Surxondaryoda 10 ming gektarlik “yashil makon” barpo etilmoqda
Prezidentimizning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Surxondaryo viloyatida ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, viloyatda chang-toʻzonlarning oldini olish maqsadida 10 ming gektar maydonda “yashil makon” barpo etish rejasi izchil davom ettirilmoqda.
Maʼlumki, mahalliy aholi orasida “afgʻon shamoli” deb ataluvchi kuchli chang-toʻzonli shamollar hudud ekologiyasi va aholi salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatib keladi. Shu bois mazkur tabiiy omilning taʼsirini kamaytirish maqsadida viloyatda “yashil belbogʻ”, “yashil makon” va boshqa ekologik loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Shuningdek, Termiz tumanining Xalqobod mahallasida, M-39 avtomobil yoʻliga yaqin hududda joylashgan 8 gektar maydonda yangi “yashil makon” bogʻi barpo etilmoqda. Ushbu hudud nafaqat ekologik muhofaza, balki aholi uchun zamonaviy dam olish maskani sifatida ham xizmat qiladi.
Bugun mazkur maydonda oʻtkazilgan hasharda koʻngilli aholi, tashkilot va idoralar vakillari, shuningdek, “mahalla yettiligi” aʼzolari tomonidan 4 mingdan ortiq mahalliy tuproq-iqlim sharoitiga mos, changni yaxshi ushlab qoluvchi mevali va manzarali koʻchatlar ekildi.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, bunday koʻchatlar yerning meliorativ holatini yaxshilash, havodagi chang miqdorini kamaytirish hamda aholini tabiiy ofatlar taʼsiridan himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa Surxondaryo viloyatida ekologik muhitni yaxshilash va inson salomatligini muhofaza qilish yoʻlidagi yana bir amaliy qadamdir.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Nega biz haligacha oʻzga sayyoraliklar bilan uchrashmaganmiz?
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
- “Katta sakrash” yoxud Oʻzbekiston sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojida yangi bosqichga qadam qoʻydi
- Oʻzbekistonda 2025-yilda 150 tonnadan ortiq sifatli qon tayyorlangan
- “Men prezidentman. Men halol odamman. Men aybsizman”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring