Samarqandda haydovchisi uxlab qolgan “Cobalt” avtobusga urildi

12:26 02 Noyabr 2025 Jamiyat
389 0

Foto: Samarqand YHXB

Samarqand shahrida “Cobalt” va yoʻlovchi avtobusi ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi. Bu haqda viloyat Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, voqea bugun, 2-noyabr kuni soat 06:10 larda Samarqand shahri Afrosiyob mahallasi hududidan oʻtgan Shohizinda koʻchasida sodir boʻlgan.

“Cobalt” rusumli avtomobil haydovchisi Shohizinda koʻchasi boʻylab harakatlanib kelayotgan vaqtida uxlab qolib, rul boshqaruvini yoʻqotgan. Oqibatda yoʻlning chap tomonidagi temir toʻsiqni buzib oʻtib, yoʻlning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib, oʻz yoʻlida harakatlanib kelayotgan “Asiastar” rusumli avtobus bilan toʻqnashgan.

Hodisa tufayli yengil avtomobil haydovchisi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan, avtobus ichida yoʻlovchilar boʻlmagan. Transport vositalariga shikast yetgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Samarqand shahri boʻyicha IIO FMB TB tomonidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?