Saraton kasalliklari profilaktikasida xabardorlik yetishmaydi

18:28 25 May 2022 Jamiyat
904 0

Poytaxtimizda “Oʻzbekiston Respublikasida bachadon boʻyni saratoni oldini olishda OAVning oʻrni” mavzuida brifing oʻtkazildi.

Unda jurnalistlar “Bachadon boʻyni saratonini ilk davrda aniqlash uchun inson papillomasi virusi” qoʻshma loyihasi doirasida 30-55 yoshli ayollar orasida kasallikni aniqlashning sinov loyihasi hamda Yaponiya hukumati moliyaviy koʻmagida oʻtkazilayotgan BMT Taraqqiyot dasturi — YUNFPAning “Orol dengizi havzasida mahalliy aholining sogʻliqqa, ekologik va iqtisodiy himoyasizlikka bardoshliligini oshirish” dasturlarining natijalari bilan yaqindan tanishtirildi.

Maʼlum qilinishicha, loyiha doirasida 49 140 ta tekshiruv oʻtkazilgan boʻlib, shundan 3290 holatda organizmda kasallik mavjudligi tasdiqlangan. Aniqlangan patalogiya boʻyicha barcha bemorlar tegishli doiradagi mutaxassislarga konsultatsiya va davolanish uchun yuborilgan. Mazkur loyiha erta bosqichlarda kasallik oldini olishga qaratilgan boʻlib, toʻgʻri davolash ayolning 100 foiz davo topishiga olib kelishi mumkin. Dasturni bajarish chogʻida olingan natijalarning barchasi saraton kasalliklar oldini olish boʻyicha Milliy strategiyani ishlab chiqish uchun Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vazirligiga taqdim etiladi.

Sinov loyihasi yangi anjomlarni sotib olish va yetkazish, skrining testlar oʻtkazish va unda ijobiy natijalar koʻrsatgan bemor ayollar bilan ishlaydigan tibbiyot xodimlarini oʻqitish kabi chora-tadbirlarni oʻz ichiga olgan. Loyiha doirasida 45 nafar ginekolog, 150 nafar shifokor, 270 nafar patronaj hamshiralar va 77 nafar Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimining birinchi boʻgʻinidagi akusherlari oʻqitildi.

Tadbirda mutaxassislar bachadon boʻyni saratoni Oʻzbekistonda ayollar orasida eng koʻp uchraydigan saraton kasalligi turi boʻyicha ikkinchi, mazkur kasallik tufayli oʻlim holatlari boʻyicha esa uchinchi oʻrinda turishi taʼkidlandi. U 90 foiz holatda odam papilloma virusi infeksiyasi bilan boshlanadi.

Ushbu infeksiyani erta aniqlash va davolashni yoʻlga qoʻyish bilan davolasa boʻladi. Buning uchun muntazam skrining, erta tashxis qoʻyish va oʻz vaqtida davolash talab etiladi. Bu uch yondashuvni muvaffaqiyatli amalga oshirish 2050-yilga kelib, yangi holatlarni 40 foizga kamaytirishi va dunyo boʻylab 5 millionga yaqin oʻlimning oldini olishi mumkin.

“Bachadon boʻyni saratoni yoʻq qilingan birinchi saraton boʻlishi mumkin. Ayollarni muntazam skrining qilish va qizlarni odam papilloma virusiga qarshi emlash orqali biz bachadon boʻyni saratoni bilan kasallanishni kamaytira olamiz”, — deydi tibbiyot fanlari doktori N. Zaxirova. — Ammo respublikamizda hamma ham skrining afzalliklarini tushunavermaydi. Shuning uchun matbuot va OAVning yordamisiz kerakli natijalarga erisholmaymiz. Bugungi hisobot va profilaktika koʻrinishidagi brifingni maqsadi ham bu boradagi ishlarni OAV orqali keng targʻib qilishdan iborat.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistondagi ayollar orasida saratonning bu turi tarqalishi boʻyicha oldingi oʻrinlarda turishiga qaramay, u haqidagi xabardorlik darajasi pastligicha qolmoqda. Ayniqsa, qishloq ayollari orasida. Agar 2021-yilda respublikamizda 1827 ta mazkur kasallik aniqlagan boʻlsa, ularning 997 tasi oʻlim bilan yakun topgan. Agar tegishli choralar koʻrilmasa, 2030-yilga borib, saratonning bu turi bilan kasallanish koʻrsatkichi yiliga 2100 dan oshishi, oʻlim bilan tugaydigan holatlar 1300 ta yetishi mumkin.

Pilot dasturi Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida 6000, Qoraqalpogʻistonda 50 ming nafar ayolni qamrab olgan va Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimida bachadon boʻyni saratoni uchun birlamchi skriningning milliy strategiyasi va dasturini ishlab chiqishga oʻz hissasini qoʻshishi kerak. Dasturning maqsadi — saratondan oldingi holatlarni toʻgʻri davolashni taʼminlash, bachadon boʻyni invaziv saratoni bilan ogʻrigan ayollarni mutaxassis shifokorlarga yuborish, ushbu kasallik boʻyicha skrining maʼlumotlarining elektron reyestrini ishlab chiqishni boshlash va sifatni nazorat qilish hamda baholash tizimini joriy etish hisoblanadi.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер