“Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining respublika bosqichi oʻtkazildi

19:34 16 Noyabr 2022 Jamiyat
987 0

Foto: “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati

Joriy yilning 14-15-noyabr kunlari Mudofaa vazirligiga qarashli “Chirchiq” dala oʻquv maydonida Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Kubogi uchun “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining Respublika bosqichi oʻtkazildi. Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar mahallalarida istiqomat qilayotgan “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turuvchi yoshlar hamda “Temir daftar” va “Ayollar daftari”dan oʻrin olgan oilalar farzandlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati xabariga koʻra, musobaqada 17 yoshdan 22 yoshgacha boʻlgan 154 nafar uyushmagan yoshlardan tashkil topgan 14 ta jamoa uchta blokdan iborat sinovlarda oʻz mahoratini namoyish etdi.

“Harbiy-vatanparvarlik bloki”da jamoa aʼzolari Oʻzbekiston harbiy tarixiga doir bilimlarini namoyon etdilar. Shuningdek, jamoalarning fotoalbomlari va vimpellari, “Men nechun sevaman Oʻzbekistonni?” mavzusidagi prezentatsiyalari hamda harbiy-vatanparvarlik varaqalari koʻrikdan oʻtkazildi.

Foto: “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati

“Harbiy-amaliy koʻpkurash bloki”da jamoalar pnevmatik quroldan oʻq otish, oʻquv granatasini uzoqlikka uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta boʻyicha bellashdilar. Harbiylashtirilgan estafeta doirasida yoshlar “AK-74” avtomatini notoʻliq qismlarga ajratish va toʻliq yigʻish hamda gazga qarshi niqobni kiyib, belgilangan masofaga yugurish shartlarini bajardilar.

“Sport bloki”da jamoalar duatlon, 100 metrga yugurish, turnikda tortilish boʻyicha oʻzaro musobaqalashdilar.

“Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlari davomida yoshlarning musobaqa shartlarini bajarishlarida gʻalabaga kuchli intilishi, harbiylikka boʻlgan qiziqishi, chaqqonligi va mohirligi hamda gʻayratu shijoati yaqqol koʻzga tashlanib, ushbu oʻyinlarga oʻziga xos koʻrk bagʻishladi.

Doʻstona ruhda, shu bilan birga shiddatli va murosasiz kechgan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining Respublika bosqichida Xorazm viloyati jamoasining qoʻli baland kelib, Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining Kubogi sohibi boʻldi. Ikkinchi oʻrin Namangan viloyati jamoasiga, uchinchi oʻrin esa Samarqand viloyati jamoasiga nasib etdi.

Foto: “Vatanparvar” tashkiloti Matbuot xizmati

Taʼkidlash joizki, respublika miqyosida oʻtkazib kelinayotgan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlari “Vatanparvar” tashkilotining “Vatanparvarlik – oliy maqsadim!” konseptual harbiy-vatanparvarlik gʻoyasi ostida yoshlarni birlashtirishga mustahkam zamin yaratdi. Bu esa Tashkilot tomonidan tayyorlanayotgan vatanparvar yoshlar yangi Oʻzbekistonning mudofaa qudratini mustahkamlashda hamda ravnaq topishida salmoqli hissa qoʻshishini anglatadi.

Darhaqiqat, “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlari “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan yoshlarni Vatanga sadoqat va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash yoʻlida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarining yana bir yorqin isbotidir.

Zero, “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarini oʻtkazishdan asosiy maqsad yoshlarni harbiy-vatanparvarlik va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, chaqiriq yoshidagi oʻsmirlarni Qurolli Kuchlar saflarida xizmat qilishga tayyorlab borish hisoblanadi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilda respublika boʻylab start olgan “Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining hududiy bosqich musobaqalari noyabr oyi boshida yakuniga yetgan edi.

“Shunqorlar” harbiy-sport oʻyinlarining respublika bosqichi gʻoliblari va sovrindorlarini taqdirlash marosimida “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisi Husan Botirov, Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari, senator Jamshid Xodjayev, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Shohruh Qudratov, Mudofaa vazirligi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar boshqarmasi boshligʻi polkovnik Hasan Xalilov, Mudofaa vazirligi Faxriylar markaziy kengashi raisi polkovnik Abubakir Navroʻzov ishtirok etdi. 

Shuningdek, ular Qurolli Kuchlar ashula va raqs ansambli xonandalari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Marat Hakimov ijrosidagi kuy-qoʻshiqlardan bahramand boʻlishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?