovga olish, videokuzatuv moslamalari sonini koʻpaytirish kabi qator vazifalar belgilandi.

Muhokama davomida koʻrib chiqilgan muammoli masalalardan kelib chiqib, viloyatda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash borasida huquq-tartibot idoralarining faoliyatini takomillashtirish hamda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish boʻyicha “Surxondaryo tajribasi”ni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan topshiriqlar berildi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?