Superliga. 24-turga tafsiliy nazar: Yetakchi ochko yoʻqotdi, “Paxtakor”dan yirik gʻalaba

3–5-oktyabr kunlari Oʻzbekiston Superligasining 24-tur uchrashuvlari boʻlib oʻtdi. Ushbu bahslarda quyidagi natijalar qayd etildi:
“Xorazm” 1:1 “Navbahor”
OKMK 0:1 “Qoʻqon-1912”
“Surxon” 0:2 “Dinamo”
“Buxoro” 0:4 “Paxtakor”
“Bunyodkor” 2:2 “Nasaf”
“Shoʻrtan” 1:2 “Soʻgʻdiyona”
“Neftchi” 2:0 “Andijon”
“Qizilqum” 1:0 “Mashʼal”
Jami 8 ta oʻyindan 4 tasida mehmonlar gʻalaba qozondi. 2 ta bahsda mezbonlar ustun keldi va yana 2 ta uchrashuv durang bilan yakunlandi. Endi ayrim oʻyinlarga toʻxtalamiz.
Xorazmda durang natija
Oʻzbekiston Superligasining 24-turidan oʻrin olgan bahsni “Navbahor” safarda “Xorazm”ga qarshi oʻtkazdi.
Oʻtgan tur bellashuvida gʻalaba qozongan “lochinlar” Urganchga yaxshi kayfiyatda yoʻl olgandi. Oʻz navbatida, turnir jadvalining 15-pogʻonasida borayotgan “Xorazm” uchun ochko suv va havodek zarur edi. Shu bois, ushbu uchrashuv keskin kurashlar ostida hamda qiziqarli kechishi kutilgandi va amalda ham shunday boʻldi.
“Lochinlar” bosh murabbiyi Sherzod Joʻrayev avvalgi oʻyindan farqli oʻlaroq, bu safar tarkibda biroz rotatsiya amalga oshirdi va mazkur bahsda “Navbahor”ni sardor sifatida Abbosjon Gʻulomov maydonga boshlab tushdi.
Uchrashuvning ilk daqiqalaridanoq tashabbusni qoʻlga olishga intilgan Hakim Fuzaylov shogirdlari “Navbahor” darvozasi oldida xavfli vaziyatlarni yarata boshlashdi.
“Lochinlar”ning hujumlaridan birida mezbonlar himoyachisi Abror Xoʻsinov oʻz jarima maydonchasi ichida Asadbek Joʻraboyevga nisbatan qoʻpollik ishlatdi. Natijada uchrashuv bosh hakami Ilgiz Tantushev “Xorazm” darvozasiga 11 metrli jarima zarbasi belgiladi. Penaltini “Navbahor” sardori Abbosjon Gʻulomov aniq amalga oshirib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi – 0:1.
Uchrashuvning ikkinchi boʻlimida esa Ilgiz Tantushev bu safar “Xorazm” foydasiga penalti belgiladi. 11 metrli jarimani zaxiradan oʻyinga qoʻshilgan Murod Bobojonov aniq amalga oshirdi va jamoaning 15-yildan soʻng Xorazmda kiritilgan dastlabki goliga mualliflik qildi. Uchrashuv aynan ushbu hisob bilan yakunlandi.
Final oldi final
Maʼlumki, 26-oktyabr kuni Andijon viloyatida joylashgan “Bobur arena”da Oʻzbekiston kubogi musobaqasining final bahsi boʻlib oʻtadi. Ushbu finalda “Paxtakor” klubi “Buxoro” bilan kuch sinashadi. Mazkur finaldan 22 kun oldin bu jamoalar Superliganing 24-turida oʻzaro toʻqnash kelishdi.
Oʻyin oldidan “Buxoro” tarkibi optimallashdi. Soʻnggi oʻyinlarda jamoa qahramoniga aylangan Dominik Begichning diskvalifikatsiyasi yakunlanib, futbolchi “Paxtakor”ga qarshi bahsni asosiy tarkibda boshladi. Shuningdek, jamoaning hujum chizigʻidan Toma Tabatadze va Azizbek Amanov ham oʻrin oldi.
“Paxtakor”da esa oʻtgan oʻyin bilan solishtirganda asosiy oʻzgarish — jamoa toʻpurari Igor Sergeyevning asosiy tarkibga qaytishi boʻldi. Futbolchi oʻtgan tur “Surxon”ga qarshi bahsda zaxirada qoldirilgan va keyinroq oʻyinga qoʻshilib hal qiluvchi golni urgandi.
Uchrashuvda hisob 28-daqiqada Bashar Resan tomonidan ochildi. Oradan 10 daqiqa oʻtib, Flamarion hisobdagi farqni 2 taga yetkazdi. Birinchi boʻlim aynan 2:0 hisobi bilan yakunlandi.
Ikkinchi boʻlimning 80 va 84-daqiqalarida chempionatimiz toʻpurari Igor Sergeyev ikki bor darvozani ishgʻol etdi va yakuniy hisob 4:0 koʻrinishiga keldi.
Shu tariqa, final oldidan boʻlib oʻtgan ushbu bahs buxorolik muxlislarning havasini pir qildi.
Muxlislarning stadionlarga tashrifi
24-tur oʻyinlarini jami 38 898 nafar muxlis stadionlarda tomosha qildi. Bu esa har bir uchrashuvni oʻrtacha 4 862 nafar futbol ixlosmandlari kuzatganini anglatadi.
Turda eng koʻp muxlis toʻplagan bahs — “Neftchi” va “Andijon” oʻyini boʻldi. Ushbu bellashuvni koʻrish uchun “Istiqlol” stadioniga 7 950 nafar muxlis tashrif buyurdi.
Eng kam tomoshabin yigʻgan oʻyin esa OKMK va “Qoʻqon-1912” bahsi boʻldi. Olmaliq shahrida oʻtgan ushbu uchrashuvni jami 1 032 nafar muxlis jonli tomosha qildi.
Keyinki tur
Oʻzbekiston Superligasida 25-tur uchrashuvlari 15–18-oktyabr kunlari boʻlib oʻtadi. Quyidagi bahslar kutilmoqda:
“Nasaf” – “Qoʻqon-1912”
“Andijon” – “Shoʻrtan”
“Soʻgʻdiyona” – “Surxon”
“Mashʼal” – “Xorazm”
“Navbahor” – “Bunyodkor”
“Dinamo” – “Buxoro”
“Paxtakor” – “Qizilqum”
“Neftchi” – OKMK
Muhammadamin Zuhriddinov,
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring