Sirdaryoda 20 million metr kubdan ziyod suv tejaldi
Sirdaryo viloyatida tomchilatib sug‘orish texnologiyasidan amaliyotda unumli foydalanilayotgani bois joriy yilda 20 million 960 ming metr kub suv tejaldi. Lekin bu hali hammasi emas.
SUV YOQALASH MUAMMOSI BARHAM TOPDI
Guliston tumanida Xolmo‘min Kubayev rahbarligidagi “Sadoqat-Saodat” fermer xo‘jaligi yeri ariqning oxirgi “qulog‘i”da joylashgan, shu bois xo‘jalik ishchilari uchun eng og‘ir yumush – bu sug‘orish. Ustiga-ustak suv tanqisligi muammosi ham bor. Bu yil fermer xo‘jaligi jamoasi uchun suv yoqalash tashvishi kun tartibidan olib tashlandi. Ketmon va fonar ko‘tarib, goh ariq bo‘ylab, goh dala ichra yurilgan uyqusiz tunlar ortda qoldi. Negaki, xo‘jalikda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etildi. Va ushbu yangilik juda maqbul, samarali usul ekanligi o‘z isbotini topdi.
Deylik, anʼanaviy usulda 6 marta kultivatsiya va bir necha bor jo‘yak olish ishlari bajarilib, gektariga 750-850 kilogramm mineral o‘g‘it solingan bo‘lsa, joriy yilda g‘o‘zaga ikki marta ishlov va 250 kilogacha mineral ozuqa berildi. Yana xo‘jalikning 31 gektar yerida sug‘orishni amalga oshirish uchun yil davomida 70 kun vaqt ketardi. Tomchilatishda esa bu raqam 14 kunni tashkil etmoqda, xolos. Albatta, eng muhim natija bu – hosil miqdori. Xolmo‘min Kubayevning aytishicha, joriy yilda har gektardan paxta hosildorligi 35 sentnerdan kam bo‘lmayotir. O‘tgan yilgi 27 sentner bilan taqqoslansa, salkam 10 sentnerga o‘sish degani bu. Asosiysi, tannarx, xarajat sezilarli pasaydi. Bundan fermer g‘oyatda mamnun.
SUV SARFI TENG YARIMGA QISQARDI
- Bugun tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi hamda suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj qishloq xo‘jaligida ilg‘or sug‘orish texnologiyalarini tatbiq etishni taqozo qilmoqda, - deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi qishloq xo‘jaligiga mo‘jallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi bosh inspektori Bahodir Mamirov. - Shunga ko‘ra viloyatimizda hozirga qadar 8 ming 384 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi yo‘lga qo‘yildi. Natijada 20 million 960 ming metr kub suv iqtisod qilindi. Taʼkidlash o‘rinliki, agar shuncha maydon anʼanaviy usulda sug‘orilganida 41 million 920 ming metr kub suv sarflanar edi. Ko‘rib turganimizdek, suv sarfi teng yarimga qisqardi.
YANA 142 TA SHARTNOMA IMZOLANGAN
Sirdaryo viloyatida bu yil jami 18 087 gektar maydonda tejamkor sug‘orish texnologiyalarini joriy etish rejalashtirilgan. Yaʼni 17 937 gektarda tomchilatib, 50 gektarda yomg‘irlatib va 100 gektarda diskret sug‘orishga o‘tiladi.
“O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi maʼlumotlariga ko‘ra, ayni maqsadda suv tejovchi uskunalar xaridi bo‘yicha 125 ta fermer xo‘jaligi va 17 ta klaster tashkiloti bilan shartnoma tuzildi. Buning uchun viloyat bo‘yicha fermer va tadbirkorlarga tijorat banklari tomonidan 254 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan. Shu kunlarda 302 ta fermer va tadbirkorlik subyekti tomonidan 10 703 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatish uchun qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.
...Fermer Xolmo‘min Kubayev tomchilatib sug‘orish texnologiyasining afzalliklarini sanar ekan, “Tomchilar ketmonga dam berdi” degan iborani qo‘lladi. Bu oddiy va xalqona taʼrifga yana qo‘shimcha qilish, nazarimizda, ortiqcha.
Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq so‘zi” muxbiri.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring