Samarqandda xalqaro koʻrgazmalar majmuasi ochildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari samarasi koʻz oʻngimizda namoyon boʻlmoqda. Shubhasiz, yangidan barpo etilayotgan yoʻllar va koʻpriklar, foydalanishga topshirilayotgan sanoat korxonalari, qishloq xoʻjaligi sohasida erishilayotgan yutuqlarning barcha-barchasi xalqimizning turmush farovonligini oshirishga, iqtisodiyotimizni yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Samarqand viloyatining Jomboy tumanidagi “Dehqonobod” mahallasi hududida, M39 magistral yoʻlining yoqasida alohida ahamiyatga ega boʻlgan yana bir inshoot — “SOF EXPO SAMARKAND” xalqaro koʻrgazmalar majmuasi ochildi.
Davlat-xususiy sherikchiligi asosida barpo etilgan loyiha haqida qisqacha toʻxtaladigan boʻlsak, qurilishning umumiy qiymati 20 milliard soʻmni tashkil etadi. Umumiy maydoni 9,5 ming kvadrat metrni, shundan 4,5 ming kvadrat metri yopiq va 5 ming kvadrat metr ochiq maydondan iborat majmua 50 kishilik konferens-zal, 3 ta muzokaralar xonasi, 3 yulduzli mehmonxona, xostel, 3 ta kafe va restoranlarni qamrab olgan hamda koʻrgazmalar, forumlar, festivallar va boshqa ommaviy tadbirlarni oʻtkazishga moʻljallangan.
Xalqaro koʻrgazmalar markazining ochilishi bayramona tus oldi. Tadbirda soʻzga chiqqanlar majmuaning bugungi kundagi ahamiyati va mohiyatiga alohida toʻxtalib, kelgusida bu markaz xorijiy hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun oʻziga xos kelishuv maydoniga aylanishini bildirdilar.
Majmuaning ochilishi doirasida «Qishloq xoʻjaligi texnikalari va texnologiyalari — Agropro 2022» koʻrgazmasi ish boshladi. Ochiq va yopiq pavilyonlardan qishloq xoʻjaligi texnikalari, agregatlari va qoʻshimcha qismlari, intensiv sugʻorish tizimi va issiqxonalar uchun foydalaniladigan qurilma va materiallar, mineral oʻgʻitlar, vitaminlar, mevali va manzarali daraxtlar hamda uzum koʻchatlari, veterinariya preparatlari, baliqchilik, quyonchilik, parrandachilik va asalarichilik bilan shugʻullanib kelayotgan fermer xoʻjaliklari mahsulotlari joy oldi.
— Mazkur koʻrgazma biz kabi mahalliy ishlab chiqaruvchilar va mahsulot yetishtiruvchilar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, — deydi «Omad star» MCHJ rahbari Asror Dehqonboyev.
— Biz shu yerning oʻzida mahsulotlar xaridi boʻyicha kelishuvlarga erishib, ikki tomonlama shartnomalarni ham imzolamoqdamiz.
“SOF EXPO SAMARKAND” markazi rahbari Ahmad Tojiboyevning aytishicha, kelgusida bu yerni nafaqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar, balki xorijiy tadbirkorlar ham ishtirok etadigan xalqaro savdo maydoniga aylantirish koʻzda tutilgan. Buning uchun majmuada yana qoʻshimcha binolar qurish, qulayliklar yaratish ishlari davom ettirilmoqda.
«Qishloq xoʻjaligi texnikalari va texnologiyalari — Agropro 2022» koʻrgazmasi ertaga, 4-mart kuni yakunlanadi.
Abdulaziz Yoʻldoshev
“Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring