Yuksak minbarda Oʻzbekiston ovozi

08:58 30 Sentyabr 2025 Siyosat
196 0

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkda boʻlib oʻtgan 80-yubiley sessiyasida soʻzlagan nutqi hamda tashrif doirasida Prezident Donald Tramp va AQSHning yirik biznes vakillari bilan oʻtkazgan uchrashuvlari xalqaro ekspertlarning katta qiziqishiga sabab boʻldi. Chunki davlatimiz rahbarining yuksak minbardan yangragan nutqida ilgari surilgan tashabbuslar ham, oliy darajadagi muloqotlar ham mustaqil Oʻzbekistonning dunyo siyosatida oʻz pozitsiyasiga va mavqeiga ega boʻlgan mamlakat maqomini yana bir bor yaqqol namoyish etdi.

Oʻzbekiston BMT doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik hamda barqarorlikni oʻrnatishga qaratilgan strategiyalarni belgilashda faol ishtirok etib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining sessiyalarida bunga qadar 4 marotaba nutq soʻzlab, qator tashabbuslarni ilgari surgan. Ular asosida mazkur nufuzli tashkilotning yigirmaga yaqin rezolyutsiyalari qabul qilingan. Xususan, 2016 — 2025-yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan BMT Bosh Assambleyasining “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik”, “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash toʻgʻrisida”, “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”, “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlar rolini kuchaytirish toʻgʻrisida” kabi rezolyutsiyalari qabul qilindi. Bu hujjatlar taʼlim, bagʻrikenglik, mintaqaviy integratsiya va ekologik inqirozga qarshi kurash kabi masalalarni qamrab oldi.

Assambleyaning bu galgi yubiley sessiyasida ham Prezidentimiz global kun tartibidagi masalalar yechimiga qaratilgan oʻndan ortiq takliflarni ilgari surdi.

Xususan, davlatimiz rahbari pedagoglarning oʻzaro tajriba va bilim almashishi uchun yagona xalqaro platformani yaratish maqsadida Oʻzbekistonda Butunjahon professional taʼlim sammitini oʻtkazishni taklif etdi.

Insoniyat taraqqiyotining bugungi bosqichida taʼlim tizimining ahamiyati har narsadan muhimroq. Zero, bugun dunyodagi barcha taraqqiy etgan mamlakatlar bu natijaga aynan taʼlim tizimini rivojlantirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash orqali erishganlari hech kimga sir emas.

Shu nuqtayi nazardan, soʻnggi sakkiz yilda mamlakatimizda ham taʼlim sohasini isloh qilish, uni jahon standartlari darajasiga koʻtarishga alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Va bu saʼy-harakatlar oʻz natijalarini bermoqda. Prezidentimiz oʻz nutqida taʼkidlab oʻtganidek, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarimizning maktabgacha taʼlim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshdi, oliy taʼlimda esa bu koʻrsatkich 9 foizdan 42 foizga yetdi. Eng asosiysi, oʻqituvchi va ustozlik kasbining obroʻsi va nufuzini keskin koʻtarishga hal qiluvchi masala sifatida qaralmoqda. Prezidentimiz oʻz nutqida kiritgan taklifning amalga oshishi esa professional taʼlim sohasidagi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi va yuqori malakali kadrlar tayyorlash borasida oldimizga qoʻygan maqsadlarga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari nutqida bugungi kunda Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlanganini taʼkidladi. Bu Prezidentimiz tomonidan eʼlon qilingan va dunyo siyosatida katta ahamiyatga ega boʻlgan muhim bayonotlardan biri boʻldi.

Darhaqiqat, mamlakatimiz yetakchisi saʼy-harakatlari, qatʼiy irodasi tufayli bugun Markaziy Osiyo dunyo hamjamiyati tomonidan yagona iqtisodiy makon sifatida taʼriflanmoqda. Bunga mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari oʻzaro integratsiyani chuqurlashtirish yoʻlidagi samarali mexanizmga aylangani, soʻnggi yillarda mintaqamizda oʻzaro savdo, investitsiyalar va transport tashuvlari hajmi besh barobargacha koʻpaygani, qoʻshma investitsiya jamgʻarmalari, chegara hududlarida savdo va sanoat zonalari tashkil qilinayotgani, yirik infratuzilma loyihalari amalga oshirilayotgani asosiy omil boʻlmoqda.

Oʻtgan yaqin tariximizda qoʻshni davlatlar bilan sovuq munosabatlarning salbiy oqibatlari mevalarini ham totib koʻrdik. Aynan Prezident Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy siyosiy irodasi va tashabbuslari sabab bir-biriga qoʻshni, qardosh boʻlgan davlatlar oʻrtasida bugun ishonchli hamkorlik, tinchlik va totuvlik qaror topdi. Bu nafaqat mintaqa davlatlari, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham alohida eʼtirof etilmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, Prezidentimizning Bosh Assambleyaning Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy sheriklik va iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirishga qaratilgan harakatlarini qoʻllab-quvvatlashga doir rezolyutsiyasini qabul qilish, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmalari bilan mintaqamizda qator yangi loyiha va dasturlarni amalga oshirish boʻyicha takliflari muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, EKOSOS va YUNKTAD shafeligida Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy taraqqiyoti masalalariga bagʻishlangan xalqaro forum oʻtkazish, YUNIDO bilan sanoatda “yashil” texnologiyalar mintaqaviy xabini tashkil etish, mintaqamizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, “yashil” makon barpo etish hamda demografik barqarorlikka erishish boʻyicha dasturlarni qabul qilish tashabbuslari mintaqa davlatlarida Barqaror rivojlanish maqsadlariga mos loyihalarni amalga oshirish uchun harakatlarni birlashtirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari oʻz nutqida Oʻzbekiston tomonidan Afgʻonistonda katta iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilayotganini taʼkidlab, ushbu mamlakat orqali xalqaro transport va energetika koridorlarini rivojlantirish boʻyicha BMTning alohida rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etdi. Mazkur taklif xalqimizning “Qoʻshning tinch — sen tinch” degan purmaʼno maqoliga hamohang ravishda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashda, jafokash afgʻon xalqining asriy orzularini roʻyobga chiqarishda muhim oʻrin tutishi bilan bir qatorda mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishga ham xizmat qiladi.

Qolaversa, mazkur taklif Prezidentimizning xalqaro tranzit koridorlarining xavfsizligini taʼminlash va samarali logistika zanjirlarini yaratishga qaratilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlari uchun oʻzaro transport bogʻliqligini mustahkamlash” global mexanizmini joriy etishga oid daʼvati bilan ham hamohangdir.

Shu oʻrinda aytib oʻtish lozimki, BMT mamlakatimizning mintaqaviy xavfsizlikka qoʻshgan hissasini doim eʼtirof etadi. Zero, Prezidentimizning chiqishi orqali Oʻzbekiston nafaqat muammolarni tilga oladi, balki ularga aniq yechim taklif etadi. Misol uchun, bironta xalqaro tadbir yoʻqki, Oʻzbekiston Prezidenti Afgʻonistonda tinchlik-totuvlikni taʼminlash, afgʻon xalqining yaxshi, farovon yashashga haqqi borligi masalasini koʻtarmagan boʻlsa. Chunki Oʻzbekiston rahbari bugun dunyoda yuz berayotgan barcha ziddiyatlarni tinch yoʻl bilan, oʻzaro muzokaralar va manfaatlarni birdek hurmat qilish orqaligina yechish kerakligiga nafaqat urgʻu bermoqda, balki uning namunasini ham koʻrsatyapti.

Oʻzbekiston uchun Afgʻoniston nafaqat qoʻshni, balki mintaqaviy barqarorlikning asosiy omillaridan biridir. Mamlakatimiz koʻp yillardan beri Afgʻonistonni yakkalab qoʻyish emas, balki qoʻllab-quvvatlash zarurligini taʼkidlab keladi. Bu borada BMT asosiy muloqot maydoni boʻlib qolmoqda. Mamlakatimiz bu jarayonda vositachi va tashabbuskor sifatida ishtirok etmoqda, muloqotlarni tashkillashtirmoqda, infratuzilmaviy loyihalarni taklif qilayotir, gumanitar hamkorlikni rivojlantirmoqda.

Termiz shahrida ochilgan maxsus taʼlim markazi hamda yurtimizdagi boshqa oliygohlarda afgʻonistonlik talabalar tibbiyot, muhandislik, qishloq xoʻjaligi, xalqaro munosabatlar va iqtisodiyot hamda huquq sohalarida taʼlim olmoqda. Shuningdek, Termiz xalqaro savdo markazida Afgʻoniston fuqarolarining savdo-sotiq qilishlari, taʼlim, tibbiyot hamda boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Oʻzbekistonning ushbu mamlakat bilan iqtisodiy-gumanitar sohalarda yoʻlga qoʻygan hamkorligining mana shunday amaliy natijalari xalqaro miqyosda eʼtirofga sazovor boʻlayotir.

Umuman, xavfsizlik masalasi haqida gap ketganda, Oʻzbekiston uchun yagona yoʻl — bu oʻzaro hamjihatlik yoʻlidir. Ushbu anjumanda Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarning dolzarbligi shundaki, ular nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasida birgalikda olib borilayotgan islohotlarni jadallashtirishga va qator muammolarning yechimiga, mintaqa davlatlari va umuman, chet davlatlar bilan oʻzaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilganligidadir.

Xususan, Falastin masalasi bugun ham xalqaro hamjamiyat kun tartibining eng dolzarb va hal qilinmagan muammolaridan biri boʻlib qolmoqda. Prezidentimiz oʻz nutqida Gʻazo sektoridagi vaziyat boʻyicha Oʻzbekistonning pozitsiyasini aniq-ravshan aytib oʻtdi. Jumladan, harbiy harakatlarni darhol toʻxtatish va siyosiy muzokaralarni davom ettirishga chaqiriq, ayniqsa, BMT rezolyutsiyalariga muvofiq “ikki xalq va ikki davlat” tamoyiliga sodiqlikka daʼvat Oʻzbekistonning tinchlikparvar siyosatining yorqin ifodasidir. Va bu siyosat faqat tashabbuslardagina emas, amaliy ishlarda ham oʻz ifodasini topmoqda. Gʻazo sektorining Rafah hududidan 100 nafar falastinlikning Oʻzbekistonga olib kelinib, ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatilgani fikrimizning yaqqol dalili, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Bugun dunyo faqatgina siyosiy maydonlarda inqirozga yuz tutmayapti. Insoniyat boshida turgan eng katta xavf-xatar ekologik muammolar bilan ham bogʻliq. Dunyoning biron-bir mintaqasi yoki mamlakati yoʻqki, ushbu xavfdan xoli boʻlsin. Prezidentimiz BMTning yuksak minbaridan soʻzlagan har bir nutqida jahon afkor ommasini ana shu xavfdan ogoh etadi, hamjihatlikka chorlaydi.

Jumladan, 80-sessiyada ham Orolboʻyi ekotizimini qayta tiklash, suv resurslarining taqchilligi kabi masalalarga toʻxtab oʻtildi. Soʻnggi yillarda Orol dengizning qurigan tubida 2 mln. gektar maydonda shoʻrga chidamli choʻl oʻsimliklari ekilgani, 2030-yilgacha ushbu hududning 80 foiz qismida yashil qoplamalar hosil qilinishi aytildi.

Oʻzbekiston yetakchisining tashabbusi bilan Orol dengizining qurigan tubida yashil qoplamalarni barpo etish loyihasining amaldagi ijrosi natijasida hududda chang va qumlarning havoga koʻtarilishi keskin kamayishiga erishildi.

Inson qadri oliy qadriyat sanaladigan yangi Oʻzbekiston uchun aholi farovonligini oshirish, salomatligini asrash, gender tengligini taʼminlash masalalari davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir. Prezidentimiz nutqida ayni shu maqsadlar oʻzining yorqin ifodasini topdi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqarganini aytib, bunga, avvalo, taʼlim va ilm-fan sohasini oʻzgartirish, innovatsion tarmoqlar va texnologik sanoat korxonalarini barpo etish, “yashil” energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, kichik biznesni har tomonlama rivojlantirish va natijada millionlab ish oʻrinlari yaratish orqali erishilayotganini taʼkidladi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz jahon hamjamiyati eʼtiborini sogʻliqni saqlash tizimini xalqaro andozalarga mos ravishda tashkil etishga qaratilgan islohotlar izchil olib borilayotganiga ham qaratdi. Bu boradagi saʼy-harakatlarni birlashtirish maqsadida sogʻliqni saqlash, shuningdek, taʼlim va madaniyat sohalarida sunʼiy intellektning amaliy yechimlari va modellarini begʻaraz almashishga qaratilgan xalqaro hamkorlik mexanizmi yaratishni taklif etdi. Bunday mexanizm nafaqat sogʻliqni saqlash, balki taʼlim va madaniyat sohalari rivojiga ham katta turtki berishi, shubhasiz.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida muhim yoʻnalishlardan biri sifatida gender siyosatiga ham toʻxtalib oʻtdi. Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayoti va tadbirkorlik sohasida xotin-qizlarning rolini bundan buyon ham mustahkamlashni maqsad qilganimiz, mintaqamiz miqyosida Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirib, muntazam oʻtkazib borish tarafdori ekanligimiz taʼkidlandi.

Bu soʻnggi yillarda mamlakatimizda gender tengligi masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani va barcha sohalarda xotin-qizlarning rolini oshirish borasidagi islohotlarning ortga qaytmasligidan dalolatdir.

Bugun yurtimiz ayollari barcha jabhalarda oʻz oʻrni va munosib mavqeiga ega boʻlib bormoqda. Xususan, milliy parlamentimizda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetib, ayol deputatlar va senatorlar soni boʻyicha dunyodagi 190 ta milliy parlament oʻrtasida 38-pogʻonaga koʻtarildi. Shuningdek, boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 35 foizga, siyosiy partiyalarda — 49, oliy taʼlim tizimida — 44, tadbirkorlik sohasida esa 43,5 foizga yetdi. Besh nafar xotin-qiz tuman hokimi sifatida faoliyat koʻrsatmoqda. Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda ayollar ulushi 2018-yilda qariyb 3 foizni tashkil etgan boʻlsa, oʻtgan davrda ikki yarim barobar oshib, 7,7 foizga yetgani eʼtiborga molik. Va bu, albatta, soʻnggi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari asosida gender tenglikni taʼminlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish borasida amalga oshirilgan tizimli ishlar samarasidir.

Bir maqola doirasida Prezidentimiz ilgari surgan tashabbuslarning barchasi haqida soʻz yuritish, ularning olamshumul ahamiyatini ochib berish mushkul. Zero, bu taklif va tashabbuslarning har biri alohida maqolaga arzigulik. Ammo haqiqat shuki, Prezidentimiz tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surilgan tashabbus va takliflarning zamirida dunyoda tinchlikni taʼminlash, xalqaro iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, doʻstlik va hamjihatlikni qaror toptirish, eng muhimi, mamlakatimizda yashayotgan har bir fuqaroning hayotini tubdan oʻzgartirish, inson qadri va farovonligini oshirish maqsadi mujassam.

Jahon ahlini oʻylantirayotgan dolzarb masalalarni global kun tartibiga olib chiqish orqali mamlakatimiz masʼuliyatli va aniq natijalarga yoʻnaltirilgan xalqaro hamkorlik yoʻlida qatʼiyligini yana bir bor tasdiqlamoqda. Bu mamlakatimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochish barobarida fuqarolar hayotiga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatib, yangi ish oʻrinlari, taʼlim imkoniyatlari, toza atrof-muhit va xavfsiz kelajakka xizmat qiladi.

Albatta, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar va Qoyalarni keng targʻib etish, xalqaro parlamentlararo platformalarda dadil koʻtarib chiqish va ularni hayotga tatbiq etishda milliy parlamentimizning oʻrni beqiyos. Biz, senatorlar bu jarayonlarda oldingi safda, faol va namuna boʻlishimiz kerak.

Prezidentimizning AQSHga tashrifi davomida AQSH Kongressi aʼzosi, Vakillar palatasidagi Oʻzbekiston bilan hamkorlik boʻyicha kokus raisi Trent Kelli bilan boʻlgan uchrashuvda parlamentlararo muloqot va almashinuvlar jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzbekiston — AQSH strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish, shu jumladan, parlamentlararo muloqotni yanada mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari oʻtgan haftada uyushtirilgan videoselektor yigʻilishida har bir hududimiz AQSHning muayyan shtati bilan hamkorlik oʻrnatib, mahalliy tadbirkorlar va xorijiy sheriklar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni kengaytirishiga koʻmaklashish zarurligini qayd etdi.

Hududiy vakillik organi sifatida Senat, barcha senatorlar, qolaversa, mahalliy Kengashlar bu ishga bosh qoʻshishi, hududlarning oʻziga xosligi va imkoniyatlarini chuqur oʻrganib, hamkorlikning aniq yoʻnalishlarini belgilashi, takliflar ishlab chiqishi va parlamentlarimiz oʻrtasida boʻlib oʻtadigan oʻzaro muloqotlarda ularni kun tartibiga qoʻyishi zarur.

Umuman, davlatimiz rahbarining AQSHning Nyu-York shahriga qilgan tarixiy tashrifi asosida barcha ijro va vakillik organlari tomonidan chora-tadbirlar belgilanib, ularni amalga oshirish kutilmoqda. Biz ham, oʻzimizning rejalarimizda, xalqaro faoliyatimiz doirasida ularning toʻlaqonli ijrosini taʼminlashda yanada faolroq boʻlishimiz lozim.

Tanzila NORBOYEVA,

Oliy Majlis Senati Raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер