Samarqandda noqonuniy oltin savdosi toʻxtatib qolindi

09:42 17 Noyabr 2025 Jamiyat
213 0

Foto: DXX

Samarqand viloyatida noqonuniy oltin savdosining oldi olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, DXXning Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanida tezkor tadbir oʻtkazilgan.

Unda Navoiy hamda Samarqand viloyatlarida yashovchi, 1982, 1984 va 1996-yillarda tugʻilgan 3 nafar fuqaro qonunga xilof ravishda jami ogʻirligi 475 gr tashkil qilgan 2 boʻlak oltin quymasini xaridorga 737 mln soʻmga sotishga kelishib, oldindan 500 mln soʻmni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasining tegishli xulosasiga koʻra, 994 asillik darajasidagi ushbu oltin quymalarining sof ogʻirligi 472 gr boʻlib, umumiy qiymati 740,4 mln soʻmni tashkil etadi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Taʼkidlanishicha, mazkur shaxslarning 2 nafari muqaddam sudlangan boʻlib, ulardan biri hozirda axloq tuzatish ishlari jazosini oʻtayotgan boʻlgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?