Samarqandda shu yilning oʻtgan davrida 21 ta yangi turizm yoʻnalishi tashkil etildi

15:42 20 Iyun 2022 Jamiyat
1038 0

Foto: Xalq so‘zi

Yaqin-yaqingacha yurtimizga kelayotgan sayyohlarning asosiy tashrif manzillari tarixiy shaharlar, ulugʻ qadamjolar va ayrim madaniy meroslar bilangina cheklanar edi. Shu sababdan asosan havo salqin boʻlgan bahor va kuz oylarida sayyohlik biroz jonlanardi, xolos.

Soha rivojiga berilayotgan davlat darajasidagi eʼtibor natijasida hozirga kelib koʻplab yangi sayyohlik yoʻnalishlari, turizm manzillari paydo boʻlmoqda.

Birgina joriy yilning oʻtgan davrida Samarqand viloyatida 21 ta yangi turizm yoʻnalishi tashkil etildi. Jumladan, ekoturizm boʻyicha yangi 12 ta, etnoturizmda 3 ta, ekstremal turizm boʻyicha 5 ta yoʻnalish sayyohlar uchun xizmat qilmoqda.

Suv havzalari qirgʻoqlarida ham dam olish maskanlari, kempinglar tashkil etilmoqda. Kattaqoʻrgʻon va Qoratepa suv omborlari negizida tashkil etilgan dam olish maskanlari shular jumlasidandir.

— Tahlillarga koʻra, sayohat davomida suv havzasida hordiq chiqarishga turistlarning qiziqishi katta, — deydi Samarqand viloyat turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Dilshod Narziqulov. — Shu talabdan kelib chiqib, viloyatimizdagi suv havzalari, xususan, suv omborlari qirgʻoqlarida dam olish maskanlari kompleksini tashkil etyapmiz. Bu, albatta, mahalliy hamda xorijiy sayyohlarning oqimi ortishiga sezilarli taʼsir qildi.

Kattaqoʻrgʻon suv ombori qirgʻoqlarida tashkil etilgan dam olish maskanlari ushbu yoʻnalishdagi samarali loyihalardan biri. Bu yerda tadbirkorlar tomonidan sayyohlarning maroqli dam olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Choʻmilish havzasi, oshxona va boshqa zarur xizmatlar yoʻlga qoʻyilgan.

Shu yil may oyida suv omboriga yaqin hududdagi Qozoqovul qishlogʻida 30 oʻrinli “Nurshod” mehmonxonasi ish boshladi.

— Mehmonxonaning umumiy loyiha qiymati 3 milliard soʻmni tashkil qiladi, — deydi «Gulazizam servis» MCHJ rahbari Shamshod Uzoqov. — Bankdan bir milliard soʻm kredit olib faoliyatimizni boshlagan edik. Bir oyda besh yuzdan ortiq mijozga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga egamiz. Yaqin kelajakda suv omboriga olib boruvchi yoʻl taʼmirlanishi, ushbu yoʻnalishda sayyohlik marshruti yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan.

Suv ombori qirgʻoqlarida tadbirkorlar tomonidan dam olish maskanlari tashkil qilinib, bu yerda dam oluvchilarga katamaran va qayiqda sayr qilish xizmatlari yoʻlga qoʻyilgan.

Urgut tumanining Qoratepa suv ombori ham sayyohlarning ana shunday sevimli manzillaridan biri. “Tourist SKD” MCHJga qarashli xizmat koʻrsatish va dam olish maskanida rekratsion va plyaj hudud tashkil etilgan.

Bu dam olish maskani Teshiktosh tabiat moʻjizasi ekoturizm obyektiga tashrif buyuruvchilar hamda Samarqand-Shahrisabz yoʻnalishida sayohatga chiquvchilar uchun qoʻshimcha dam olish va hordiq chiqarish maskani sifatida ham muhim ahamiyatga ega. Uning sayyohlar borishi uchun qulay, goʻzal tabiat bilan hamohang hududda, togʻlar bagʻrida joylashgani xorijiy sayyohlar eʼtiborini tortadi. Bu yerda dam oluvchilar katamaran va qayiqlarda sayr qilishi mumkin.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер