Samarqandda Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda elektrobuslar ishlab chiqariladi
Doʻstona va tarixiy aloqalari uzoq oʻtmishga borib taqaluvchi Oʻzbekiston-Xitoy oʻrtasidagi munosabatlar koʻlami keyingi yillarda yangi bosqichda kengayib, barcha sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlik koʻzga tashlanmoqda. Bu oʻzaro hamkorlik iqtisodiyotning yirik boʻgʻini boʻlgan avtomobilsozlik sohasida ham rivojlanib boryapti.
Bugungi kunda Samarqand viloyatida 20 dan ortiq avtomobil sanoati korxonalari faoliyat koʻrsatib, mazkur korxonalarda oʻtgan 2023-yil mahalliylashtirish Dasturi asosida yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha 10 dan ortiq loyihalar amalga oshirildi.
Jomboy tumanidagi “Uz Truck & Bus Motors” MCHJ shaklidagi qoʻshma korxona ham yirik ishlab chiqarish quvvatlaridan biri sanaladi. Bugungi kunda 250 nafarga yaqin fuqarolar mehnat qilayotgan korxonada yuk koʻtarish qobiliyati 11 tonnadan 41 tonnagacha yuk tashishga moʻljallangan oʻzi agʻdaruvchi avtomobillar, shatakchi avtomobil (avtopoyezd)lar, umumiy ogʻirligi 10 tonnadan 50 tonnagacha boʻlgan avtofurgonlar, maxsus ixtisoslashtirilgan texnikalar, shuningdek, shahar va shaharlararo avtobuslar ishlab chiqarilmoqda. Korxona yildan yilga jahonning nufuzli avtomobil kompaniyalari bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga quyib, ishlab chiqarishni kengaytirishga erishmoqda. Xususan, yaqin yillardan boshlab Xitoy Xalq Respublikasining “SINOTRUK” kompaniyasi bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, hozirgi kunda korxonada “SINOTRUK” brendi ostida 10 dan ortiq modellar ishlab chiqarilyapti.
Ayni paytda avtomobil zavodida 40 ga yaqin korxonalar bilan tuzilgan sanoat kooperatsiyasi evaziga 200 turdan ortiq butlovchi qism va detallarni mahalliylashtirishga erishildi. Mahalliylashtirish darajasi baʼzi ishlab chiqarilgan modellar boʻyicha 35 foizga yetkazilgan va ushbu koʻrsatgich oshib bormoqda. Bu yoʻnalishda yangi turdagi avtomobillarni ishlab chiqarish ham yoʻlga quyilyapti. Korxona kelgusida “SINOTRUK” kompaniyasi bilan hamkorlikni yanada rivojlantirib, uni yana ham yuqori bosqichlarga olib chiqish maqsadida, yangi loyihalar ustida ish olib borayapti. Xususan, 2024-yildan boshlab bu yerda elektrobuslar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
— Qoʻshma korxonamiz bilan Xitoyning mazkur kompaniyasi oʻrtasidagi hamkorlik samaralari oʻlaroq bugungi kunda “SINOTRUK” brendi ostida eng oxirgi rusumdagi 10 dan ortiq zamonaviy modellar ishlab chiqarilyapti, — deydi “Uz Truck & Bus Motors” qoʻshma korxonasi bosh direktorning ishlab chiqarish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari Sherzod Hasanov. — Joriy yildan boshlab ekologik toza hamda xavfsiz boʻlgan elektrobuslar ishlab chiqarishni ham boshlaymiz. Ularning uzunligi 8,7 hamda 12 metrdan iborat boʻladi.
Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxona ishchilarining asosiy qismini yoshlar tashkil etadi. Ular oʻqish davomida amaliyotni aynan ushbu korxonada oʻtashib, taʼlim muassasasi bilan hamkorlik natijasida ishga qabul qilinishgan. Bu yerda ularga xitoylik mutaxassislar ish oʻrgatishdi, ayni vaqtda esa barcha yumushlarni oʻzlari mustaqil bajarishmoqda.
Korxona yiliga 3 ming dona yuk avtomobillari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Texnikalarning 90 foizi ichki, 10 foizi tashqi bozorga yetkazib beriladi. Mahsulotlar Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afgʻoniston va MDH davlatlariga eksport qilinadi.
Oʻzbekiston bugun dunyoga chiqib bormoqda. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasi bilan oʻrnatilgan munosabatlar koʻlami oʻzaro ishonch asosida tobora rivojlanib boryapti. Soʻnggi yillarda xitoylik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda mamlakatimizda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirilayotgani mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo, investitsiya va iqtisodiy munosabatlarni jadal rivojlanishiga omil boʻlmoqda. Bu esa Oʻzbekiston taraqqiyoti va xalqimiz turmush farovonligi uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qilyapti.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Oʻzbekistonda YTT va oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar QR-kodsiz faoliyat yuritsa jarimaga tortiladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring