Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 86,4 trln. soʻmga yetkaziladi

18:46 07 Fevral 2022 Iqtisodiyot
2778 0

Mamlakatimiz Prezidentining “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmonida hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholini ijtimoiy himoya qilish va turmush darajasini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, huquqbuzarliklarning oldini olish bilan bogʻliq qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Shu asosda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik va ezgu ishlar yurtdoshlarimizda shukronalik hisini uygʻotmoqda. Zero, Taraqqiyot strategiyasida “Inson qadri uchun” degan ezgu gʻoya asosida aholi bandligini taʼminlash, farovonligini oshirish va har bir insonning davlatdan roziligiga erishish yoʻllari oʻz ifodasini topgan.

Shu mezon asosida Navoiy viloyatining 2021-yil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi makroiqtisodiy koʻrsatkichlariga razm solsak, yil yakuni bilan yalpi hududiy mahsulot 106,2, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish qariyb 107, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari 103,7, qurilish-pudrat ishlari 103,2, xizmatlar hajmi 120,9 foizga oʻsishi, aholi jon boshiga esa sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2020-yilga nisbatan 7,2 mln. soʻmga oshib, 71,9 mln. soʻmni tashkil etishi yoki 105,1 foizga oʻsishiga erishildi. Ayni chogʻda 18 ming 680 ta yangi ish oʻrni yaratilib, bandlik dasturi ijrosi 105 foizga bajarildi.

Viloyatimizda “temir daftar»ga kiritilgan 19378 ta oila hamda “yoshlar daftari” va “ayollar daftari”ga kiritilgan jami 48 ming nafardan ziyod fuqarolarga har tomonlama amaliy yordam koʻrsatilib, mahalliy byudjetdan 33,7 mlrd. soʻm mablagʻ ajratildi.

Bu daftarlardan chiqarishda undagi fuqarolarning qaytib tushmasligi choralari qatʼiy belgilanib, bunda aholi bandligini taʼminlash va ularni kasb-hunarga qayta yoʻnaltirish yagona yoʻl sifatida tanlandi. Shu maqsadda viloyatda “Ishga marhamat” monomarkazi, Nurota kasb-hunarga oʻqitish markazi va 59 ta mahalla maskanlari faoliyati kengaytirilmoqda.

Davlatimiz rahbari viloyatimizga tashriflari davomida hududda faqat yirik sanoat korxonalariga suyanib qolish tendensiyasiga bosqichma-bosqich barham berish, imkoniyatdan samarali foydalangan holda mahalliy sanoatni jadal rivojlantirish vazifalarini belgilab bergan edi. Shu asosda oʻtgan yili viloyatda faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalari 368 taga oshirildi. Natijada hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 5,3 trln. soʻmni tashkil etdi. Bu borada yirik loyihalar oʻz vaqtida ishga tushirilganligi asosiy omil boʻldi.

Bundan tashqari, oʻtgan yil 22 — 24-aprel kunlari Navoiy shahrida kon-metallurgiya, kimyo sanoati, qurilish materiallari, elektr energetikasi sohalaridagi yirik tarmoq tashkilotlari hamda respublikaning barcha hududlaridan bu tarmoqlar uchun mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlar ishtirokida sanoat yarmarkasi oʻtkazilib, yakunda 375,8 mlrd. soʻmlik 996 ta sanoat kooperatsiyasi shartnomalari va 268 ta texnik jihatdan hamkorlik qilish memorandumlari imzolanganligi hudud sanoati ravnaqiga ulkan turtki berdi.

Shuningdek, sanoatning rivojlanishida muhim ahamiyatga ega boʻlgan kooperatsion portali orqali viloyatdagi 3084 ta yirik, oʻrta va kichik biznes subyektlari oʻrtasida shartnomalar imzolanib, 5 416,1 mlrd. soʻmlik oldi-sotdi ishlari amalga oshirildi.

Bu kabi chora-tadbirlar 2022-yilda ham amalga oshirilib, jami sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 86,4 trln. soʻm, oʻsish surʼatini esa 107,3 foiz yetkazish rejalashtirilgan. Unda hududiy sanoat ishlab chiqarish hajmi 6,6 trln. soʻmni, oʻsish surati 116,7 foizni tashkil etadi. Shu orqali Investitsiya dasturi doirasida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hisobiga raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hamda yangi korxonalarni tashkil etish natijasida qoʻshimcha sanoat mahsulotlari hajmi yaratiladi. Masalan, “Navoiy azot” AJda sulfat kislota, texnik gaz, “Zarafshon oyna” MCHJda keng turdagi shisha mahsulotlari va “NavpromlitmasH” MCHJda alyuminiy va misdan elektr nakonechniklar, soʻrib oluvchi qovurgʻali rukavalar kabi yirik loyihalar ishga tushiriladi.

Oʻz navbatida, hududlarda oʻtkaziladigan yarmarkalar hisobiga sanoat (yirik va kichik) korxonalar oʻrtasida 6 462,4 mlrd. soʻmlik mahalliy sanoat mahsulotlari savdosi amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, mahalliylashtirish dasturi doirasida 56 ta hududiy korxona tomonidan 847,9 mlrd. soʻmlik import oʻrnini bosuvchi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, natijada 917 ta yangi ish oʻrni yaratish hamda 74,4 mln. dollar miqdorida valyuta tejalishiga erishish belgilab olingan.

Ushbu vazifalar Taraqqiyot strategiyasida ham oʻz aksini topgan boʻlib, <>kelgusi besh yilda viloyatimizda 15 mlrd. dollarlik 2,2 mingta investitsiya loyihasi amalga oshiriladi va 75 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Shularga mos ravishda 2022-yilda mahalliy sanoatni rivojlantirish hisobiga 5,3 trln. soʻmlik 729 ta hududiy investitsiya loyihasini ishga tushirish va 10 mingdan ortiq ish oʻrinlari yaratish maqsad qilingan.

Umuman, bugun umidbaxsh loyihalar bois viloyatning olis hududlariga ham yangi texnologiya va turli muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari kirib bormoqda. Bu esa iqtisodiyotimiz rivojining yanada tezlashtirish, xalqimiz turmushini farovonlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Jamoliddin HAMROYEV,

Xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi kotibiyati mudiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер