Sirdaryoda maqomchilar koʻrik-tanlovi oʻtkazildi

15:52 30 Sentyabr 2025 Jamiyat
337 0

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Sirdaryo viloyat kengashi va Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi viloyat hududiy boʻlimi hamkorligida Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Milliy qoʻshiqlar qalbimizda” deb nomlangan maqomchilar koʻrik-tanlovi oʻtkazildi.

Unda 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan 35 nafar ijrochi qatnashdi. Musiqiy bellashuvda professionallar bilan birga havaskorlar ham oʻz isteʼdodlarini sinovdan oʻtkazdi. Yaʼni ansambllar, professional xonandalar hamda havaskorlarning ijrolari alohida-alohida baholandi va mazkur toifalar boʻyicha gʻoliblar aniqlandi.

— Yurtimizda maqom sanʼatiga boʻlgan yuksak eʼtiborning samarasi ushbu tanlovda ham oʻz ifodasini topdi, — deydi Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining Sirdaryo viloyati hududiy boʻlimi ansambli direktori Shuhrat Bekmurodov. — Bunga birgina mazkur koʻrik-tanlovda qatnashish istagini bildirganlar yil sayin koʻpayib borayotgani dalolatdir. Yurtdoshlarimizning milliyligimiz ustunlaridan boʻlmish ushbu noyob sanʼatga mehr-muhabbati juda yuqori. Bunga masalan, ayni tanlov 6-7 soat davom etgan boʻlsa-da, konsert zali yakungacha tinglovchilar bilan liq toʻla boʻlganini misol keltirish ham kifoya. Qolaversa, maqom ansamblimiz turli hududlarda, mehnat jamoalarida konsert bergach, oʻsha joylardan qayta-qayta takliflar boʻlishi ham xalqimizning maqom sanʼatiga qanchalar oshufta ekanini anglatadi.

Eʼtiborlisi, tanlovda gʻoliblar qatorida ushbu sanʼat bellashuvining barcha ishtirokchilari ham ragʻbatlantirildi. Ular uchun kasaba uyushmalari viloyat kengashi tomonidan tarixiy shaharlarga sayohat uyushtiriladigan boʻldi.

Ahmadali ShERNAZAROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер