Shunchaki qiziqish oilaviy biznesga aylandi

11:04 15 Aprel 2025 Jamiyat
177 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Qishloqda yashab turib, kaftdek yerini obod qilib qoʻymagan, turmushdan soʻz ochilganida nolishdan boʻlak nariga oʻtmaydigan ayrim kimsalar uchun Vobkent tumanidagi Sariosiyo qishlogʻida yashovchi Shuhrat Latipovning faoliyati saboq boʻlmoqqa arziydi. Gap shundaki, bu inson uy sharoitida butun boshli quyonchilik fermasi tashkil etib, roʻzgʻorini but, bozorni toʻkin qilishga hissa qoʻshmoqda.

— Quyonchilikka shunchaki qiziqish biz uchun oilaviy biznesga aylandi, — deydi u. — Bundan ikki yilcha muqaddam bank tomonidan ajratilgan 20 million soʻm miqdoridagi kreditga “pahlavon” zotli 20 bosh quyon xarid qilgan edik. Bugungi kunga kelib ular soni oʻn karra koʻpayib 200 boshga yetdi. Shuning ortidan roʻzgʻorimizga yiliga oʻrtacha 40-45 million soʻm miqdorida qoʻshimcha daromad kirmoqda.

Shuhrat akaning taʼkidlashicha, quyonchilik bilan shugʻullanish uchun katta yer maydoni, qimmat ozuqa talab qilinmaydi. U beda, sabzi, karam, sholgʻomni xush koʻradi. Mehnati ogʻir emas. Olti-yetti oyda 7-8 kilogramm vaznga ega boʻladi. Goʻshti parhezbop. Bozorda kilosi 70 ming soʻmdan sotilganida bir bosh quyondan 400 ming soʻm atrofida daromad koʻrish mumkin. Eʼtiborlisi, qishloqda Latipovlar xonadonidan ibrat olib, uy sharoitida quyonchilik bilan shugʻullanishga kirishgan oilalar soni tobora koʻpaymoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?