Simyogʻochga qoʻngan chumchuq

14:21 09 Dekabr 2025 Jamiyat
370 0

Tasavvur qiling: kech tushib, oila dasturxon atrofida toʻplangan mahal “lip” etib chiroq oʻchib qoladi. Kayfiyat tushadi. Ishtaha boʻgʻiladi. “Qachon chiroq kelarkan?”, deya kutmoqdan, sham yorugʻida ovqat tanovul qilmoqdan boʻlak iloj yoʻq.

Yaqin-yaqingacha koʻplab qishloqlarda, ayniqsa, chekka hududlarda ahvol shu edi. Buxoroning ayrim qishloqlarida hatto “Qishlogʻimiz simyogʻochiga chumchuq qoʻnsa ham chiroq oʻchadi”, degan garmdoridek achchiq gap quloqqa tez-tez chalinardi.

Yurtimizning eng chekka goʻshalaridan sanalgan Olot tumani Gʻanchi Chandir mahallasida yashovchi 78 yoshli Qurbonmurod boboga ham bu manzara begona emas. Biroq turmush oʻrtogʻi bilan yetti nafar farzandni oq yuvib, oq taragan, nevara-yu chevaralari sanogʻida dafʼatan adashib qoladigan otaxon umridan nolimaydi. Umid bilan yashagan murodiga yetadi, deb biladi. Buni qarangki, murodga yetadigan kunlar keldi. Olotda quvvati 250 MVt boʻlgan quyosh fotoelektr stansiyasi hamda elektr energiyasini saqlash tizimi ishga tushirildi.

Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan barpo etilgan bu yirik loyihaga 273 million AQSH dollariga teng miqdorda investitsiya jalb qilindi. Inshoot 648 gektar maydonni egallagani, uning qurilishida 1500 nafardan ziyod mahalliy va xorijiy mutaxassis hamda ishchilar mehnat qilganining oʻziyoq davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida roʻyobga chiqqan bu ishning olamshumul ahamiyatini koʻrsatadi. Bu yerda 254 ming xonadonning bir yillik isteʼmoliga teng “yashil energiya” ishlab chiqariladi. Eʼtiborlisi, 192 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Shuning evaziga 266 tonna zararli moddalarning havoga chiqarilishi oldi olinadi.

– Ishonch va umid, sabru qanoat bilan yashaganga nima yetsin, – deydi Qurbonmurod ota. – Shukr, uyimiz ham, koʻnglimiz ham charogʻon boʻldi. Uzr, qulogʻim sal ogʻirroq. “Simyogʻochga chumchuq qoʻndi”, deysizmi? Mayli, chumchuq tugul, olaqargʻa ham qoʻnsin. Endi chirogʻimiz oʻchmaydi.

Istam IBROHIMOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер