Soliq tizimi: imtiyoz, imkoniyat va samara

Soliqlar bevosita davlatning paydo boʻlishi bilan bogʻliqdir, yaʼni davlat oʻz vazifalarini bajarish uchun moliyaviy manba sifatida soliqlardan foydalanadi.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda soliqlarning roli yanada ortib bormoqda. Milliy iqtisodiyotda soliqlar quyidagi uchta muhim vazifani bajaradi:
— davlat xarajatlarini moliyalashtirish;
— ijtimoiy tanglikni yumshatish;
— iqtisodiyotni tartibga solish.
Shundan kelib chiqadigan boʻlsak, Toshkent shahrida hisobga olingan mol mulk va yer soligʻi toʻlovchilari soni 2023-yilning 1-noyabr holatiga 831,2 ming nafarni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 28,9 ming nafarga koʻpaygan. Shundan mol mulk soligʻi toʻlovchilar soni 797,9 ming nafarni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 19,3 ming nafarga, hamda yer soligʻi toʻlovchilari soni 295,5 ming nafarni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan 10,1 ming nafarga koʻpaygan. Bu, albatta, mamlakatimiz rivojiga qoʻshiladigan katta hissa ekanligini taʼkidlash oʻrinlidir.
Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 1-maydagi OʻRQ-837-son Konstitutsiyaviy Qonuniga muvofiq tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining 63-moddasida, fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yigʻimlarni toʻlashi shartligi, soliq va yigʻimlar adolatli boʻlishi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga toʻsqinlik qilmasligi kerakligi belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, Konstitutsiyaning 149-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida yagona soliq tizimi amal qilishi va soliqlarni joriy qilish huquqi Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisiga tegishli ekanligi belgilangan.
Shu nuqtai nazardan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qoʻmitasi Toshkent shahar soliq boshqarmasi tomonidan ham islohotlar bilan chambarchas tarzda koʻplab ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, bugungi kunda aholi murojaatlarini oʻrganib, ularga yechim berish xalq roziligini olishda katta ahamiyat kasb etadi. Shu boisdan ham Toshkent shahar soliq boshqarmasi “Soliq solish boʻyicha maslahat” boʻlimi tomonidan 2023-yilning yanvar-oktyabr oyilari davomida jami 1332 ta murojaatlar kelib tushgan va murojaat mualliflariga amaldagi qonunchilik asosida malakali javob xatlari berilgan. Bundan tashqari, boʻlim xodimlari tomonidan 474 ta ogʻzaki murojaatlarga telefon orqali tushuntirishlar berildi va soliq boshqarmasining fuqarolar qabulxonasiga bevosita tashrif buyurgan 114 ta fuqarolarning murojaatlariga malakali javoblar berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat soliq xizmatlari organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “Davlat korxonalari toʻgʻrisida»gi Nizomga asosan faoliyatini olib boradigan Toshkent shahar “Soliq-servis” davlat unitar korxonasi hududiy boʻlimlariga bir kunda oʻrtacha 200 taga yaqin fuqarolar servis xizmatlari boʻyicha murojaat qiladi hamda oʻz muammolarini bartaraf etishda amaliy yordam va maslahatlar oladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-292 qaroriga asosan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlangan boʻlib, unga asosan: kichik biznesga yangi imkoniyatlar yaratish, oʻrta biznesni barqaror iqtisodiy oʻsish garoviga aylantirish, yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulot bilan kirish, yuqori daromadli korxonalarni koʻpaytirish, sodda soliq maʼmuriyatchiligi va byurokratiyadan xoli qulay muhit yaratish koʻzda tutilgan.
Ushbu qarorga asosan qoʻshilgan qiymat soligʻining salbiy summasi oʻrnini qoplashda (qaytarishda) soliq uzilishi (tax gap) koeffitsiyentini qoʻllash amaliyotini bekor qilindi, qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha maxsus roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish tartibini bekor qilindi (bundan amalga oshirilayotgan bitimlar (operatsiyalar) xarid qilinayotgan va realizatsiya qilinayotgan tovarlar (xizmatlar) nomenklaturasiga nomuvofiq boʻlgan holatlar mustasno).
Kameral soliq tekshiruvi soliq organlarida mavjud maʼlumotlar asosida tadbirkorlik subyektining ishtirokisiz soliq organining oʻzida oʻtkazilishi belgilandi (bundan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarishda oʻtkaziladigan kameral soliq tekshiruvlari mustasno).
Bunda, soliq organlarining quyidagi huquqlari bekor qilindi:
— soliq toʻlovchining hududiga kirish;
— soliq toʻlovchining hududini va binolarini koʻzdan kechirish;
— soliq toʻlovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish;
— soliq toʻlovchining hujjatlari va buyumlarini olib qoʻyish.
Taʼkidlash joizki, tadbirkorlar bilan tashkil etilgan ushbu uchrashuvdan soʻng boshqarma tomonidan Soliq qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarni soliq toʻlovchilarga yetkazish boʻyicha 78 ta seminar va davra suhbatlari oʻtkazilgan boʻlib ularda 5910 ta tadbirkorlik subyektlari ishtirok etdi.
Shuningdek, 2023-yil 1-noyabr holatiga Toshkent shahrida faoliyat koʻrsatayotgan yuridik shaxslar soni 99 313 tani tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 9 mingtaga oshgan. Shundan 14 518 tasi joriy yilning yanvar-noyabr oylarida roʻyxatdan oʻtganini ham eʼtirof etish kerak.
Qolaversa, “Yoʻl xaritasi”ning 26 bandida ”Soliqchi — koʻmakchi” tizimini takomillashtirish boʻyicha soliq organlari tomonidan mahalla darajasida ishlash tizimini joriy qilish belgilangan.
Prezidentimiz tomonidan soliq organlari xodimlari oldiga qoʻyilgan vazifalardan kelib chiqib, Soliq tizimini mahalla darajasiga tushirish yangi institutini joriy qilish boʻyicha manzilli ishlar olib borilmoqda.
Yangi tizimni raqamlashtirish maqsadida “Mahalla soliqchisi” axborot tizimi ishlab chiqildi. Ushbu tizimda quyidagilar nazarda tutilgan:
— mahalla kesimida korxonalarning iqtisodiy koʻrsatkichlari, jumladan korxonalar tovar aylanmasi kamayishi, ish oʻrinlari qisqarishi kabi maʼlumotlar avtomatik tahlil qilinadi;
— soliq xodimi manzilli ravishda salbiy koʻrsatkichlarga ega boʻlgan tadbirkorlarning muammolarini aniqlab, ularni mahalladagi “yettilik” bilan hamkorlikda hal etish ishlarni tashkil etadi;
— har bir mahallaga biriktirilgan soliq inspektorlari faoliyati samaradorligi baholab boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-4742-son qaroriga asosan Toshkent shahar boʻyicha aholini oʻzini oʻzi bandligini taʼminlashda olib borilgan ishlar hamda fuqarolarga soliq mobil ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtishiga koʻmaklashish natijasida 2023-yil 10 oyida 112,3 ming nafar fuqarolar oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtkazildi, jumladan 19,8 ming nafar fuqaro ijtimoiy yoʻnalishlar boʻyicha xizmatlar koʻrsatish sohasida, 9,6 ming nafar fuqaro sanoat yoʻnalishi boʻyicha xizmatlar koʻrsatish sohasida, 1,4 ming nafar fuqaro qishloq xoʻjaligi yoʻnalishi boʻyicha xizmatlar koʻrsatish sohasida, 11,4 ming nafar fuqaro axborot kommunikatsiya yoʻnalishi boʻyicha xizmatlar koʻrsatish sohasida, 57,9 ming nafar fuqaro maishiy xizmatlar koʻrsatish sohasida, 12,1 ming nafar fuqaro xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish va xizmatlar koʻrsatish sohasida davlat soliq xizmati organlaridan roʻyxatdan oʻtkazildi. Bu ham “mahalla yettiligi” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlardan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, soliq xodimlarining mahalladagi imkoniyatlarni ishga solib, soliq bazasini kengaytirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirishga hamda oʻzini oʻzi band qilganlarga kichik biznes toifasiga oʻtishga koʻmaklashish kabi jami 14 ta yoʻnalishda ishlar olib borilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda, jumladan, Toshkent shahar soliq boshqarmasida ham soʻnggi yillarda biznes yuritish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va kafolatlarini mustahkamlash, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, tadbirkorlikni rivojlantirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, soliqqa tortishni yanada soddalashtirish, soliq yukini ham kamaytirish va soliq maʼmuriyatchiligini shaffofligini oshirish hamda qoʻshimcha soliq bazasini kengaytirish orqali soliq tushumlarini oshirish mamlakat soliq siyosatining asosiy vazifasi hisoblanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish tartibi belgilandi
- Markaziy Osiyo pedagoglari Nukusda jam boʻldi
- Samarqandda YUNESKOning 43-sessiyasiga tayyorgarlik avjida
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring