SamDUning iqtidorli talabalar taqdirlandi

17:48 14 Fevral 2026 Ilm-fan
503 0

Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov universitetning iqtidorli talabalar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda 2025 oʻquv yilida Prezident hamda davlat stipendiyalariga sazovor boʻlgan talabalar, turli respublika va xalqaro tanlovlar gʻoliblari esdalik sovgʻalar va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

– Talabalarning mukammal oʻqishi, ilmiy izlanishlar olib borishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi rektor Rustam Xolmurodov. – Sizlar universitetimizning yetakchi talabalarisiz. Bugungi natijalaringiz sizlar uchun boshlanishi boʻlsin. Hamma sizga havas bilan qarasin. Oʻz ustingizda yana-da koʻproq ishlashingiz zarur. Xorijiy tillarni mukammal oʻrganish va xalqaro maydonda faol boʻlishingiz kerak. Shuni unutmang, zamonaviy bilim va koʻnikmalar bilan qurollangan yoshlar mamlakat taraqqiyotining asosiy tayanchi. Sizlarga ulkan omad va zafarlar tilayman.

– 2024-yilda Alisher Navoiy nomli davlat stipendiyasi sohibi boʻldim, – deydi SamDU yuridik fakulteti 4-bosqich talabasi Shahboz Boʻronov. – Bu yil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasini qoʻlga kiritdim. 30 dan ortiq maqolam xalqaro jurnal va konferensiya toʻplamlarida eʼlon qilindi. “Yil talabasi – 2025” tanlovi gʻolibiman. Stipendiant boʻlish men uchun katta sharaf va masʼuliyatdir. Ilmiy rahbarim SamDU yuridik fakulteti dekani Rahmatillo Mirzayevdan minnatdorman. Oʻqishimni magistratura va doktorantura bosqichida davom ettirish niyatidaman. Biz, yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga rahmat aytaman.

– Zahiriddin Muhammad Bobur nomli davlat stipendiyasini qoʻlga kiritdim, – deydi SamDU tarix fakulteti talabasi Marjona Tursunmurodova. – “Maʼrifat maydoni – 2024”, “Kitob - mening doʻstim” respublika koʻrik-tanlovlari ishtirokchisiman. “Yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichi gʻolibiman. 10 dan ortiq maqolam xalqaro jurnallarda nashr etilgan. Ilmiy rahbarim - SamDU Jahon tarixi kafedrasi dotsenti Sirojiddin Oʻsarov. Oʻqishimiz uchun barcha shart-sharoitlar mavjud. Undan samarali foydalanish har kimning oʻziga bogʻliq. Talabalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani uchun rektor Rustam Xolmurodovdan minnatdorman.

Tadbir davomida Prezident hamda davlat stipendiyalarining yangilangan nizomi, ularning mazmun-mohiyati haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер