Serbiyada tartibsizliklar: namoyishchilar nimadan norozi?

15:10 30 Iyun 2025 Dunyo
178 0

Foto: Reuters

Serbiyada hukumatga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari nazoratdan chiqib ketmoqda.

Oʻtgan dam olish kunlari Belgradda fuqarolar urushi kayfiyatini beruvchi muhit hukm surdi. Shanba kuni kechqurun prezident Aleksandr Vuchich hukumatiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari tartibsizliklarga aylanib ketdi. Toʻqnashuvlar davomida koʻplab politsiyachilar yaralangan. Jabrlangan namoyishchilarning aniq soni haqida xabar berilmagan, bir necha oʻnlab namoyishchilar hibsga olingan.

Avvaliga 140 mingga yaqin aholi muddatidan oldin saylov oʻtkazishni talab qilib, koʻchalarga chiqishgan. Mamlakatning turli hududlaridan kelganlarning qoʻlida Serbiya va Yevropa Ittifoqining bayroqlarini koʻrish mumkin edi. Namoyishchilar orasida talabalar qatlami faol boʻlib, ular prezident Vuchichga muddatidan oldin saylov oʻtkazishni talab qilib, ultimatum qoʻyishgan.

Serbiyada 6 oydan koʻproq vaqt davomida ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda. Buning sababi Novi Saddagi temir yoʻl vokzalidagi fojia hisoblanadi. Oʻtgan yilning noyabr oyida tom qulashi oqibatida 16 kishi halok boʻlgan. Shundan soʻng, asosan yoshlar ommaviy xotira aksiyalarini oʻtkazishni boshladilar. Oʻshandan beri norozilik namoyishlari korrupsiya, avtoritarizm va hukumatning Yevropaga qarshi yoʻnalishiga qarshi kengroq tus oldi.

Vuchich 2012-yildan beri Serbiyani boshqarib kelmoqda. U sud tizimiga, politsiyaga va ommaviy axborot vositalariga sezilarli taʼsir koʻrsatgan. Prezident bir necha bor norozilik namoyishlari ortida xorijiy kuchlar turganiga urgʻu berdi.

Vuchich juma kuni muddatidan oldin saylov oʻtkazish talablarini qatʼiyan rad etdi va 2026-yil oxirigacha saylovlar boʻlmasligini aytdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер