Samarqandda non festivali oʻtkazildi

15:10 19 May 2025 Jamiyat
115 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand shahridagi Islom Karimov koʻchasida “Samarqand noni — xalq brendi” nomli festival oʻtkazildi. Mazkur festivalga respublikamizning turli hududlaridan kelgan novvoylar tomonidan 22 ta tandir oʻrnatilib, biri-biridan ajoyib nonlar pishirildi.

— Samarqand nonlarining mashhurligi shu qadar keng yoyilganki, bu aziz neʼmat viloyatning tashrif qogʻoziga aylangan. Dunyoning yetti iqlimdan keladigan sayyohlar-u ziyoratchilar ham tarixiy obidalarni tomosha qilib, yurtiga qaytayotganda albatta, Samarqand nonlaridan olib ketadi, — deydi Samarqand viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev. — Mahallarimizda yuzlab usta novvoylar ota-bobolari, momolaridan meros bu hunarni davom ettirib, elimiz dasturxoni toʻkin-sochinligini taʼminlamoqda.

Shu yilning fevralida dunyoga mashhur Samarqand noni geografik koʻrsatkich sifatida Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Endilikda Samarqand nonini YUNESKOning noyob moddiy madaniyat merosi sifatida eʼtirof etish borasida saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

Non festivalini minglab yurtdoshlarimiz qatori xorijliklar ham katta qiziqish bilan tomosha qildi. Samarqandni dunyoga tanitgan, kishi zavqini keltiradigan zalvorli Galaosiyo, Pulodi va boshqa turdagi boʻrsildoq nonlar rastalarni bezagandan bezadi. Kattaqoʻrgʻonning shirmoy nonlari, Qoʻshrabot va Nurobodning patirlari, Jomboy va Bulungʻurning jizzali, piyozli, lavlagili, bedali, oshqovoqdan yopilgan oʻziga xos nonlari, Tayloq va Urgutning chapchaki, toʻy nonlari, Pastdargʻomning chandir patirlari xorijlik sayyohlarni ham hayratga soldi.

— Festivalda 10 kilogramm undan tayyorlangan eng yirik Galaosiyo nonini koʻrishning oʻzi hayratlanarli, — deydi angliyalik sayyoh Charlz Grame. — Bu festival yiliga bir marta tashkil qilinarkan. Samarqandga safarimiz nonlar festivaliga toʻgʻri kelganidan xursand boʻldik.

Brend biror bir kompaniya, mahsulot yoki xizmatning savdo belgisi. Ammo bugun mahsulotning oʻzi, yaʼni Samarqand noni xalqimizning brendiga aylandi. Ikki kun davom etgan festival doirasida novvoylar oʻrtasida tanlov oʻtkazildi. Unda 47 nafar nonvoylar ishtirok etdi.

Ramiz Tohirov eng yosh novvoy hamda Surxondaryolik 80 yoshli Rahmat bobo Zokirov eng yoshi ulugʻ novvoy sifatida taqdirlandi. Bunda 3-oʻrinni Avesto oilaviy korxonasi rahbari Bahodir Odilov qoʻlga kiritdi. Alisher Mustafoqulov hamda Murod Pardayevlar ikkinchi oʻringa loyiq deb topildi.

Birinchi oʻrinni paxtachilik va pastdargʻomlik novvoylar egalladi. Oliy oʻrin samarqandlik novvoylar Orziqul Zohidov, Hamza Haydarovlarga nasib etdi.

“Samarqand noni — xalq brendi” festivali chinakam xalq sayliga aylandi. Folklor dastalari, sanʼat ustalari, badiiy musiqiy jamoalarning chiqishlari bayram koʻrkiga fayz ulashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?