Sunʼiy intellekt: inson izmidagi moʻjiza

Dilshod Karimov / “Xalq soʻzi”. Prezidentimiz 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan oʻtkazilgan uchrashuvda mamlakatimizda navqiron avlod hayotini oʻzgartirayotgan, ularning orzu-maqsadlariga qanot boʻlayotgan islohotlar haqida soʻz yuritarkan, asosiy yoʻnalishlardan biri sifatida sunʼiy intellektni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga urgʻu qaratdi. Ustuvor sohalarda ayni yoʻnalishda 100 ta loyiha hayotga tatbiq qilinayotganini, shuningdek, qadriyatlarimiz va madaniyatimizni oʻzida ifoda etadigan sunʼiy intellektning milliy modelini ishlab chiqish boshlanganini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbarining 1-iyul kuni raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt va telekommunikatsiya sohalaridagi rejalar taqdimoti bilan tanishuvi chogʻida sohada 1 million nafar mutaxassis tayyorlash vazifasi belgilangani qayd etildi.
Xoʻsh, yurtimizda sunʼiy intellektni rivojlantirishga nega bunchalik eʼtibor kuchaydi? “Hadsiz aql” deya eʼtirof qilinayotgan ushbu neyron tarmoq bugun insoniyatga qanday imkoniyatlar tuhfa etmoqda? Va buning chek-chegarasi bormi?
Mushohada
Kim yaratgan va qanday ishlaydi?
“ChatGPT” — sunʼiy intellekt tarmogʻiga “Seni kim yaratgan va qanday ishlaysan?” degan savol bilan murojaat qilsangiz, “Meni “OpenAI” nomli AQSHda joylashgan ilmiy-tadqiqot kompaniyasi yaratgan... Mening asosim — “GPT” (Generative Pre-trained Transformer) deb nomlangan neyron tarmoq modeli. Men milliardlab matnlardan (kitoblar, maqolalar, veb-sahifalar) “oʻqib”, tilni tushunish va matn yaratishni oʻrganganman. Bu jarayonda menga gaplar tuzilishi, maʼnolar, mantiqiy bogʻlanishlar va uslublarni anglash oʻrgatilgan. Siz menga savol berganingizda, men javobni prognoz qilish orqali yarataman: yaʼni navbatdagi soʻz yoki gap nimadan iborat boʻlishi ehtimoli yuqori deb hisoblasam, oʻshani tanlayman. Bu jarayon real vaqtda amalga oshadi, shunga koʻra tezkor javob bera olaman”, degan aniq va loʻnda javobni beradi.
Bu mantiqiy izchillikka ega fikrlash tarzidan lol qolasiz. Aslida sunʼiy aql dasturi uchun oʻzi haqidagi bu savol juda oddiy va joʻn. U kimyo, biologiya, matematika, fizika, tibbiyot, farmatsevtika, tarix, adabiyot, qoʻyingki, har qanday fanga oid savolga batafsil javob qaytaradi. U sheʼr yozishi, kuy bastalashi, qoʻshiq aytishi mumkin. Sunʼiy idrok jild-jild maʼlumotlarni tahlildan oʻtkazib, sizga uning qisqa mazmunini yoki soddalashtirilgan shaklini tayyorlab bera oladi. Bu dasturdan kundalik rejalarni tuzish, muayyan masalalarni yechishda tahlil va taqqos asosida xulosalar olish, istiqbolni belgilashda foydalanish samarali.
Platforma bilan juda oddiy, maishiy masalalarda ham suhbatlashish mumkin. Xuddi inson bilan soʻzlashayotgandek his qilasiz oʻzingizni. Ayni paytda xavotiringiz ham oshadi. Chunki kompyuteringiz yoki telefoningizdagi bir dastur siz bilan suhbatlashib, baʼzi masalalarda teran mulohazalari, aniq faktlarga asoslangan tahlillari, talqinlari bilan sizni oʻziga jalb etib, zarur boʻlsa, aql oʻrgatib, dono maslahat berib tursa, uning imkoniyatlarini chamalab, koʻnglingizni quvonch hislari bilan birga gʻashlik tuygʻulari ham egallaydi. Dafʼatan, tasavvuringizda amerikalik kinoijodkorlar suratga olgan “Terminator” filmidagi yuksak aqlli, har qanday sinovga bardoshli, oʻzini oʻzi tuzatadigan, tajovuzkor, shafqatsiz robotlar jonlanib, bir vaqtlardagi fantastik xayolot bugun hayotiy haqiqatga aylanmayaptimi degan oʻy oʻtadi qalbingizdan.
Darhaqiqat, XXI asrning ilk choragida axborot texnologiyalari misli koʻrilmagan darajada rivojlandi. Shubhasiz, sunʼiy intellekt — mana shu texnologik taraqqiyotning eng yuksak choʻqqisi. Bugun butun dunyoda davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot, ishlab chiqarish, sanoat, aholini ijtimoiy himoya qilish, ilm-fan, taʼlim, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, mudofaa, xavfsizlik, turizm va boshqa sohalarda sunʼiy idrok imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.
“Big Data” imkoniyatlari
Sunʼiy intellekt (Artificial Intelligence) — “AI” yaratish haqidagi qarashlar Ikkinchi jahon urushi davridan beri mavjud. Ammo soʻnggi oʻn yillikdagina texnologiya va muhandislik sohasidagi ushbu umidlar jadal roʻyobga chiqa boshladi. Bugun shu holga keldiki, olim va mutaxassislar har qanday jabhaning ertasini sunʼiy intellektdan qay darajada foydalanilishi bilan bogʻlamoqda.
Hozirgi kunda “AI” boʻyicha tadqiqotlar, biznes investitsiyalari va ularning hayotga tatbigʻi muttasil kengayib bormoqda. Bu sohadagi yetakchi mutaxassislardan biri Endryu Yan-Tak Ng sunʼiy intellektni “Yangi elektr energiyasi” deb ataydi, chunki elektr energiyasi bir asr avval deyarli barcha sohani oʻzgartirgani kabi “AI” ham yaqin yillarda hamma jabhani oʻzgartirishi tayin.
“AI” muvaffaqiyati asosi — maʼlumotlar, aniqrogʻi “Big Data”, yaʼni juda katta maʼlumotlardir. “Big Data” atamasi kuniga 100 gigabaytdan koʻp maʼlumot tushadigan oqimlarga nisbatan qoʻllanib kelingan. Keyinchalik sohadagi keskin rivojlanish bois bu tushuncha ham yanada keng qamrov kasb eta boshladi. Ushbu atama odatda terabayt, ekzabayt va petabaytlar darajasidagi katta hajmdagi maʼlumotlarga nisbatan qoʻllaniladi.
“AI” loyihalari ana shunday ulkan hajmdagi maʼlumotlarni talab etadi. Keyingi yillarda bu miqdordagi maʼlumotlarning mavjudligi va texnologik yutuqlar bir vaqtda yuzaga chiqdi. Bugun mashinalar ulkan maʼlumotlarni tahlil qilib, inson farqiga bormaydigan qonuniyatlarni aniqlay oladi. Internetdagi izlanishlaringiz, xaridlaringiz, odatlaringiz va joylashuvingiz bilan real vaqtda bogʻlanadi. Siz changʻi kurortlarini qidirsangiz, “Facebook”dagi sahifangizda changʻi jihozlari boʻyicha reklama paydo boʻladi. Hozirda oʻzini oʻzi boshqaruvchi avtomobillar hayotimizga kirib kelmoqda.
Mutaxassislar sunʼiy intellektga toʻrtinchi sanoat inqilobining asosi sifatida qaramoqda. Bugun “AI” yordamida nutqni matnga aylantirish yoki boshqa tilga tarjima qilish uchun soniyalar kifoya. Tibbiyotda turli kasalliklarni aniqlash va ularga davo muolajasini belgilashda sunʼiy intellekt tizimlari shifokorlar darajasida aniqlikka ega.
Bunday dasturlar ob-havo prognozi va astronomik maʼlumotlarni tahlil qilishda faol ishtirok etmoqda. Muloqot qila oladigan oʻyinchoqlar bolalarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishiga, xorijiy tillarni oʻrganishiga koʻmaklashmoqda. Harbiy sohada dronlar murakkab sharoitlarda odamlarsiz harakatlanyapti.
— Sunʼiy intellekt tadriji muntazam davom etmoqda, — deydi AQSHdagi vatandoshimiz, “Amazon” kompaniyasi dasturiy taʼminot muhandisi Behzod Mamadiyev. — Masalan, yaqinda “Google” kompaniyasi “Google”ning “Gemini” deb nomlanuvchi sunʼiy intellekt yordamchisiga yangi funksiyalarni qoʻshdi. Endi foydalanuvchilar birgalikda real vaqt rejimida hujjat va kod ustida ishlashi, shuningdek, podkast shaklida ovozli qisqa xulosalar olishi mumkin. Kompaniya, shuningdek, yangi dori vositalarini ishlab chiqarishda qoʻllaniladigan, matn va molekulyar tuzilishlarni tahlil qilib, dorilarning xavfsizligi va samaradorligini baholovchi ochiq “AI” modellaridan iborat “TxGemma” platformasini ham taqdim etdi.
“NVIDIA” kompaniyasi bosh direktori Jensen Huang ikkita yangi shaxsiy “AI” superkompyuterini ommaga namoyish qildi. “Grace-Blackwell” chiplariga asoslangan ushbu kompyuterlar katta “AI” modellarini lokal tarzda ishlab chiqish va ishga tushirish imkonini beradi.
Sohani moliyalashtirish va sanoat tashabbuslari ham izchil oʻsib bormoqda. Jumladan, “NVIDIA”, “xAI”, “Microsoft”, “MGX” va “BlackRock” kompaniyalari birgalikda “AI” infratuzilmasini rivojlantirish uchun 100 milliard dollarlik fond tashkil etdi. Bu tashabbus global miqyosda sunʼiy intellekt hisoblash infratuzilmasini kengaytirishga qaratilgan.
“Microsoft” kompaniyasi Shveysariyaning “Inait” startapi bilan hamkorlikda inson miyasi prinsiplari asosida “AI” tizimlarini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda. Ushbu raqamli “miyalar” moliya va robototexnika sohasidagi amaliyotlarda qoʻllaniladi va “Microsoft Azur” platformasida joriy qilinadi.
Xullas, sunʼiy intellekt taraqqiyoti muttasil davom etyapti. Kelgusida ekzotik hisoblash shakllari (masalan, kvant kompyuterlar va DNK asosidagi maʼlumotni saqlash) roʻyobga chiqishi bilan “AI” rivoji ham yanada jadallashadi.
“Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi roʻyobi
Butun dunyoda boʻlgani kabi mamlakatimizda ham sunʼiy intellekt texnologiyalarini barcha jabhaga keng joriy etish, raqamli maʼlumotlardan foydalanish imkoniyati va ularning yuqori sifatini taʼminlash, ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2021-yil 17-fevraldagi “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sunʼiy intellektni qoʻllashning asosiy yoʻnalishlari va tamoyillarini, shuningdek, yaqin va uzoq istiqbolda ushbu sohani kompleks shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratishni belgilab berdi. Davlatimiz rahbarining 2024-yil 14-oktyabrdagi qarori bilan Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi.
— Strategiyada 2030-yilga qadar yurtimizda sunʼiy intellekt asosida yaratilgan dasturiy mahsulotlar va koʻrsatiladigan xizmatlar hajmini 1,5 milliard AQSH dollariga yetkazish koʻzda tutilgan, — deydi Raqamli texnologiyalar vazirligi Sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish departamenti boshligʻi Sarvarbek Saʼdullayev. — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida “AI” asosida koʻrsatilayotgan xizmatlar ulushini 10 foizga yetkazish belgilangan. Sunʼiy intellekt yoʻnalishida faoliyat yurituvchi ilmiy laboratoriyalar sonini koʻpaytirish hamda yuqori quvvatli hisoblash serverlarini ishga tushirish moʻljallanmoqda.
Hukumatning sunʼiy intellektga tayyorlik indeksida (Government AI Readiness Index) Oʻzbekiston Respublikasining birinchi 50 ta oʻrindagi davlatlar qatoriga kirishiga erishish maqsad qilingan.
Hayotimizning turli tarmoqlariga sunʼiy intellektni joriy etish boʻyicha koʻplab loyihalar ishlab chiqilgan. Ular bank-moliya, soliq va bojxona, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, energetika kabi ustuvor sohalarda roʻyobga chiqariladi.
Bugungi kunda qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Toshkent metropolitenida toʻlovlar amaliyotida xavfsizlik va qulaylikni taʼminlash maqsadida “MyID Palm” — kaft orqali toʻlov tizimi 49 ta bekatdagi turniketlarga oʻrnatildi. Tizimdan roʻyxatdan oʻtishni taʼminlash uchun 30 ta bekatda maxsus infokiosklar joylashtirildi.
Sunʼiy intellekt asosida yuzni identifikatsiya qilish tizimi — “My ID” banklar, toʻlov tizimlari va marketpleyslarda qoʻllanilib, raqamli firibgarlarni qisqartirishda asqatmoqda. “UzFACE” sunʼiy intellekt asosida yuzni identifikatsiyalash dasturiy-apparat kompleksi “Xalqlar doʻstligi” saroyi, istirohat bogʻlari va “Next” savdo markazida sinov-tajriba sifatida ishlamoqda.
Soliq tizimida (“DavrOn”), huquqiy sohada (“Odil”) va davlat xizmatlari portalida (“Muxlisa”) sunʼiy intellekt texnologiyalari asosidagi virtual yordamchilar ishga tushirilib, aholi soʻrovlariga javob berish hamda 20 ga yaqin davlat xizmatlaridan foydalanish uchun inklyuzivlik yaratildi.
Shuningdek, kadrlar va ilmiy salohiyatni oshirish yoʻnalishida mamlakatimiz aholisining sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmalarini oshirish boʻyicha Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda “Bir million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi doirasida “Bir million prompterlar” platformasi (“aistudy.uz”) ishga tushirildi va mazkur platforma yangi turdagi oʻquv dasturlari (“META”, “Yandeks” va boshqalar) bilan toʻldirib borilishi rejalashtirilgan.
Bugun sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan normativ-huquqiy bazani shakllantirish, sohada standartlarni takomillashtirish va xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga urgʻu qaratilmoqda. Maʼlumotlarni qayta ishlash hamda sunʼiy intellektga asoslangan loyihalarni ishga tushirish uchun texnik infratuzilmani yanada yaxshilash, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida mazkur yoʻnalishdagi ustuvor loyihalar ijrosi boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilyapti. “AI” texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha aholining bilim va koʻnikmalarini oshirish, kadrlar tayyorlash va salohiyatini rivojlantirishga ahamiyat berilyapti.
Oʻzbekistonda sunʼiy intellektni hayotga tatbiq qilish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilmoqda. Xususan, “Oxford Insights” xalqaro tashkiloti tomonidan har yili eʼlon qilinadigan Hukumatning sunʼiy intellektga tayyorlik indeksining 2024-yildagi natijalariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi 188 ta davlat orasida 70-oʻrinni (2023-yildagiga nisbatan 17 daraja yuqorilash), Markaziy Osiyo davlatlari orasida esa 1-pogʻonani egalladi.
Bu ishlarning barchasi “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasining hayotiy roʻyobiga xizmat qilmoqda.
Xavotirlar qanchalik asosli?
Darhaqiqat, bugungi kunda sunʼiy intellekt oʻz imkoniyatlari bilan hayotimizga tobora chuqur kirib kelmoqda. Ammo aqlli robotlar kun kelib insoniyatga xavf tugʻdiradi degan xavotirlar qanchalik asosli?
Hozirgi kunda “AI” tizimlaridan maʼlum bir tor sohalarda juda samarali foydalanilyapti. Baʼzi mutaxassislar algoritmlarning qaror qabul qilish jarayonini insonning fikrlash miqyosi bilan taqqoslab, yuqori baho bermoqda. Ammo tadqiqotchi Devid Uotson mazkur holat juda oshirib koʻrsatilayotganini taʼkidlaydi. Bu esa odamlarda “AI” haqidagi qoʻrquvlarni kuchaytiryapti.
Aslida sunʼiy intellekt qachonlardir inson izmidan chiqib ketib, oʻzini oʻzi boshqarishga oʻtishi haqida farazlar yoʻq emas. Xususan, “SpaceX”, “Tesla” kabi qator kompaniyalar egasi, shuningdek, “ChatGPT”ni ishga tushirgan “OpenAI” kompaniyasi asoschilaridan biri Ilon Maskning aytishicha, insoniyat katta xavf bilan yuzlashmoqda. Unga koʻra kelgusida sunʼiy intellekt shu darajada taraqqiy etadiki, uning nazorati inson qoʻlidan chiqib ketadi.
Hozircha sunʼiy intellekt asosida ishlovchi mashinalar ayrim ekstremal sharoitlarda ham mustaqil harakatlana oladi. Biroq his-tuygʻu, tafakkur, ijodkorlik, inson kabi noodatiy qarorlar qabul qilish bu qurilmalar uchun hali yot.
Yana bir muhim nuqta: hech bir mashinaning oʻzini qayta dasturlash qobiliyati yoʻq. U oʻz vazifasidan tashqari ishni bajara olmaydi. Robotning oʻz-oʻzini idora qilishi uchun u oʻzini anglash, oʻzini saqlash instinktiga va shuni amalga oshiradigan dasturiy hamda jismoniy vositalarga ega boʻlishi kerak. Lekin bu hozirgi holatda mumkin emas.
Qoʻrquvlar shundan kelib chiqadiki, turli “AI” agentlari bir-biri bilan bogʻlanishi va tarmoq orqali hamkorlik qilishi mumkin. Bunday holda sunʼiy intellekt tizimlari jamoaviy manfaatni koʻzlab, inson nazoratisiz qaror qabul qilishi ehtimoli paydo boʻladi.
Hozirda AQSH armiyasi “AI” texnologiyalaridan jang maydonida tahdidlarni aniqlash uchun foydalanmoqda. Agar bu tizimlar avtomatik mudofaa tizimlari bilan birlashtirilsa va inson aralashuvisiz ishlasa, sud qilish, hukm oʻqish, jazoni belgilash va ijro etish kabi vazifalarni ham bajara boshlasa — “AI” voqeligi haqiqiy xavfga aylanishi mumkin.
Shukrki, hozircha faqat inson — tabiiy va umumlashtirilgan intellekt egasi. “AI” tizimi koʻp ming odam ichida bitta yuzni tanib olishi mumkin, lekin qush bilan mushukni farqlay olmaydi. Inson esa bunga qodir.
“AI” tizimlari aslida matematik algoritmlarga asoslanadi. Ular anglash qobiliyatiga emas, faqat hisoblash imkoniyatiga ega. Oʻzini anglaydigan, boshqa vazifalarga moslashadigan mashina hozircha yoʻq. Va shu nuqtada insonning ustunligi namoyon boʻladi: inson qonun va etikaga mos ravishda qaror qabul qila oladi.
Asosiy xavf — ijtimoiy oqibatlar
Hozirgi kunda sunʼiy intellektning asosiy xavfi — inson hayotiga bevosita xavf tugʻdirish emas, balki ijtimoiy oʻzgarishlarga taʼsiri. Bu, avvalo, baʼzi kasb va hunar egalarining ishsiz qolishi, shaxsiy hayot daxlsizligining buzilishi, axloqiy meʼyorlarning inkor etilishi va insonlarning qaror qabul qilishda avtomatik platformalarga haddan tashqari ishonishida namoyon boʻladi.
Bugun aqlli robotlar koʻplab sohalarda inson mehnatiga raqobat tugʻdirmoqda. Bu esa turli korxonalarda, taʼlim, tibbiyot, jurnalistika, xizmat koʻrsatish sohalarida ishsizlik koʻpayishiga zamin yaratmoqda.
Jumladan, rivojlangan davlatlarda oʻzi yoʻq, ammo ovozi bor “qoʻshiqchilar” koʻplab muxlislar orttirib, oʻz konsert dasturlarini ham uyushtirmoqda. Jahonga mashhur telekanallar, axborot agentliklarida yangiliklarni oʻqib eshittiruvchi virtual boshlovchilar faoliyat olib boryapti. Sunʼiy intellekt chizgan rasmlar va yaratgan turli illyustratsiyalar turli koʻrgazmalarda yuqori baholanib, katta mablagʻlarga sotilyapti.
Sunʼiy idrok har bir sohaga kirib kelar ekan, shaxsiy hayot daxlsizligini taʼminlash masalasi tobora dolzarblashib bormoqda. Chunki ushbu texnologiya har qanday insonning ovozini, qiyofasini bir zumda jonlisidan farqlash juda qiyin boʻlgan darajada tayyorlab berishi mumkin. Bu — “aqlli” robot dunyoning istalgan hududidan onangiz yoki boshqa biror yaqin insoningiz boʻlib sizga telefon qoʻngʻirogʻi qilishi yoxud ijtimoiy tarmoqlar orqali yoqimli suhbatdoshingizga aylanishi mumkin degani. Shuningdek, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda aynan siz boʻlib ommaga namoyon boʻlishi yoki ovozingizni oʻxshatib muayyan mavzularda bayonot berishi mumkin. Mazkur holatlar esa turli firibgarlik va kiberjinoyatlarga ham yoʻl ochmoqda. Shu bois qator rivojlangan davlatlarda “AI” tizimlarini joriy qilish chegarasi haqida qonunlarni hayotga tatbiq etish masalasi koʻrib chiqilyapti.
Haqiqatan ham, sunʼiy intellekt shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish va elektron hujjatlar aylanishida maxfiylikni taʼminlash muammolarini yanada chuqurlashtirishi mumkin. Shu bois butunjahon miqyosida erkinlik va xavfsizlikka daxl qilmaydigan oʻrta yoʻl topilishi kerak. Koʻplab yirik korporatsiyalar oʻz-oʻzini tartibga solishni taklif etmoqda. Davosdagi sammitda “IBM” vakili Kristofer Padilla davlat va xususiy sektor hamkorlikda “oqilona” qoidalar ishlab chiqishi kerakligini bildirdi. Yaqinda “IBM” va “Microsoft” kompaniyalari BMT bilan birgalikda sunʼiy intellektni axloqiy asosda rivojlantirish tashabbusini ilgari surdi.
Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt texnologiyalarini ishlab chiqish hamda qoʻllashdagi etika qoidalari va tamoyillari Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan 2026-yilda ishlab chiqilishi belgilangan.
Shubhasiz, kelgusida “AI” tizimlarining ochiqligi, hisobdorligi va adolatli ishlashi ustidan nazorat mexanizmlari yoʻlga qoʻyilishi lozim.
Sunʼiy intellekt bugun barcha sohada katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. U toʻgʻri qoʻllanilsa, inson hayotini yaxshilaydi. Lekin toʻgʻri boshqarilmasa, u atom energiyasi kabi xavfli qurolga aylanishi mumkin. Texnologiya insonning oʻrnini egallashi emas, uning ishlarini yengillashtirishi kerak. Demak, sunʼiy intellektdan foydalanishda axborot texnologiyalariga oid chuqur bilim bilan birga, yuksak ijtimoiy masʼuliyat va umuminsoniy axloq asosiy mezon boʻlishi shart.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring