Shoʻrariq mahallasiga borganim hokimlarni koʻzini ochishi kerak — Prezident

14:19 14 Oktyabr 2025 Siyosat
226 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boshlandi.

Mahallada “yettilik” tizimi joriy qilinib, kredit, subsidiya, kompensatsiya, moddiy yordam ajratish kabi 100 dan ziyod xizmatlar mahalla darajasiga tushirilgani hisobiga 7,5 million fuqaro kambagʻallikdan chiqdi, ishsizlik darajasi 2 barobar qisqardi. Shuningdek, 3,5 ming mahalla qiyofasi zamonaviy koʻrinishga keldi.

Mahalla raislarining vakolat muddati 3-yildan 5-yilga uzaytirildi. Ular boshchiligida “yettilik” vertikal tizimi yaratildi, yetarli sharoit, resurs va vakolatlar berildi.

Mahalladagi har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, ish oʻrni yaratish uchun mahallalarga bankir va soliqchilar bogʻlab berildi, infratuzilmaga ham alohida mablagʻ ajratilmoqda.

Prezident bulardan samarali foydalanib, natija koʻrsatayotgan mahallalar koʻpligi, lekin ayrimlari yagona jamoa boʻlib ishlab ketishni haligacha oʻrganmaganini koʻrsatib oʻtdi.

“Norin tumanidagi Shoʻrariq mahallasiga borganim viloyat hokimlari, respublika, viloyat, tuman rahbarlari, “yettilik”ni koʻzini ochib, ularni sifat va kompetensiyani oshirishga undashi kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari mahallalarda infratuzilmani yaxshilash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Oʻtgan hafta imzolangan qarorga muvofiq, Yangi Oʻzbekiston qiyofasi kirib boradigan 33 ta tuman va 330 ta ogʻir mahalla belgilab olindi.

Bu tumanlarning har biriga 100 milliard soʻmdan, 330 ta mahallaning har biriga esa 5 milliard soʻmdan mablagʻ ajratiladi. Jahon banki va Islom taraqqiyot bankidan jalb qilingan 100 million dollar ham mazkur maqsadlarga qaratiladi.

Bundan tashqari, ushbu tuman va mahallalardagi “drayver” loyihalar infratuzilmasi uchun yana 2 trillion soʻm beriladi.

Umuman, bu dasturni moliyalashtirish uchun 7 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Viloyat hokimlarining oʻzi ham 2 tadan, tuman hokimlari esa 1 tadan ogʻir mahallani belgilab, ularga 5 milliard soʻmdan yoʻnaltirishi, yana 236 ta mahalla aholisi turmushida keskin oʻzgarish qilishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?