Samarqanddagi “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazida zamonaviy dor yoʻli barpo etilmoqda
Samarqand shahrida joylashgan “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazida hududning turistik jozibadorligini oshirish hamda mehmonlar uchun zamonaviy va qulay transport infratuzilmasini yaratish maqsadida dor yoʻli qurilishi amalga oshirilmoqda.
Loyihaga muvofiq, dor yoʻlining umumiy uzunligi 1700 metrni tashkil etadi. U 35 ta kabinadan iborat boʻlib, har bir kabina 10 nafargacha yoʻlovchini tashish imkoniyatiga ega. Soatiga 1500 nafargacha mehmonga xizmat koʻrsatish quvvati yaratiladi.
Mazkur loyiha amalga oshirilishi natijasida xalqaro turizm markazi hududida harakatlanish yanada yengillashadi. Shuningdek, sayyohlar hududni balandlikdan tomosha qilish va dam olish uchun qoʻshimcha imkoniyatlarga ega boʻladi.

— Bundan tashqari, viloyatda turizm sohasini rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan master-reja asosida 24/7 rejimida faoliyat yuritadigan turizm koʻchalari tashkil etish, beshta mahallaga “turizm qishlogʻi” maqomini berish rejalashtirilgan, — deydi viloyat turizm boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Joʻrabek Suyunov. — Shuningdek, Urgut, Nurobod, Samarqand tumanlari hamda Kattaqoʻrgʻon suv ombori hududlarini qamrab olgan yagona turizm zonasi direksiyasi tashkil etiladi.
Shu bilan birga, Urgut, Toyloq, Samarqand va Pastdargʻom tumanlaridagi Dargʻom kanali sohillarida tadbirkorlar tomonidan rekreatsion maskanlar barpo etish koʻzda tutilgan.

Urgut tumanining Omonqoʻton va Qoratepa mahallalarida 80 gektar maydonda yirik turizm loyihalari amalga oshiriladi. Jumladan, Qoratepa suv ombori va togʻ yonbagʻirlarida kemping hamda kapsula turidagi “Eco village” shaharchalari barpo etiladi. Omonqoʻton mahallasida xizmat koʻrsatish nuqtalari tashkil qilinib, “Omonqoʻton” milliy qoʻriqxonasining rekreatsion zonasida sayyohlar uchun kuzatuv maydoni va piyodalar yoʻlaklari barpo etiladi.
Tumanning Chorchinor mahallasini “turizm qishlogʻi”ga aylantirish ham rejalashtirilgan. 25 million dollarlik investitsiya hisobiga zamonaviy ovqatlanish maskanlari, dor yoʻli, ekouylar, oʻtovlar, mehmonxona, servis va savdo obyektlari tashkil etiladi. Loyiha natijasida 300 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring