Sanoat zonalari: qulay biznes maydoni

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda tashkil etilgan kichik sanoat zonalari hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida ishlab chiqarish faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilib, soʻng muhandislik-transport kommunikatsiyalari bilan taʼminlangan joy yoki bino tanlov asosida taqdim etiladi. Natijada oʻzining tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki kengaytirish istagida boʻlgan yurtdoshlarimiz elektr, suv, yoʻl va boshqa infratuzilma tarmoqlarini barpo etish uchun ortiqcha vaqt va mablagʻ sarflamaydi. Hamma shart-sharoitga ega, tayyor joyni oladiyu, faoliyati boshlaydi.
Biznes maydonidagi shu kabi qulayliklar sabab kichik sanoat zonalari ham, ularga talabgorlar soni ham tobora oshib bormoqda.
Birgina Qashqadaryo viloyati misolida oladigan boʻlsak, bugungi kunda vohada 300 gektardan ortiq maydonda 59 ta sanoat zonasi barpo etilgan, shundan 2 tasi erkin iqtisodiy, 15 tasi yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari, 42 tasi kichik sanoat zonalari hisoblanadi.
Ayni paytda hududdagi kichik sanoat zonalarida 700 ga yaqin tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda.
Prezidentimizning 2018-yil 29-martdagi “Qashqadaryo viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan Qamashi kichik sanoat zonasida bugungi kunda oʻnlab tadbirkorlik subyektlari faoliyat olib bormoqda. “Toshev Asqar metall gulsaf” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham ulardan biri.
Tadbirkor Asqar Toshev 2019-yilda kichik sanoat zonasidagi lotlardan birini olib, shu yerda metallga ishlov berishni yoʻlga qoʻygan. Dastlab yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtib, oila aʼzolari bilan ishni boshlagan boʻlsa, oʻtgan yillar davomida faoliyati har tomonlama rivojlandi. Yangi-yangi loyihalarni amalga oshirdi. Bugungi kunda A. Toshev tumandagi iqtisodiy jihatdan eng barqaror korxonalardan birining rahbari sanaladi.
— Ayni paytda korxonamizda yengil avtomobillar uchun yuk qoʻyish moslamasi (bagaj), kiyim ilgak (veshalka), temir eshik, oshxona jihozlari va shu kabi oʻndan ortiq metall buyumlari ishlab chiqarilmoqda, — deydi tadbirkor. — Bundan tashqari, yengil avtomobillar uchun oʻrindiq jildlari (chexol) tayyorlashni ham yoʻlga qoʻyganmiz. Yiliga 2 ming donadan ortiq oʻrindiq jildlari hamda mingdan ortiq avtomobillar uchun yuk qoʻyish moslamalari, shuningdek, buyurtma asosida yana bir qator metall buyumlarni ham tayyorlab, ichki bozorga yetkazib beramiz. Korxonamizda 30 nafardan ziyod kishining doimiy ish bilan taʼminlangan.
Shahrisabz tumanidagi yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi Xontepa mahallasi hududida, 1,42 gektar yer maydonida tashkil etilgan. Bu yerda tadbirkorlar tomonidan oʻnlab istiqbolli loyihalar amalga oshirildi.
— Tadbirkorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar faoliyatimizni yanada kengaytirish, rivojlantirish imkonini bermoqda, — deydi tumandagi “Yunus Abdurazzoqovich” oilaviy korxonasi rahbari Yunus Meyliqulov. — Oʻzim misolimda aytadigan boʻlsam, toʻrt yil avval bir nechta zarur uskunalarini xarid qilib, oʻz hovlimizda sim setkalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan edim. Bu orada bozorda oʻz oʻrnimizni topdik, maʼlum darajada iqtisodiy imkoniyatlarga ega boʻldik, biroq faoliyatimizni kengaytirishning imkoni boʻlmayotgan edi. Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi tashkil etilishi biz uchun ham ayni muddao boʻldi. Ushbu hududdagi lotlardan birini olib, qisqa fursatda oʻz ishlab chiqarish majmuamizni qurib, ishga tushirdik. Natijada bir yil ichida faoliyatimiz qariyb ikki barobarga kengaydi. Hali oldinda yangi rejalarimiz, maqsadlarimiz koʻp.
Ochiq aytib oʻtish joiz, viloyatdagi ayrim sanoat zonalarida zarur infratuzilmalarni barpo qilish va ishni tashkil etish bilan bogʻliq muammolar mavjud. Natijada hamon boʻsh turgan yoki qayta-qayta onlayn auksion savdolariga chiqarilsada, oʻz egasini topmayotgan lotlar ham yoʻq emas. Muhimi shundaki, aksariyat kichik sanoat zonalari hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari bugun qizgʻin ishlab chiqarish maydoniga aylangan, ularda minglab insonlar doimiy ish bilan taʼminlangan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring