Senatorlar tomonidan Markaziy bankning 2024-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi

12:39 26 Iyun 2025 Siyosat
141 0

Foto: Davronbek Ernazarov, Yunus Boʻriyev / “Xalq soʻzi”

Senatning sakkizinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2024-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, 2024-yilda Markaziy bankning faoliyatida asosiy eʼtibor yalpi talabning inflyatsiyaga boʻlgan bosimlarini yumshatish, aholining jamgʻarish faolligini ragʻbatlantirish hamda oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning belgilangan target koʻrsatkichiga yetishini taʼminlashga qaratilgan.


Shuningdek, ushbu davrda bank tizimining moliyaviy barqarorlik koʻrsatkichlarini maqbullashtirish, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlarning salbiy taʼsirlarini yumshatish, bank xizmatlari va hisob-kitob operatsiyalariga kibertahdid va firibgarlik holatlarining oldini olish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Ushbu vazifalarni amalga oshirish natijasida 2024-yilda bank tizimining jami kapitali hajmi 18 foizga, ustav kapitali hajmi 22 foizga oʻsgan. Kapital monandligi koʻrsatkichi 17,4 foizni tashkil etib (minimal talab 13 foiz), oʻtgan yil darajasida (17,5 foiz) saqlanib qolgan.

Hisobot yilida banklar tomonidan tadbirkorlik subyektlarining biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, investitsiyaviy loyihalarini moliyalashtirish hamda aholi ehtiyojlari uchun ajratilgan kreditlar miqdori 2023-yilga nisbatan 35,8 trln soʻmga oshgan va 287,1 trln soʻmni tashkil qilgan. Iqtisodiyotdagi umumiy kredit qoʻyilmalari qoldigʻi esa 566,2 trln soʻmni tashkil etib, 14 foizga oʻsgan.


Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida va inflyatsiyani oshiruvchi xatarlarning kamayganligi tufayli asosiy stavka 14 foizdan 13,5 foizga pasaytirilgan.

Pul-kredit sohasidagi ushbu chora-tadbirlar inflyatsiya darajasining yuqori surʼatlarda oʻsishini jilovlash imkonini bergan. Yil yakunida inflyatsiya darajasi 9,8 foizni, bazaviy inflyatsiya darajasi esa 7,2 foizni tashkil etgan.

Shu bilan birga, majlisda senatorlar Markaziy bank tomonidan bartaraf etilishi lozim boʻlgan kamchiliklar va amalga oshiriladigan vazifalarga eʼtibor qaratdi.


Jumladan, tijorat banklari tomonidan tadbirkorlik subyektlaridan qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilmay asossiz kredit foizi va penya undirilgan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasidagi kreditlarni ajratishda belgilangan muddatlarga rioya qilinmagan. “NUMO” va “UZCARD” tizimlarining integratsiyasi hanuzgacha yakunlanmagan. Muammoli kreditlarning ulushi oʻtgan yilgi darajada saqlanib qolmoqda.

Masʼullarning mazkur kamchiliklarni bartaraf etish borasida koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisidagi axborotlari eshitildi.

Muhokama jarayonida fuqarolarning bank kartalaridan turli firibgarlik yoʻllari bilan mablagʻlarni oʻzlashtirish holatlariga barham berish zarurligi alohida qayd etildi.


Senatorlar tomonidan bazaviy inflyatsiya darajasini pasaytirish choralarini koʻrish, toʻlov tizimlari barqaror ishlashini taʼminlash, xizmatlar koʻlamini kengaytirish boʻyicha takliflar bildirildi. Bundan tashqari, kiberxavfsizlik choralarini kuchaytirish hamda tadbirkorlardan noqonuniy tarzda mablagʻ undirish holatlariga chek qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.

Muhokama yakunida bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda Senatning tegishli qarori qabul qilindi.


Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер