Singapur kompaniyasi Toshkent viloyatida megazavod qurilishiga 100 million dollar investitsiya kiritadi

19:27 17 Yanvar 2024 Iqtisodiyot
577 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekistonning Singapurdagi elchixonasi koʻmagida Oʻzbekiston Respublikasining Toshkent viloyatida megazavod va distribyutorlik xabini tashkil etish boʻyicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.

“Dunyo” AA xabariga koʻra, marosimda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev hamda Singapurning “Wilmar International Limited” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Kuok Xun Xong ishtirok etdi.

Loyiha Toshkent viloyatida “Wilmar International Limited” kompaniyasining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyasi hisobiga qiymati 100 million dollar boʻlgan un mahsulotlari, oʻsimlik moylari va yuqori oqsilli ozuqalar ishlab chiqaruvchi megazavodni qurishni nazarda tutadi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari joriy yilning birinchi yarmida yakunlanadi.

Singapur tomoniga koʻra, ushbu zavodning qurilishi Oʻzbekistonni “Willmar” global taʼminot zanjiriga kiritish uchun strategik imkoniyat yaratadi. Distribyutor markazning rivojlanishi esa mamlakatni Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va boshqa mamlakatlar bozorlarining yirik mintaqaviy va global eksportchisiga aylantiradi.

Loyiha temir yoʻl, Toshkent halqa yoʻli va boshqa muhim kommunikatsiyalar yonida strategik ahamiyatga ega boʻlgan Toshkent viloyati Surum qishlogʻida 30 gektar maydonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Onlayn muzokaralar davomida tomonlar loyihani boshlashni tezlashtirish maqsadida yaqin hamkorlikni davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?