Samarqand — millionlab sayyohlarni jalb etayotgan turizm markazi
2025-yilning oʻtgan 11 oyi davomida Samarqand viloyatiga 3 million nafardan ziyod xorijiy va 5,5 million nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Natijada sayyohlarning oʻrtacha qolish muddati 2,5 kundan 3 kunga yetkazilib, turizm xizmatlari eksporti hajmi 606 million dollarga yetdi.
Oʻtgan yil mobaynida viloyatda 3 789 oʻrinli 228 ta mehmonxona, xostel va oilaviy mehmon uylari tashkil etildi. Shuningdek, Samarqandning turistik brendi va dizayn kodi ishlab chiqilib, 50 dan ortiq madaniy-koʻngilochar tadbirlar hamda festivallar oʻtkazildi. Turizm salohiyati yuqori boʻlgan Urgut tumanidagi Tersak va Omonqoʻton, Nurobod tumanidagi Oqsoy mahallalariga “turizm qishlogʻi” maqomi berildi.
Viloyatning boy turistik salohiyatini xalqaro maydonda keng targʻib etish maqsadida turizm sohasi vakillari tomonidan dunyoning oʻndan ziyod davlatlarida targʻibot tadbirlari tashkil etildi. Shuningdek, 20 ga yaqin mamlakatning nufuzli ommaviy axborot vositalari vakillari hamda yirik turizm kompaniyalari xodimlari uchun Samarqand viloyati boʻylab info-turlar uyushtirildi. Natijada 600 milliondan ziyod auditoriya qamrab olindi.

Yurtimizda Yangi yil bayrami munosabati bilan belgilangan besh kunlik dam olish kunlari ham aholi uchun mazmunli hordiq chiqarish, mamlakat boʻylab sayohat va ziyorat qilishga qulay imkoniyat yaratdi. Ayniqsa, Samarqand shahridagi tarixiy obidalar mahalliy va xorijiy sayyohlar bilan har qachongidan ham gavjum boʻldi. Turli viloyatlardan kelgan mehmonlar oilaviy tarzda sayohat va ziyorat qilishmoqda.
— Yoshim 76 da, — deydi Qashqadaryo viloyatidan kelgan sayyoh Alisher Rabbanayev. — Keyingi yillarda bayramlar arafasida berilgan dam olish kunlarida farzandlarim meni doim sayohatga olib chiqishmoqda. Bu yil ham Yangi yil munosabati bilan berilgan besh kunlik taʼtildan unumli foydalanib, farzandlarim va nevaralarim bilan Samarqandga keldik. Bunday sayohatlar nafaqat oila aʼzolari oʻrtasidagi mehr-oqibatni mustahkamlaydi, balki ishlaydigan yoshlar uchun ham ruhiy dam olish, yangi kuch va ilhom manbai boʻladi.
Viloyatda turizm sohasini yanada rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan master-rejaga muvofiq, kelgusi yil Urgut tumanidagi Omonqoʻton va Qoratepa mahallalarida 80 gektar maydonda yirik turizm loyihalari amalga oshiriladi. Xususan, Qoratepa suv ombori va togʻ yonbagʻirlarida kempinglar hamda kapsula shaklidagi “Eco village” shaharchalari, Omonqoʻton mahallasida xizmat koʻrsatish nuqtalari, “Omonqoʻton” milliy qoʻriqxonasining rekreatsion zonasida sayyohlar uchun kuzatuv maydonlari va yoʻlaklar tashkil etiladi.

Shuningdek, Chorchinor mahallasini turizm qishlogʻiga aylantirish rejalashtirilgan boʻlib, 25 million dollar investitsiya mablagʻlari hisobidan zamonaviy ovqatlanish maskanlari, kanat yoʻli, ekouylar, oʻtovlar, mehmonxona, servis va savdo obyektlari barpo etiladi. Natijada 300 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
— Viloyatda tungi vaqtda 24/7 rejimida faoliyat yuritadigan turizm koʻchalari tashkil etilib, beshta mahallaga turizm qishlogʻi maqomi beriladi, — deydi viloyat turizm boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Joʻrabek Suyunov. — Shu bilan birga Urgut, Nurobod, Samarqand tumanlari hamda Kattaqoʻrgʻon suv ombori hududlarini qamrab olgan yagona turizm zonasi direksiyasi tashkil etiladi. Dargʻom kanali sohilidagi Urgut, Toyloq, Samarqand va Pastdargʻom tumanlarida tadbirkorlar tomonidan rekreatsion maskanlar barpo etiladi.
Bundan tashqari, Bulungʻur tumanida 25 gektar maydonda dam olish maskanlarini tashkil etish uchun boʻsh turgan yer maydonlari auksionga chiqarilmoqda. Ushbu hududda ekoturizm, rekreatsion, gastronomik, madaniy-koʻngilochar xizmatlar, restoranlar, tematik parklar hamda “eko qishloq” loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring