Samarqandda “Ustozlar milliy forumi” oʻtkazildi

Kelajak sari dadil qadam tashlayotgan yoshlardan biri — Anora Bagirova Samarqanddagi 72-umumiy oʻrta taʼlim maktabini oltin medal bitirib, oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida 186,8 ball toʻplashga muvaffaq boʻldi. Ayniqsa, test sinovlarida Davlat va huquq asoslari fanidan 30 ta savolning barchasiga toʻgʻri javob bergani eʼtirofga molikdir.
— Men oilada uch nafar farzandning kattasiman. Ota-onam Avtomotohavaskorlar maktabida instruktor boʻlib ishlaydi. Bilim olishimizga alohida eʼtibor bilan qaraydi. Buning uchun barcha sharoitni yaratib berishga harakat qiladi. Natijada oʻquvchilik davrimda til bilish boʻyicha IELTS sertifikati, ona tili va adabiyot hamda tarix fanlaridan ham sertifikatga ega boʻldim, — deydi A.Bagirova. — Maktabni tugatganimdan soʻng oliy taʼlim olish uchun test sinovlarini topshirib, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti va yana bir qator oliy taʼlim muassasalarining yuridik yoʻnalishlariga grant asosida oʻtdim. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 4 bosqichli saralash va ichki imtihonlardan oʻtib, testda olgan yuqori ballarim hisobiga oʻqishga qabul qilindim. Akademiyaning tergov faoliyati yoʻnalishi boʻyicha Samarqand viloyatidan 2 ming nafar yoshlar hujjat topshirgan ekan. Ular orasida eng yuqori ball toʻplaganimdan juda mamnunman.
Anora Bagirova huquqni muhofaza qilish yoʻnalishda tahsil olib, jamiyat rivojiga munosib hissa qoʻshishiga ishonchimiz komil, albatta.
Shu oʻrinda aytish kerakki, 2024-2025 oʻquv yilida Samarqand viloyatidagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 11-sinf oʻquvchilaridan 1889 nafari oltin, 348 nafari kumush medal bilan bitirgan boʻlsa, 342 nafari muddatidan oldin talaba boʻldi.
Viloyatdagi umumtaʼlim maktablarida faoliyat olib borayotgan 5887 nafar xorijiy tillar fani oʻqituvchilaridan 64,5 foizi chet tilini bilish darajasi boʻyicha milliy yoki xalqaro darajadagi sertifikatlarga ega boʻlishdi.
— Bundan tashqari, viloyatga 24 nafar xorijiy mutaxassislar — “Zoʻr” (“Klass”) loyihasi boʻyicha Rossiyadan 12 nafar, Filippindan 9 nafar, Hindiston, Kanada hamda Fransiyadan 1 nafardan oʻqituvchi jalb etildi, — dedi Samarqand viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Muzaffar Hamdamov. — Yangi oʻquv yilidan jami 149 nafar xorijiy mutaxassislarni olib kelish rejalashtirilgan.
Joriy yilda har bir tuman (shahar)da bittadan, viloyatda jami 16 ta “Jasorat maktablari” tashkil etilib, 5-sinf oʻquvchilari uchun ikki bosqichda imtihon jarayonlari oʻtkazildi.
Viloyatdagi 104 ta umumiy oʻrta taʼlim maktablarida 166 nafar alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan oʻquvchilar 132 ta inklyuziv sinflarda sogʻlom oʻquvchilar bilan bir sinfda taʼlim-tarbiya olishdi. 16 ta tuman (shahar)da bittadan maktab inklyuziv taʼlimning “toʻsiqsiz muhit” talablariga javob beradigan maktabi etib belgilandi.
Bular haqida Samarqand viloyat pedagogik mahorat markazida oʻtkazilgan “Ustozlar milliy forumi”da maʼlum qilindi.
300 nafar ilgʻor oʻqituvchi va tarbiyachilar ishtirok etgan forumda maktabgacha va maktab taʼlimi sohasida erishilgan yutuqlar tahlil qilindi, galdagi muhim vazifalar belgilab olindi. Darslik va metodikalar, zamonaviy oʻqitish usullari, eMaktab imkoniyatlari, Janubiy Koreya tajribasi asosida oʻyinga asoslangan taʼlim kabi mavzularda mahorat darslari tashkil etildi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Nyu-York manzaralari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring