Sanoatning salohiyati yangi bosqichga olib chiqiladi

16:16 19 Yanvar 2026 Jamiyat
367 0

Mis dunyo bozorida nafaqat sanoat metali, balki mamlakatning iqtisodiy qudratini ham belgilovchi strategik resurs sifatida qadrlanadi. 2026-yilga kelib, bu jarayonda yanada jadallashmoqda. Joriy yilning dastlabki oyidayoq London metall birjasida har bir tonna mis 12,5–13 ming AQSH dollariga baholanmoqda. Bu oʻtgan davrga nisbatan 40 foiz oʻsish deganidir.

Jahon bozorida 150 ming tonnadan 330 ming tonnagacha boʻlgan miqdorda tozalangan mis tanqisligi sharoiti kuzatilayotgan ayni kunlarda yurtimizda togʻ-kon sanoatini rivojlantirish hamda ishlab chiqarish quvvatini yanada kengaytirish kun tartibidagi masalalarning biriga aylangan. Ayni shu maqsadda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatida ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan navbatdagi yirik investitsiya loyihasi boshlandi.

Kombinatning 2-mis boyitish fabrikasida maʼdanlarni qayta ishlash quvvatini yiliga 5 million tonnagacha oshirish maqsadida yangi boyitish majmuasi qurilmoqda. 3,1 gektar hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan olib borilmoqda. Mazkur loyiha doirasida Markaziy taʼmirlash mexanika zavodida ham tayyorlangan zamonaviy texnologik uskunalar oʻrnatilib, maʼdanlarni maydalash, yanchish, flotatsiya va quyultirish kabi murakkab texnologik jarayonlar toʻliq mahalliylashtirish asosida yoʻlga qoʻyiladi.

“Yoshlik – I” koni maʼdanini qayta ishlashga ixtisoslashgan ushbu yangi majmua ishga tushgach, bir yilda 74,2 ming tonna qoʻshimcha konsentrat olishga erishiladi. Bu esa oʻz navbatida mis katodi bilan bir qatorda oltin va kumush kabi qimmatbaho metallar ishlab chiqarish hajmining ham sezilarli darajada oshishini taʼminlaydi. Shu bilan birga, loyiha toʻliq ishga tushirilganidan soʻng, 600 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Qolaversa, byudjetga toʻlovlar miqdori koʻpayadi va 2-mis boyitish fabrikasining umumiy ishlab chiqarish quvvati 10 million tonnaga yetkazish imkoni yaratiladi.

Otabek ISROILOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?