Senatning navbatdagi yalpi majlisida hududlarni rivojlantirish masalalarida vakillik organlari ishtiroki kuchaytirilishi taʼkidlandi
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati
Senatning navbatdagi yalpi majlisida “2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini «Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini taʼminlash masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Oliy Majlis Senati axborot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizni 2017–2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari qabul qilindi.
Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi boʻlgan Taraqqiyot strategiyasida yaqin va oʻrta istiqbolda Oʻzbekistonning rivojlanish tendensiyalari, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarini kompleks rivojlantirish yoʻnalishlari aniq belgilangan.
Ushbu tarixiy hujjatning ahamiyati shundaki, uni ishlab chiqishda mavjud muammolar eʼtiborga olindi, yechimini kutayotgan dolzarb vazifalar aks ettirildi. Eng muhimi, hujjatning ishlab chiqilishida xalqimiz faol ishtirok etdi.
Taraqqiyot strategiyasida 7 ta ustuvor yoʻnalish boʻyicha “Inson qadri uchun – 100 ta maqsad” belgilab olingan.
Davlat dasturi ijrosi doirasida 55 trln soʻm va 11,7 mlrd dollar miqdorida mablagʻ yoʻnaltirilishi koʻzda tutilmoqda.
Davlat dasturining inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish yoʻnalishi ijrosini taʼminlash Oliy Majlis palatalari masʼul etib belgilangan.
Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirishga qaratilgan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan parlament nazorati yoʻlga qoʻyiladi.
Majlisda, shuningdek, mamlakatimizda islohotlarni izchil davom ettirishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilganligi taʼkidlandi.
Xususan, xalq deputatlari Kengashlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusini shakllantirish hamda ularning vakolatlarini kengaytirish orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish lozimligi qayd etildi.
Davlat dasturi mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch boʻgʻiniga aylantirish boʻyicha choralarni ham nazarda tutadi. Bunda hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda mahallalarning vakolatlarini, ularning jamoatchilik bilan aloqalarini kengaytirish, hokim yordamchilari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish kabi vazifalar amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining institutsional asoslarini zamon talablariga moslashtirish, davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “fuqarolarga xizmat qilishga yoʻnaltirish” tamoyili asosida transformatsiya qilish, ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish kabi ustuvor yoʻnalishlar belgilangan.
Shuningdek, byudjet tashkilotlariga aniq strategik vazifalar qoʻyish, ularga soʻrov yuborish amaliyoti joriy qilinadi. Hududlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri, masofaviy ishlash yoʻlga qoʻyiladi, hududlarni rivojlantirish masalalarida vakillik organlari ishtiroki kuchaytiriladi.
Muhokamalarda ushbu vazifalarning joylardagi ijrosi Senatning tegishli qoʻmitalari hamda hududlardagi senatorlar va mahalliy Kengashlarning diqqat markazida boʻlishi lozimligi taʼkidlandi.
Majlisda Davlat dasturida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish boʻyicha Senatning chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, tegishli qaror qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Oʻzbekistonning 7 ta moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari AYSESKO roʻyxatiga kiritildi
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- Erkaklar ayollarga nisbatan koʻproq kaloriya isteʼmol qilishi kerakmi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring