Sirdaryodagi IESda kuzatilgan nosozlik sabab ayrim hududlar vaqtincha elektrsiz qolishi mumkin
Foto: “Uzbekistan Airports”
Sirdaryo viloyatidagi “ACWA Power” kompaniyasining 1500 MVt quvvatli issiqlik elektr stansiyasida nosozlik kuzatilgani maʼlum bo‘ldi. Buning ortidan ayrim hududlarda elektr taʼminotida vaqtincha uzilishlar kuzatilishi mumkin. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan foydalanishga topshirilgan quvvati 1500 MVt boʻlgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasining 2-sonli gaz turbinasida rotor nosozligi kuzatilgan.
Stansiya ishini tezkor tiklash maqsadida, investor hamda ishlab chiqaruvchining kafolatli shartnomaviy majburiyatlariga asosan Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasida yangi rotor qisqa muddatda tayyorlanib, maxsus reys bilan 8-dekabr kuni Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelingan. Ogʻirligi 114 tonna boʻlgan qurilma aeroportdan toʻgʻridan-toʻgʻri elektr stansiyasi maydoniga yetkazilgan.
Qayd etilishicha, yangi rotorni oʻrnatish va sinov-sozlash ishlari taxminan bir oy vaqt talab qiladi. Bu quvvatlarni qoplash maqsadida qoʻshimcha zaxiradagi va yangi ishga tushirilayotgan bloklardan foydalanilyapti.
Hozirgi kunda havo bulutli (kam quyoshli) boʻlayotganligi va kunlar qisqaligi hisobidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali elektr energiyasini ishlab chiqarish kamaygan. Shu sababli, ishlab chiqarish va isteʼmol balansini tartibga solish, ularning muvozanatini saqlash maqsadida ayrim hududlarning elektr taʼminotida asosan isteʼmol ortgan pallalarda (17:00-21:00 lar oraligʻida) qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin.
“Agar bunga zarurat tugʻilsa, isteʼmolchilar oldindan xabardor qilinadi. Bunday choralar elektr taʼminoti barqarorligi va xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan. Keltirilgan noqulayliklar uchun isteʼmolchilardan uzr soʻraymiz”, deyiladi vazirlik xabarida.
Qoʻshimcha qilinishicha, yangi rotor gaz turbinasiga oʻrnatilgach, stansiyaning ishlab chiqarish quvvati tiklanadi va elektr taʼminotida vaqtincha koʻrilayotgan choralarning oldi olinadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Oʻzbekistonda naqd pulga uy-joy va mashina oldi-sotdisi bekor qilinadi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Inson hayotidagi bosqichli davrlar. Qarish jarayoni bir tekis kechmasligi maʼlum boʻldi
- Tailand va Kambodja oʻrtasida toʻqnashuvlar avj oldi
- Avstraliyada 16 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring