“Havoni bulgʻamang, Janoblar!”

Dam olish kunlari millionlab odamlar faqat toza havo olish uchun bogʻlarga, togʻlarga boradilar. Chunki shaharda havoni ifloslantirish manbalari juda koʻp. Zavodlar, hatto yoqilgʻida ishlaydigan mashinalardan chiqadigan koʻzga koʻrinmas tutunlar ham havoni ifloslantiradi.
Urgut tumanidagi “Dehqonobod” mahallasining tabiati soʻlim boʻlishiga qaramay, keyingi paytlarda salomatlik uchun eng xavfli hududlardan biriga aylanib bormoqda. Buning sababi ijtimoiy tarmoqlarda juda koʻp muhokama qilinayotgan oqova suv muammosi boʻlsa, ikkinchisi kuz keldi deguncha fermerlarning dalaga toʻkayotgan zararli oʻgʻitlaridir. Bir necha yildan buyon Urgut tuman “Yangi Oʻzbekiston” massividagi koʻp qavatli xonadonlardan chiqayotgan oqova va “Erkin iqtisodiy zona” hududida joylashgan korxonalarning chiqindi suvlari Yangiariq kanaliga oqizib kelinayotgani aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlmoqda. Faqatgina ekinlarni sugʻorish, yaʼni vigitatsiya davridagina suv oqadigan kanalda chiqindi suvlarning toʻplanib qolishi natijasida atrofga chidab boʻlmas darajada badboʻy hid tarqalmoqda. Bu biz nafas olayotgan havo, salomatligimizni oʻylab qaygʻurmaslikning hech iloji yoʻq.
– Mirzaqishloq mahallasi hududida oqova suv tozalash inshooti qurilgan, – deydi “Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi boʻyicha injenering kompaniyasi” davlat unitar korxonasi bosh muhandisi Asror Nasimov. – 2019-yilda foydalanishga qabul qilingan inshoot oqovani bakteriologik tozalashga moʻljallangan. Ayni paytda uskunalar ishlab turibdi. Qayta ishlangan texnik suv shu kanalga tashlanmoqda. Mazkur oqova suv tozalash inshooti tumandagi koʻp qavatli uylarda yashovchi 22,7 ming aholi, 75 ta ishlab chiqarish va boshqa obyektlarga xizmat koʻrsatadi. U sutkasiga 1000 kub metr oqova suvni tozalashga moʻljallangan. Ammo bugungi kunda zavod-fabrikalardan turli kimyoviy moddalar oqovasi kelib tushishi oqibatida inshootning qurilmalariga zarar yetib, tez-tez ishdan chiqmoqda. Bu yerga kelayotgan oqova miqdori inshootning qayta ishlash quvvatidan ikki barobar ortiq boʻlganligi tufayli ortiqcha suvni toʻgʻridan toʻgʻri kanalga quyishga ham toʻgʻri kelmoqda.
Maʼlumki, oqova suvlar tozalash inshootida tozalangandan keyin undan chiqqan texnik suv doimiy ravishda oqib turadigan suv havzalariga tashlanishi lozim. Yangiariq kanaliga esa faqatgina ekinlarni sugʻorish paytida suv beriladi. Mirzaqishloqda qurilgan tozalash inshootida bu jihat hisobga olinmagan.
Tumanning Oʻramas massividagi Gʻishtmachit qishlogʻi hududida bir kecha-kunduzda 10 ming kub metr oqovani qayta ishlashga moʻljallangan inshoot qurilishi boshlangandi. Ammo mazkur inshoot mablagʻ yetishmasligi sababli hamon qurib bitkazilmadi. Yana bir muammo fermerlar bilan bogʻliq. Ayni kunlarda fermerlar dalalardagi ekindan boʻshagan maydonlarga mahalliy oʻgʻitlar sepmoqda. Ha, nima boʻlibdi, yerni oziqlantirish maqsadida sochyapti-da deyishingiz mumkin. Toʻgʻri, aslida shunday, lekin buni hech kimga zarar yetkazmay bajarish kerak-da! Bilasiz, baʼzi bir mahalliy oʻgʻitlarning badboʻy hidiga chidab boʻlmaydi. Fermer uni dalasiga sochgandan keyin tezda yerni texnikada agʻdarib chiqmaydi. Bir necha kunlab ochiq maydonda qolib ketayotgan bunday oʻgʻitlar ham toza havodan nafas olishga imkon qoldirmayapti.
– Yangi ariq kanaliga suv quyilgancha ushbu kanalga oqizilayotgan oqova va chiqindi suvlarning toʻplanib qolishidan aziyat chekib kelamiz, – deydi Dehqonobod mahallasida yashovchi Bobur Boymatov. – “Toza hudud”dan mashina kelmasligi bois aholi chiqindini dalaga tashlashga majbur boʻlayotgani ham jiddiy masala edi. Endi fermerlarning dalaga toʻkayotgan mahalliy oʻgʻitlari azob bermoqda.
Mahalladagilarning murojaatidan keyin shu masalada yordam soʻrab viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi mutasaddilariga chiqdik. Ular “Bu holatda ekologiya buzilib, havo ifloslanmayapti, biz hech narsa qila olmaymiz, sanitar holatning buzilishiga viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik boshqarmasi masʼul, ular chora koʻrishga vakolatli”, degan javobni berishdi. Shu asosda viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik boshqarmasi masʼullariga bogʻlandik. Xullas, sansalorlikdan keyin qayerga murojaat qilishni ham bilmay qoldik. Joʻyali javobni esa masʼullardan kutib qolamiz.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring