Sogʻliqni saqlash vazirining ikki oʻrinbosari lavozimidan ozod etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan tibbiyotning birlamchi boʻgʻini va ixtisoslashgan muassasalarda xizmatlar sifatini yanada oshirish, dori vositalari isteʼmolini tartibga solish hamda tibbiy taʼlimni takomillashtirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishida viloyat va tuman shifoxonalarida vrachlar, oʻrinlar, mablagʻlarni toʻgʻri taqsimlashda kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotgani qayd etildi.
Kasallanish yuqori boʻlgan Surxondaryo va Qashqadaryoda har 10 ming aholi uchun 25 ta koyka boʻlsa, Navoiyda 31 ta, Sirdaryoda 34 ta davolanish oʻrni toʻgʻri keladi.
Aholi soni bir xil boʻlgan Qoʻrgʻontepadagi shifoxonada 310 ta, Namangan tumanida 420 ta koyka bor. Oqibatda dori uchun ajratilgan mablagʻ Qoʻrgʻontepada kishi boshiga 3,5 ming soʻm, Namangan tumanida 16 ming soʻmga toʻgʻri kelayapti.
Boshqa misol – Andijon shahridagi davlat shifoxonasida byudjet hisobidagi har 10 ta koykaga 26 nafar tibbiy xodim toʻgʻri keladi. Vaholanki, xususiy klinikada bu ishlarni 5 nafar xodim bajara oladi.
Tibbiy sugʻurtani joriy qilish surunkali surilib kelayotgani keskin tanqid qilindi. Toshkent shahrida oʻtgan yili, Qoraqalpogʻiston, Navoiy, Samarqand, Fargʻona, Surxondaryo va Xorazmda bu yili ushbu tizim ishga tushishi kerak edi. Sugʻurta jamgʻarmasi faqat tayyor pulni taqsimlovchiga aylanib qolgani koʻrsatib oʻtildi.
“Belgilangan islohotlarimiz qanchalik toʻgʻri boʻlmasin, tizim raqamlashmasa, kutilgan natijaga erisha olmaymiz”, dedi Prezident.
Lekin mutasaddilar tizimni toʻliq raqamlashtirish u yerda tursin, oddiy “elektron retsept”ni ham ishga tushira olmagani tanqid qilindi. “Elektron poliklinika”, “Elektron shifoxona”ni joriy etishda ham jiddiy oqsoqliklar bor.
“Vazirlik rahbarlari dunyoqarashini oʻzgartirib, fidoyi boʻlmasa, masʼuliyatni his qilib, soʻrovni kuchaytirmasa, islohotlar mahallagacha yetib bormaydi”, dedi davlatimiz rahbari.
Shu bois, yoʻl qoʻyilgan kamchilik va xatolar uchun sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosarlari D.Sultanov, F.Sharipov lavozimidan ozod etildi, vazir oʻrinbosari O.Omonov 6 oyda raqamlashtirishda oʻzgarish qilmasa, ishdan olinishi haqida ogohlantirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring