Surxondaryoda Bojxona boshqarmasi tezkor xodimi, Namanganda Kadastr boʻlimi boshligʻi korrupsiya bilan ushlandi

11:19 14 Dekabr 2025 Jamiyat
422 0

Korrupsiya va firibgarlik holatlariga chek qoʻyildi. Bu haqida “Xavfsizlik” Telegram-kanali xabar berdi.

Unda aytilishicha, DXX Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi katta tezkor xodimi noqonuniy tarzda fuqarodan 400 AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu tezkor vakil xizmat mavqeyidan foydalanib, Termiz tumanida yashovchi fuqaroning 20 ming AQSH dollarini deklaratsiya hujjatlarini rasmiylashtirmasdan, tanishlari yordamida “Sariosiyo” chegara bojxona posti orqali Tojikiston Respublikasiga oʻtkazib berishni vaʼda qilgan.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 25,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Shu kabi yana bir holat, DXX Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlangan.

Unda viloyatdagi tumanlardan birining Kadastr boʻlimi boshligʻi mahalliy fuqaroga tegishli oziq-ovqat doʻkonining tashqi tomoniga qurilgan bostirma (naves) uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 5 million soʻm talab qilib, shundan 3 million soʻm olgan vaqtida qoʻlga tushgan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Bundan tashqari, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Energosavdo” filiali Namangan boʻlinmasi Kosonsoy tumani yuriskonsulti mahalliy fuqarodan 2 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlangan.

Ushbu shaxs oʻtkazilgan reyd tadbirlari davomida fuqaro oʻzining yashash xonadonida elektr tarmogʻiga noqonuniy ulanganligi holati aniqlangani boʻyicha tuzilgan dalolatnomaga asosan chiqarilgan 28,6 million soʻm jarimani elektron tizimga kiritmasdan bartaraf etishni vaʼda qilgan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari boshlab yuborilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?