Samarqandda “Yoshlar turizmi haftaligi” mazmunli sayohatlar bilan oʻtmoqda
Samarqand viloyatida oʻquvchi va talabalarning qishki taʼtil davridagi boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida “Yoshlar turizmi haftaligi” doirasida muzeylar va tarixiy obidalarga sayohatlar uyushtirilmoqda.
Sayohatlarga viloyatning barcha shahar va tumanlaridan, asosan nogironligi boʻlgan, ijtimoiy daftarlarda roʻyxatda turgan hamda fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan oʻquvchi-yoshlar jalb etilgan. Shuningdek, yosh sayohatchilar uchun teatr va kinoteatrlarda tarixiy spektakllar hamda badiiy filmlar namoyish etilmoqda.
Xususan, Samarqand shahrida viloyatdan mehnat migratsiyasiga ketgan fuqarolarning farzandlari va ularning yaqinlari uchun Yangi yil bayrami munosabati bilan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi. Dastlab ishtirokchilar viloyat musiqali drama teatrida bolajonlar uchun sahnalashtirilgan spektaklni tomosha qilishdi. Shundan soʻng shaharning tarixiy obidalari va diqqatga sazovor maskanlariga sayohat uyushtirilib, yoshlarga madrasalar va ularning barpo etilish tarixi haqida batafsil maʼlumot berildi.

Tadbir bayram dasturxoni atrofida davom etdi va bolajonlarga yangi yil sovgʻalari ulashildi.
— Oʻgʻlim xorijda boʻlsa-da, davlatimiz eʼtiborini doim his qilib turibmiz, — deydi Oqdaryo tumanida istiqomat qiluvchi Nazokat Xidirova. — Ayniqsa, bayram kunlarida farzandlarimizni eslab, qoʻllab-quvvatlayotganlari uchun minnatdormiz. Bu eʼtibor bolalarga oʻzlarini yolgʻiz emasligini, davlat gʻamxoʻrligini his etish imkonini beradi.
Migratsiya agentligi viloyat filiali maʼlumotlariga koʻra, ayni paytda Samarqand viloyatidan 170 ming nafarga yaqin fuqaro mehnat migratsiyasi maqsadida xorijiy davlatlarda faoliyat yuritmoqda. Ularning mehnat faoliyati, yashash sharoiti va oilaviy ahvoli Oʻzbekiston mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi, bandlik boshqarmasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda muntazam oʻrganilib, zarur yordamlar koʻrsatib kelinmoqda.

“Yoshlar turizmi haftaligi” doirasida har kuni viloyatning shahar va tumanlaridan yuzlab oʻquvchi-yoshlar Samarqand shahrining madaniy meros obyektlari, muzeylar, teatr va kinoteatrlariga sayohatga kelmoqda.
— Ham sayohat qilyapmiz, ham tarix fanidan bilimlarimizni boyityapmiz, — deydi Jomboy tumanidagi maktab oʻquvchisi Sadoqat Abdurahmonova. — Samarqanddagi tarixiy obidalarni yaqindan koʻrib, ularning tarixi bilan tanishdik. Ayniqsa, tut daraxti poʻstlogʻidan tayyorlanadigan qogʻoz va undan yasalgan turli buyumlar, qoʻgʻirchoqlar menda katta taassurot qoldirdi.
Qayd etish joizki, Yangi yil bayrami munosabati bilan berilgan dam olish kunlarida Samarqand shahri sayyohlar bilan gavjum boʻldi. Besh kun ichida shaharga 145 ming nafardan ortiq mahalliy va 50 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi.

Viloyat turizm boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, bayram kunlari aholining diqqatga sazovor maskanlarga sayohatini ragʻbatlantirish maqsadida turizm sohasida 30 foizgacha chegirmalar joriy etildi. Mehmonxonalar, ovqatlanish shoxobchalari, madaniy meros obyektlari va turoperatorlar tomonidan imtiyozli takliflar taqdim etildi, qoʻshimcha poyezd qatnovlari yoʻlga qoʻyildi.
Natijada Yangi yil bayram kunlari Samarqandga jami 200 ming nafarga yaqin mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurdi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring